Jamiyat | 20:00 / 03.11.2021
38988
10 daqiqa o‘qiladi

Stesting – maktabdagi bilimni hayotiy misollar bilan o‘rgatuvchi ta'lim platformasi

O‘zbekistonda o‘quvchilarni xalqaro baholash dasturlariga tayyorlash maqsadida yangi loyiha yo‘lga qo‘yilmoqda. Loyihaning jozibadorligi va sermahsulligini oshirish maqsadida hattoki darsliklarda ham topilmaydigan ma'lumotlar bazasi shakllantirildi. Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyev yangi loyiha haqida ma'lumot berdi.

Stesting – 3tasini bittada jamlagan loyiha

Stesting loyihasi – ta'lim platformasi deb tushunish mumkin. Xalq ta'limi vazirligi tashabbusi bilan institutimiz hamkorligida tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda bepul platforma ishlab chiqildi.

Platforma o‘z ichiga PISA, PIRLS, TIMSS kabi xalqaro tadqiqotlarda qo‘llanadigan savollarning o‘zbek va rus tillaridagi tarjimalarini olgan. Bunda faqat testlar yoki savollar emas, qiziqarli videolar ham joylashtirilgan bo‘lib, dastur o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ota-onalar uchun ham mo‘ljallangan. Platformaga 100 dan ortiq videolarni tayyorlab joylashtirganmiz. Bu videolarda o‘quvchilarga turli vaziyatlarda o‘zlarini qanday tutishlari, yechimni to‘g‘ri topishlari uchun yordam berish ko‘zda tutilgan. Har bir video uchun alohida ma'lumotlar to‘plangan va o‘quvchiga qiziqarli tarzda yetkazib berilgan.

Shuningdek, platforma yaqinda bizning o‘quvchilarimiz ishtirok etadigan xalqaro tadqiqotlar uchun tayyorgarlik jarayoni bo‘lib xizmat qiladi.

Bolalar xalqaro tadqiqotlarda raqobat muhitini his qilsin

Ma'lumki, 2030 yilga qadar Xalq ta'limini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Mazkur hujjatning birinchi bandida PISA xalqaro tadqiqotida O‘zbekistonning ishtirokini ta'minlash va 2030 yilga borib kuchli 30 talikka kirishga erishish maqsadli yo‘nalishda belgilab berilgan. Ya'ni bizning oldimizga strategik vazifa qo‘yilgan. PISA tadqiqotida dunyoning 90 ga yaqin davlatlari ishtirok etadi. Kuchli raqobat muhiti bo‘ladi.

Ilk marta mamlakatimiz bunday tadqiqotda qatnashadi. Shu sababdan biz uchun ham, bolalarimiz uchun ham bu yangilik hisoblanadi. Bolalarimiz bunday uslubda o‘qitilmaganligi sababli bu kabi savollarga, o‘qitish uslubiga duch kelishmagan. Shuning uchun ham ularni tayyorlamasak, ko‘mak bermasak, o‘sha tadqiqot jarayonida o‘quvchilarimiz ruhan tushkunlikka, ikkilanishlarga tushishi mumkin. Ularni bunga tayyorlash uchun aynan shu Stesting loyihasidan foydalanyapmiz.

Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyev

2022 yilning aprel oyida bo‘lib o‘tadigan xalqaro tadqiqotda ishtirok etadigan bolalarimiz bu loyihadan foydalanib hech bo‘lmaganda vizual ko‘rinishda bo‘lsa-da tayyorgarlik ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Hozir ular qanchalik ko‘p tanishib borsa platforma bilan haqiqiy tadqiqotlar boshlanganda o‘zlarini yo‘qotib qo‘ymasliklari uchun zamin yaratiladi. Bu esa ijobiy natijaga biroz bo‘lsa ham foydali bo‘ladi deb o‘ylayman.

Bunday xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish masalasi 2018 yilda boshlangan bo‘lsa, o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun o‘zbek tilida yaratilgan qo‘llanmalar, ma'lumotlar deyarli yo‘q edi. O‘tgan 3 yil ichida Xalq ta'limi vazirligi, Ta'lim inspeksiyasi, Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti hamkorlikda bu tadqiqotlar uchun materiallar, qo‘llanmalar ishlab chiqib ustozlarga tarqatishni yo‘lga qo‘ydik. Platformada barchaga qulay bo‘lishi uchun tadqiqotlar yo‘nalishida alohida bo‘lim kiritildi. Unda o‘zimizning mutaxassislarimiz tomonidan xalqaro tadqiqotlarga bag‘ishlangan metodik qo‘llanmalar, mashq daftarlari kabi ma'lumotlar, rus va ingliz tillaridagi xalqaro tadqiqotlar ham kiritilgan. Dasturga kirgan foydalanuvchi uchun kerakli bo‘lgan hamma bilimlar, ma'lumotlar joylab boriladi.

Murakkablik darajasidagi o‘ziga xoslik

Stesting’da joylangan savollarning murakkablik darajasini Milliy ta'lim tizimi bilan solishtirganda ikki xil yondashish kerak bo‘ladi. Murakkablik darajasi haqida gapirsak, avvalo, xalqaro baholash dasturlari darajasida va milliy o‘quv dasturlari bilan solishtirganda ko‘rinadigan murakkablik darajasi mavjud.

Birinchisi haqida gapirsak, Stesting dasturiga kiritilgan savollarni olish mumkin. Biz bu savollarni o‘zimizcha yaratmadik. Ushbu xalqaro tadqiqotlar - PISA, PIRLS, TIMSS dasturlarida avvalgi yillarda e'lon qilingan va hozirda ochiq tarzda bepul foydalanish mumkin bo‘lgan savollaridan foydalandik. Bu savollarni mutaxassislarimiz bilan birgalikda 2 ta tilga tarjima qildik va joylashtirdik. Shu savollarning o‘zida murakkablik darajasi 3 turga bo‘linadi.

Chunki PIRLS tadqiqoti natijasida boshlang‘ich sinf o‘quvchisining bilimini, o‘qigan matnini qay darajada tushunishi, shundan kelib chiqib fikrlay olishi tahlil qilinadi. Matnning murakkablik darajasi esa rivojlangan, rivojlanayotgan yoki savodxonligi past bo‘lgan mamlakatlar uchun turlicha yondashiladi.

PISA tadqiqoti esa 15 yoshli o‘quvchilardagi bilim sifatini aniqlab beradi. Bizda bu asosan 9-sinf o‘quvchilari. Ular maktab davrida olgan bilimini hayotida qanchalik qo‘llay olishi o‘rganiladi. Bu tadqiqotda ham xuddi shunday ajratiladi.

Bu dasturlarning murakkablik darajasi bilan milliy ta'lim dasturimizdagi murakkablikni solishtirib bo‘lmaydi. Chunki solishtirish uchun ularda o‘xshash maqsadlar bo‘lishi lozim.

Shuning uchun Xalq ta'limi vazirligi tomonidan milliy o‘quv dasturining yangi avlod varianti ishlab chiqilmoqda. Milliy dasturimiz ham to‘liq shu variant asosida yaratilgandan keyingina solishtirish imkoniyatimiz bo‘ladi.

Loyihadagi savollar sodda va reallikka asoslangan

Bu tadqiqotlardagi savollar umuman yangi narsa kashf etishni talab qilmaydi. Kunlik hayotimizda qo‘llanadigan, real voqealardan kelib chiqqan holda maktabda olgan bilimni hayotda qo‘llashni taqozo qiladi xolos. Misol uchun hisoblashni biz formula ko‘rinishida yodlashni o‘rganganmiz, lekin hayotda qayerda va qanday ishlatishni bilmaymiz. Bu tadqiqotlardagi va bizning platformamizdagi savollarda esa shuni hayotda qo‘llash o‘rgatiladi.

PISA tadqiqotining maqsadi barcha fanlar bog‘liqligini saqlagan holda uni hayotga tatbiq etishdan iborat. Formulalarni shunchaki yodlash emas, ularni hayotda qo‘llay olish ham o‘rgatiladi. Bunga moslashish uchun yangi milliy o‘quv dasturimizni ham shunga moslab o‘zgartirish ustida ishlanyapti. Bu loyiha ustida tinimsiz izlanishlar, o‘rganishlar olib borayotgan jamoa yangidan yangi ma'lumotlarni to‘plashyapti. Masalan, shu vaqtga qadar dunyo okeanlarida suzgan o‘zbek kemalari haqida umuman xabarimiz bo‘lmagan. Bu kemalarning “Alisher Navoiy”, “Buxoro” deya nomlanishining o‘zi katta yangilik.

Endi o‘qituvchidan formulalar asosida misollar yechilishini o‘rgatishdan tashqari ularni hayotiy masalalar bilan bog‘lagan holda dars o‘tishni talab qiladigan dastur yaratilyapti.

Stesting loyihasi ana shuni o‘rgatadigan dastur hisoblanadi. Undagi videoroliklar ustozlarimiz uchun metodik yordam beradi. Platforma nafaqat trenajyor sifatida, balki baholab tashxis qo‘yish imkoniyatini ham beradi. Bolalarning savollarga berayotgan javoblari asosida darsliklarni yaratishda nimalarga e'tibor berish kerakligini belgilab beradi. Buning uchun alohida baholovchi jamoa tashkil etilgan.

Yaqin kunlarda bu loyiha barcha uchun bepul foydalanishga taqdim etiladi. Hozirda bu platformani vazirlik qoshidagi ARP tizimi bilan bog‘lash jarayoni ketyapti. Chunki dasturda kiritiladigan ma'lumotlar uchun foydalanuvchilarga qulay va to‘liq bo‘lishi uchun bu katta yordam beradi.

Bu dasturlarni amalga oshirishda o‘qituvchi va o‘quvchilardan tashqari ota-onalardan ham biroz e'tibor talab qilinadi. Chunki bu yangilik bo‘lgani uchun farzandlari bilan o‘tirib birgalikda savollarga javob qidirishda yordam berishsa. Chunki psixologik nuqtayi nazardan qaralganda bola ota-onasining yonida bo‘lganda o‘zini ko‘proq xotirjam his qilishi va ma'lumotlarni qabul qilishga moyilligi oshishi aniqlangan. Ota-onalar ham bo‘sh vaqtlarida platformaga kirib qiziqarli topshiriqlarni farzandlari bilan yechib ko‘rishsa foydadan xoli bo‘lmaydi. Bolalari uchun platformadan foydalanishga sharoit yaratish yoki targ‘ib qilish bilan ham bizga katta yordam berishadi. Bolalarimizning asosiy vaqti uyda ota-onalari bilan o‘tgani uchun ular tomonidan ham bu platformamiz targ‘ib qilinsa hammamizga foydali bo‘ladi.

Stesting - bu hali boshlanishi. Mazmun bilan bog‘liq bo‘lgani uchun doimiy tarzda platformada izlanish, yangiliklar kiritish kerak bo‘ladi. Loyihamizning keyingi bosqichlarini ham yaratishni rejalashtirganmiz.

Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid