Jamiyat | 11:52 / 04.11.2021
15750
3 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarni bloklashga sabab bo‘layotgan qonun talabini bekor qilish so‘ralgan jamoaviy murojaat yo‘llandi

Mening fikrim jamoaviy murojaatlar portaliga «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27-1-moddasini bekor qilishni so‘rab jamoaviy murojaat joylandi.

«2021 yil 15 apreldan kuchga kirgan «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunining 27-1-moddasini (O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berishning alohida shartlari) keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinmasdan qabul qilingani, uning iqtisodiy va siyosiy oqibatlari hisoblab chiqilmagani hamda so‘nggi kunlarda jamoatchilikning qattiq noroziligiga sabab bo‘lgani tufayli bekor qilishingizni so‘raymiz.

Bundan tashqari, 27-1-modda asosida O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi prezident Shavkat Mirziyoyevning internet yopilmasligi haqida aytgan gaplariga zid. Bu holat O‘zbekistonning internet va so‘z erkinligiga doir xalqaro maydondagi obro‘sini ham tushirib kelmoqda.

Qolaversa, Tvitter va Tik-Tok tarmoqlari bloklangan o‘tgan davrda bildikki, xorijdagi bu tarmoqlar egalari bo‘lgan kompaniyalar o‘zlarining serverlarini O‘zbekistonga olib kelib o‘rnatish haqida o‘ylab ham ko‘rganlari yo‘q. O‘zbekiston aholisining internetdagi faol qatlami esa bu cheklovlardan VPN orqali allaqachon aylanib o‘tib ulgurishgan», deyiladi murojaatda.

Murojaat 4 noyabr kuni portal tomonidan ekspertiza uchun qabul qilingan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, murojaat matni yuborilgach, Mening fikrim veb-portali moderatori (Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti) murojaatni kamida 5 nafar shaxs qo‘llab-quvvatlashi uchun murojaat tashabbuskoriga maxsus havolani jo‘natadi. Murojaat zarur miqdordagi shaxslar tomonidan qo‘llab-quvvatlangach, moderator tomonidan 15 kunlik ekspertizaga qabul qilinadi.

Ishchi komissiya moderatorning ekspertizasidan keyin murojaatni Mening fikrim veb-portaliga joylashtirish to‘g‘risida yoki joylashtirishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.

Ishchi komissiyaning ijobiy qarori olingan taqdirda, murojaat moderator tomonidan Mening fikrim veb-portaliga umumiy ovoz berish uchun joylashtiriladi.

Moderatorning ijobiy xulosasi olinmagunga qadar murojaatga ovoz berib bo‘lmaydi.

Ma'lumot uchun, «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27-1-moddasi bilan, ijtimoiy tarmoqlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlarini jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarda saqlanishini ta'minlashi shart etib belgilangan.

Ushbu qonun talablari ko‘plab xalqaro kompaniyalar tomonidan bajarilmaganligi ortidan O‘zbekistonda bir qator ijtimoiy tarmoqlar bloklanmoqda va bu internet foydalanuvchilarining keskin e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Mavzuga oid