Sport | 21:27 / 04.11.2021
10673
12 daqiqa o‘qiladi

«Mussolini» Londonda: murvatlar qattiq tortilib, sovrinlar kelishi boshlanadimi?

Londonning «Tottenhem» klubi nihoyat «agent-murabbiy» Nunu Eshpiritu Santuni iste'foga chiqardi. Klubdagi dastlabki uch o‘yinida minimal g‘alabaga erishib, hatto APLda oy murabbiyi bo‘lgan Santu oxir-oqibat top darajaga ko‘tarilishni istayotgan «Tottenhem»ga mos kelmasligi ko‘rinib qoldi. «Vulverhempton»da agent do‘sti Jorjye Mendesh bilan futbolchi olib-sotishni do‘ndirgan Santu dunyoning eng zo‘r ligasida murabbiy sifatida bir bosh baland sakray olmadi.

Foto: Tottenhem FK

Santu iste'foga chiqarilgach, ko‘pchilik bir familiyani takrorlay boshladi: Konte. Chunki «shporlar» boshlig‘i Daniel Levi biror top murabbiy bilan kelishib qo‘ygan bo‘lmasa, portugaliyalik murabbiyni «otning kallasidek» katta tovon puli to‘lab bo‘shatmagan bo‘lardi. Shunday bo‘lib chiqdi ham – Antoni Konte «Tottenhem» bosh murabbiyi bo‘ldi. Xo‘sh, u qiyin holatdagi «Tottenhem»ni yangi bosqichga olib chiqa oladimi?

Kutilmagan tayinlov

To‘g‘risi, Kontening «Tottenhem»ga kelishi kutilmagan holat bo‘ldi. Axir oxirgi yillarda dunyo futbolidagi eng kuchli murabbiylardan biri bo‘lgan ushbu mutaxassisning kattaroq jamoaga borishi kutilgandi. Masalan, «MYu»ga. Ammo Sulsher Konte keladi degan gap-so‘zlar ko‘paygan bir vaqtda «hammaning ustidan kulib» xuddi Kontening taktikasi bilan keyinchalik uning bo‘lajak jamoasiga aylangan «Tottenhem»ni yanchib tashladi-da, «propiskasini cho‘zdirdi». Konte esa «MYu»ning taklifini shundog‘am juda uzoq kutib yubordi. Ortiq ishsiz o‘tirgisi kelmagan murabbiy «Tottenhem» taklifini qabul qildi. Darvoqe, «Tottenhem»ni yengib, Santu iste'foga chiqarilishini ta'minlagan Sulsher evaziga Konte boshqaruvidagi yaxshigina boshog‘riq raqib orttirib oldi.

Santu hech narsani eplay olmadi, hamma ketish payiga tushib qoldi

Nunu Eshpiritu Santu «Tottenhem»ga kelgach, jamoada kutilgan o‘zgarishlar bo‘lishini janob Levi taxmin qilgandir, lekin futbol ko‘rib yurgan odamlar Pochettino davrida boshlangan va hatto uning o‘zi davom ettirishga qiynalgan murakkab evolyutsiya Santu bilan muvaffaqiyatli kechishiga ishonmagandi. «Sauthempton»dan kelgan Pochettinoning oldiga uzoq muddatli vazifa qo‘yilgandi. U avvalgi ish joyida qilgani kabi yaxshi jamoa shakllantirishi, bor futbolchilardan maksimum natija chiqarishi lozim edi, Pochettino buni uddaladi ham.

Argentinalik murabbiy davrida klubda hammasi shunchalik to‘g‘ri qilina boshladiki, yangi kelgan futbolchilar ham jamoaga zo‘r kirishib ketib, qarabsizki «Tottenhem» YeChL finalida o‘ynaydigan, APLda esa chempionlik uchun kurashadigan jamoaga aylandi. Shimoliy londonliklarda binoyiday xarakter ham ko‘rinib qoldi. Qo‘shimchasiga tarkibda dunyoning eng zo‘r hujumchilaridan bo‘lgan Harri Keyn bor edi. Jamoa tuzish va uni yangi bosqichga olib chiqish kabi oldiga qo‘yilgan missiyaning birinchi qismini Pochettino juda yaxshi epladi. Ammo keyingi bosqich yanada qiyinroq edi – sovrin yutish, agar o‘xshamasa, futbolchilarga yana motivatsiya berish. Ammo «Tottenhem» futbolchilari sovrinsiz mavsumlardan zerika boshlashdi.

Oxir-oqibat Pochettinoning o‘zi ham sovrinsizlikdan qiynalib, jilovni bo‘shatib yubordi. Jamoada parokandalik boshlandi, murabbiy ketdi. Shunchalik yomon holatda ketdiki, o‘zi yoshligida to‘p surgan jamoasi «PSJ»ga borib, Fransiya chempionatini yuta olmadi. Bu taxminan «Paxtakor» bilan O‘zbekiston chempioni bo‘la olmaslik degani edi. Xullas, mana shunday murakkab holatdagi «Tottenhem»ga agent do‘sti bilan «Vulverhempton»ni shourumga aylantirgan murabbiy olib kelindi.

Futbolchilar sobiq darvozabon bo‘lmish murabbiydan boshida nimadir kutdi, ammo keyinchalik yetakchilar ketish payiga tushib qoldi. Hatto Keyn – Son juftligi ham bir-birini tushuna olmay qoldi. Keyn ketishi tobora aniqlashdi, bu esa parokandalikning kattasi boshlanmoqda degani edi. Nihoyat noyabr oyiga kelibgina jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganini tushungan Levi 15 million funtdan ko‘proq tovon pulining bahridan o‘tib, Santuni iste'foga chiqardi. Endi yiliga yana shuncha maosh to‘lab Konteni ishlatadi. Ammo yaxshi tomoni bor – «Tottenhem»ga misli ko‘rilmagan umid kirib keldi Konte bilan birga.

Murvatlar qattiq buraladi

Antonio Kontening oxirgi ish joyi Milanning «Inter» klubi bo‘lgandi. Uning qo‘l ostida jamoa 11 yil o‘tib Italiya chempioni bo‘ldi. Ammo mavsum yakunida hatto asosiy to‘purari Romelu Lukakuni saqlab qola olmagan jamoa rahbarlari Konte bilan kelishmay qolishdi. Top darajadagi murabbiy «MYu»ning zaxira futbolchilari bilan butun boshli Italiya chempionatini yutgach, tabiiyki yangi mavsumda yangicha maqsadlar xohlagandi. Ammo klub rahbarlari futbolchi sotishni boshlab yuborgach, Konte «to‘rvasini yig‘ishtirib» ketdi.

Bir so‘z bilan aytganda, Konte hali ishni unutadigan darajada ko‘p dam olgani yo‘q. U shartnoma imzolagan kuniyoq mashg‘ulotlarga kirishib ketdi. Katta ehtimol bilan Kontega bemalol ishlash imkoni beriladi. U esa ishni tartib o‘rnatishdan boshlaydi. Ya'ni, o‘z odatiga ko‘ra murvatlarni qattiq burab oladi. Uning asosiy ustunligi ham aynan tartib. «Yuventus»ning bugun yakuniga yetayotgandek ko‘rinayotgan gegemonlik davri aynan Kontening hayratlanarli tartibga asoslangan jamoasidan boshlangan edi.

«Tottenhem» uchun esa tartib maqtanadigan jihat emas. Pochettino davrida jamoa asosan ruhiy ko‘tarinkilik, ehtiros va o‘ta yuqori tezlik evaziga natijaga erishdi. Ya'ni jamoa ko‘p gol o‘tkazib yuboraversa ham yanada ko‘p gol urish evaziga natija qilardi, himoyaga jiddiy e'tibor qaratishni o‘ylamasdi. Konte esa bunaqa beboshlarcha natijaga rozi bo‘lmaydi. Chunki Pochettinoning jamoasi biror o‘yinni 4:2 ga yutishi ham, 0:4 ga yutqazishi ham mumkin edi. Konte esa bunday risk ustiga jamoa qurmaydi. Uning jamoasi kerak bo‘lsa butun mavsum davomida faqat 1:0 hisobida yurishi mumkin.

Bu, albatta, minimum dastur. Konte ham jamoaning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holatda o‘yin qiladi. Sizda Keyn, Son, Ndombele, Moura kabi hujum vakillari bo‘lganda himoyaviy o‘yinda ham 3-4talab gol urib yuborishingiz mumkin. Biroq har qanaqasiga tartib birinchi o‘rinda qolaveradi, aqldan ozib oldingi yugurish kamayadi. Katta ehtimol bilan «Ayaks» mag‘lub etilgandagi kabi fantastik o‘yinlar ham bo‘lmaydi. Bunday darajadagi o‘yinlar bo‘lsa, shunchaki 70-daqiqagacha bitta, undan keyin bitta gol urib olish taktikasi tanlanadi, tamom. Ha, Kontening jamoasiga ehtirosga maksimal darajada kam imkon beriladi, hissiyot natijani kafolatlamasligi unutilmaydi.

Futbolchilarda kayfiyat o‘zgaradi

E'tibor bergan bo‘lsangiz, «Tottenhem»ning aksar futbolchilari Santu ketganidan keyin o‘z sahifasida u bilan xayrlashib post ham qo‘ygani yo‘q. Chunki ular portugaliyalik murabbiy vaqtida jamoada nimalar bo‘lganini tushunmay ham qolishdi. Kontening kelishi esa ularning kayfiyatini o‘zgartirgani tabiiy. Masalan, ingliz nashrlari Konte kelganidan keyin Harri Keyn jamoadan ketish fikrini o‘zgartirgani haqida yozishdi. Keyn esa «Tottenhem»ning yarmi degani. Keyn Angliyadagi birinchi urinishida chempion bo‘lgan murabbiy bilan nimalargadir erishish mumkinligini his qilib, qarorini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin.

Tasavvur qiling, zo‘r o‘yiningizdan so‘ng agent sherigi bilan sizni qaysi jamoaga sotish mumkinligini muhokama qiladigan murabbiy o‘rniga oxirgi 7 mavsumning 6tasida kamida 80 ochko to‘plagan, Tumanli albiondagi birinchi mavsumidayoq APLni «o‘z tomorqasiga aylantirgan», «Yuventus»ni Italiyaning xo‘jayiniga aylantirib, 11 yil o‘tib boshqa jamoa bilan xuddi shu «Yuventus»ning gegemonligini tugatgan top murabbiy keldi. Sizda kayfiyat qanday o‘zgargan bo‘lardi? «Tottenhem»dagilarda ham hozir shunday kayfiyat.

Konte tez natija ko‘rsatib, qochadimi?

Antonio Konte haqida ko‘pchilik juda tez natija ko‘rsatadigan murabbiy deb gapirishadi. Qizig‘i, natija ko‘rsatishdagi tezkorlik murabbiyning ustunligi emas, kamchiligi sifatida e'tirof etiladi. Axir futbolda sadoqat, vafo tushunchalari hamma yerda amalda bo‘lishi kerak deb o‘ylaydi-da muxlislar. Ammo bu chinakam sport va uning asosiy maqsadi – natija. Asosiysi g‘alaba emas, ishtirok deyish esa mag‘lublar ovunchog‘i, tan olaylik.

Konte sportning asosi bo‘lmish g‘alabalar qanday kelishini biladigan muzaffar murabbiy. Uning tez natija ko‘rsatishi – ustunlik, mukammal ustunlik. U qaysidir jamoadan tez ketgan bo‘lsa, bu o‘sha jamoaning muammosi. Masalan, «Chelsi». Bu jamoa o‘ziga yoqmagan har qanday murabbiyni xohlagan vaqtda ketkazib yuboraverishi mumkin. «Inter»dan esa Konteni tez ketdi deb bo‘lmaydi. Klub va'dasini bajarib jamoani chempion qilgan murabbiyga aytgan sharoitini qilib berish o‘rniga asosiy hujumchini sotib yubordi.

Ha, Konteni tezda ketib qoladi deyish oson, lekin u ketgan jamoalarga qarasangiz, hamma yerda natija qilib ketgan. «Tottenhem»da murabbiy uzoq vaqt qolmaydi deb ham hech kim aytolmaydi. Har qanday murabbiyda ham o‘zi yoqtirib ishlaydigan joyi bo‘ladi. Balki bu joy Konteda «Tottenhem» bo‘lar.

Sovrinlar keladimi?

To‘g‘risini aytish kerak, hozirgi «Tottenhem» sovrin yutadigan holatda emas. Oxirgi marta 2008 yil Xuande Ramos bilan liga kubogini yutgan klub naq 5000 kundan beri hech narsa yutgani yo‘q. Mavsumoldi mashg‘ulotlarda ham qatnashmagan, hozir mag‘lubiyatdan boshi chiqmay qolgan jamoani qabul qilgan Kontedan natija talab qilish adolatdan emas. Shunday ekan, bu mavsumda «Tottenhem»dan sovrin kutish qiyin masala. Ammo Konte sovrinsiz turolmaydigan murabbiy, balki birinchi mavsumida Angliyadagi kuboklardan birortasini yutib, «Tottenhem»ning sovrinsiz jovoni haqidagi hazillarga chek qo‘yar?

P.S. Italiya tarixida qattiqqo‘lligi bilan yodda qolgan diktator Benito Mussolini muxlislari Konteni unga o‘xshatganimiz uchun xafa bo‘lmas. Antonio keskin gaplari bilan tarixda yomonotliq bo‘lgan vatandoshining aynan qattiqqo‘lligini eslatadi.

O‘tkir Jalolxonov

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid