O‘zbekiston | 12:05 / 04.11.2021
3576
2 daqiqa o‘qiladi

Oltiariq tumanidagi mahalla quturish kasalligi bo‘yicha nosog‘lom punkt deb e'lon qilindi

«Azimboy» MFY hududini quturish kasalligi bo‘yicha nosog‘lom punkt deb e'lon qilish va cheklov qilish to‘g‘risida tuman hokimining qarori 3 noyabr kuni e'lon qilingan.

Noma'lum hayvon qoramolga mana shu yerda hujum qilgan. Foto: Kun.uz

Tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Iqboljon Usmonovning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, «Azimobod» MFY hududida istiqomat qiluvchi fuqaro A.Hamroaliyevga tegishli bo‘lgan 3 bosh qoramoldan bittasida quturish kasalligi belgisi namoyon bo‘lganidan keyin fuqaro bo‘limga murojaat qilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, fuqaroning qoramollari mahallaning chekka hududida eski qabriston orqasida qoldirib ketilgan. Cho‘l hududi bo‘lgani sabab, hozirgacha turi aniqlanmagan noma'lum hayvon tishlashi natijasida 3 bosh qoramoldan birida quturish kasalligi aniqlangan.

Tuman hokimining qarori qabul qilinishiga tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limining tuman hokimi nomiga yozgan murojaati, Farg‘ona viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazining 28 sentyabrdagi 2850-sonli mahalla hududida bir bosh qoramolda quturish kasalligini qo‘zg‘atuvchi (Babbesh-Negri tanachalari) aniqlanganligi haqidagi ekspertiza xulosasi hamda O‘zbekiston Respublikasi «Veterinariya to‘g‘risida»gi qonunining 6- va 8-moddalari asos bo‘lgan.

Bo‘lim boshlig‘ining qo‘shimcha qilishicha, kasallik aniqlanganidan keyin hududdagi barcha jonzotlar ko‘rikdan o‘tkazilgan. Boshqa hayvonlarda kasallik aniqlanmagan.

Veterinariya qonunchiligiga ko‘ra, ayni paytda hududda cheklov o‘rnatilgan. Quturish kasalligiga moyil bo‘lgan chorva hayvonlari va itlar klinik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Daydi yoki yovvoyi itlarni ovlash masalasiga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.

Mavzuga oid