Vitse-prezident, direktor, murabbiy, bosh hakam, choyxona ish yurituvchisi, qimorboz. 10 yil avval OFK kubogini yutgan «Nasaf»chilar hozir qayerda?
Qarshining «Nasaf» jamoasi 5 noyabr kuni o‘zbek futbolining xalqaro maydonda so‘nggi yillardagi eng katta muvaffaqiyatini qayd etishi mumkin. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari shu kuni OFK kubogi finalida Bahraynda «Al-Muharraq» jamoasiga qarshi saf tortadi. E'tiborlisi, o‘zbek klublarining Osiyodagi eng muvaffaqiyatli yurishi hali-hamon aynan «Nasaf»ga tegishlidir. Vohaliklar roppa-rosa 10 yil avval – 2011 yilning kuzida OFK kubogi finalida Anatoliy Demyanenko murabbiyligida «Kuvayt SK» jamoasini mag‘lub (2:1) etib, xalqaro maydondagi ilk sovringa ega chiqishgandi. Tribuna.uz final oldi 10 yil avvalgi finalni eslab, o‘sha qahramonlar qanday taqdirlangani, «Nasaf»ni o‘z tarixida ilk marta chempionga aylantirganlar hozir nima bilan band ekaniga qiziqdi.
19ta avtomashina. Nuriddin Zayniyev va Alisher Sultonov chempionlik uchun qanday va'da bergandi?
2011 yil, 29 oktabr. Samarqanddan bir guruh jurnalistlar bilan Qarshiga yetib keldik. O‘yindan 3-4 soat avval «Markaziy» o‘yingoh atrofi faqat qashqadaryolik emas, qo‘shni viloyatlardan ham kelgan muxlislar bilan gavjum, chiptalar chayqovchilar qo‘liga chiqib, 2-3 baravar qimmatlashgan. OFK tomonidan OAV akkreditatsiyasidan o‘tkazilganimizga qaramay, tumonat muxlislar orasidan stadionga bir amallab kirdik. O‘yin boshlanishidan avval Qashqadaryo futboli asoschisi bo‘lmish viloyat hokimi (marhum) Nuriddin Zayniyev, «Sho‘rtanGazKimyo» kompleksi rahbari, «Nasaf» prezidenti Alisher Sultonov futbolchilar bilan uchrashgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay O‘FF prezidenti (marhum) Mirabror Usmonov OFK prezidenti Jang Ji Long bilan stadionga kirib keldi va finaldan keyin ham aynan ular g‘oliblarni taqdirlashdi.
Ma'lum bo‘lishicha, finaldan oldin klub rahbariyati tomonidan «Nasaf» futbolchilariga katta mukofot va'da qilingan va OFK kubogi qo‘lga kiritilgach, va'daga vafo qilib, nomdor tarkibni boshqargan Demyanenko qo‘l ostidagi futbolchilarga 18ta «Spark» va murabbiyga bitta «Epica» avtomobili mukofot tariqasida sovg‘a qilingan. Xo‘sh, 10 yil avvalgi «Nasaf» a'zolari hozir qayerda?
Murod Zuhurov
2011 yil: Darvozabon
Hozirda: Darvozabonlar murabbiyi
2011 yil «Nasaf» darvozasini qo‘riqlagan Murod Zuhurov o‘sha mavsumda Mixail Naumov Dmitro Kozachenko va Eldor Suyunov bilan asosiy tarkibdagi o‘rin uchun kurash olib borgan va bosh murabbiy Anatoliy Demyanenko «Kuvayt SK»ga qarshi finalda aynan 27 yoshli darvozabonga ishonch bildirgandi. Murod ham ishonchni oqlay olgan.
Keyinchalik «Bunyodkor»ga qaytgan Zuhurov, 2019 yilda futbolchilik faoliyatini yakunladi. 38 yoshli sobiq futbolchi hozirda «Bunyodkor-2» jamoasida darvozabonlar murabbiyi sifatida ishlamoqda.
Botir Qorayev
2011 yil: Himoyachi, sardor
Hozirda: «Nasaf» sport direktori
«Nasaf»ning uzoq yillik sardori sanalmish Botir Qorayev o‘sha nomdor tarkibda ham o‘z o‘rniga ega edi. Chap qanot himoyasida to‘p surgan 30 yoshli himoyachi OFK kubogining Qarshida qolishiga munosib hissa qo‘shgan.
Qashqadaryolik sobiq futbolchi hozirda «Nasaf» klubi sport direktori sifatida faoliyat yuritmoqda. Qorayev 5 noyabr kuni klubi bilan ikkinchi marta OFK kubogi medaliga ega chiqishi mumkin.
Maqsud Karimov
2011 yil: Himoyachi
Hozirda: «Xorazm» klubi direktori
«Nasaf»ning yana bir sodiq o‘yinchisi bo‘lgan Maqsud Karimov Demyanenko qo‘l ostida ham himoya qo‘rg‘onining asosiy ustunlaridan biri edi. Turnir davomida ham barqarorlik ko‘rsata olgandi.
Xorazmlik futbolchi Qarshi klubida 10 yildan ortiq vaqt davomida to‘p surib, hozirda Urganch klubi direktori sifatida ishlamoqda.
Boyan Malishich
2011 yil: Himoyachi
Hozirda: jamoasiz
Serbiyalik 25 yoshli himoyachi Boyan Malishich «Nasaf»ning yetakchi himoyachisi sifatida OFK kubogining eng yaxshi o‘yinchilaridan biriga aylangan edi. U turnirda o‘tkazgan 10ta o‘yinida ham ishonchni oqlagandi.
Qarshi jamoasidagi muvaffaqiyatli o‘yinlaridan keyin Ukrainaning «Goverla» klubidan taklif olgan Malishichning omadi yurishmadi. So‘nggi yillarda Hongkong va Indoneziya klublarida to‘p surgan Boyan ayni damda jamoasiz sanaladi. 36 yoshli o‘yinchi yaqin orada faoliyatini yakunlasa, ajabmas.
Jahongir Jiyamurodov
2011 yil: Himoyachi
Hozirda: Yangiyer futbol maktabi murabbiyi
Sirdaryolik futbolchi faoliyatidagi eng yorqin lahzalarni aynan «Nasaf»da o‘tkazdi. O‘ng qanot himoyachisi 2011 yilda qarshiliklarning eng barqaror o‘yinchilaridan biriga aylangan va mavsumni bir tekisda o‘tkazgandi.
Faoliyatini 31 yoshda yakunlashga qaror qilgan Jiyamurodov 3 yildan buyon murabbiylik bilan shug‘ullanmoqda. Jahongir hozirda Yangiyer futbol maktabida murabbiy sifatida ishlamoqda. Avvalroq, u quyi ligada «Zomin» va «Rubin» klublarini boshqargandi.
Erkin Boydullayev
2011 yil: Tayanch yarimhimoyachisi
Hozirda: «Qizilqum» klubi yarimhimoyachisi
Superliganing so‘nggi 10 yillikdagi eng barqaror o‘yinchilaridan biri bo‘lib kelayotgan Erkin Boydullayev OFK kubogini qo‘lga kiritishda «Nasaf»ning eng muhim figuralaridan biriga aylangan. 2011 yilgi mavsum oldidan viloyat hokimi Nuriddin Zayniyev taklifiga ko‘ra, Ilhom Yunusov bilan birga «Dinamo»dan «Nasaf»ga o‘tgan ushbu yarimhimoyachilar maydon markazini egallashgandi. Finalda asosiy tarkibdan joy olgan 25 yoshli Boydullayev maydonda katta hajmdagi ishlarni bajarardi. Finalda ham eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazgan edi.
Erkin mehnatsevarligi evaziga hozirda 36 yoshda bo‘lishiga qaramay, «Qizilqum» safida Superliganing eng yorqin o‘yinchilaridan biri bo‘lib turibdi.
Lutfulla To‘rayev
2011 yil: Yarimhimoyachi
Hozirda: «Bunyodkor» yarimhimoyachisi
Finalda maydon markazida Boydullayevga tandem bo‘lgan Lutfulla To‘rayev haqida ham faqat iliq fikrlar bildirish mumkin. O‘sha mavsum 22 yoshli o‘yinchi OFK kubogida 12ta o‘yinda maydonga tushib, 4ta muhim golga mualliflik qilgandi. Hal qiluvchi o‘yinda ham pleymeyker sifatida yaxshi o‘yin namoyish etgandi.
Qarshidagi faoliyatidan keyin «Lokomotiv», OKMK klublarida ham to‘p surgan 33 yoshli yarimhimoyachi hozirda «Bunyodkor» safida mavsumni yaxshi o‘tkazmoqda.
Artur Gevorkyan
2011 yil: Yarimhimoyachi
Hozirda: «Axal» klubi futbolchisi
O‘zbek futbolidagi eng muvaffaqiyatli legionerlardan biri Artur Gevorkyan «Nasaf»ning turnirda chempion bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan o‘yinchilardan biri sanaladi. Turkmanistonlik yarimhimoyachi o‘sha mavsumda 12 o‘yinda maydonga tushib, 4ta golga mualliflik qildi. Finalda ham Andrey Pereplyotkins goliga assistentlik qilgandi.
So‘nggi yillarda «Lokomotiv», «Qizilqum» va Indoneziyada faoliyat yuritgan 36 yoshli futbolchi joriy mavsum boshida o‘z yurti Turkmanistonga qaytib, «Axal» klubida faoliyatini davom ettirmoqda.
Andrey Pereplyotkins
2011 yil: Yarimhimoyachi
Hozirda: Jamoasiz
Angliyaning «Sauthempton» klubi sobiq o‘yinchisi sanalmish Andrey Pereplyotkins «Nasaf» safida ajoyib mavsumni o‘tkazib, OFK kubogida 12 o‘yinda 4ta golga mualliflik qilgandi. Aynan uning «Kuvayt SK» darvozasiga kiritgan chiroyli gollaridan biri «Nasaf»ga kubokni taqdim etgandi.
O‘zbekistondagi faoliyatidan keyin Estoniya, Armaniston, Latviya va Litvada to‘p surgan taniqli futbolchi faoliyatining so‘nggi yillarida mojaroli ishlarga aralashib qoldi. Latviyalik o‘yinchi Litva chempionati birinchi ligasidagi «Kupishkis» klubida 2020 yilda kelishilgan o‘yinlarda qatnashgani va totalizator o‘yinlaridagi bevosita ishtiroki uchun Litva futbol federatsiyasi tomonidan jamoasi bilan birga yarim yilga futboldan chetlatildi. Ko‘p o‘tmay, LFF diskvalifikatsiyasi FIFA doirasida ham ko‘rib chiqilib, «Kupishkis» jamoasi a'zolarining qimor o‘yinlarda qatnashgan 5 nafar o‘yinchisining diskvalifikatsiyasiga xalqaro maqom berildi. O‘yinchilar orasida Pereplyotkins ham bo‘lib, shu voqeadan so‘ng u jamoasiz qolib ketdi.
Ilhom Shomurodov
2011 yil: Hujumchi
Hozirda: Tadbirkor
OFK kubogi finalida hujum chizig‘ida to‘p surgan Ilhom Shomurodov o‘sha mavsum turnirda 9 o‘yinda maydonga tushib, 3 marta raqib darvozasini ishg‘ol etgandi.
Gollardan birini finalda Gevorkyanning uzatmasidan keyin kiritgan edi.
2017 yil 33 yoshida futbolchilik faoliyatini «Nasaf» safida yakunlagan surxondaryolik sobiq hujumchi hozirda futbol sohasida emas. Eldor Shomurodovning amakisi sanalmish Ilhom ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda.
Ivan Boshkovich
2011 yil: Hujumchi
Hozirda: Murabbiy
Finalda «Nasaf» asosiy tarkibida to‘p surgan Ivan Boshkovich o‘sha mavsumda kashfiyotga aylandi. 28 yoshli chernogoriyalik forvard «Nasaf» safida OFK kubogida 10ta golga mualliflik qilgan. Shu tariqa turnir to‘purariga ham aylangan Boshkovich faoliyatidagi eng yorqin lahzalarni aynan Qarshida o‘tkazdi.
Shundan so‘ng Tailand va Chernogoriya klublarida ham to‘p surgan Ivan 2018 yilda faoliyatini yakunladi. 39 yoshli Boshkovich yana O‘zbekistonga qaytib, hozirda ikkinchi ligadagi «Bunyodkor» yoshlar jamoasiga murabbiylik qilmoqda.
Zaxira tarkibidan o‘rin olganlar:
Fozil Musayev
2011 yil: Yarimhimoyachi
Hozirda: «Turon» jamoasi sardori
«Kuvayt SK»ga qarshi finalda Ilhom Shomurodov o‘rniga zaxiradan maydonga tushgan 22 yoshli Fozil Musayev o‘sha turnirda jami 4 o‘yinda to‘p surgan edi.
OFK kubogidagi chempionlikdan so‘ng «Bunyodkor»ga o‘tgan Fozil 2014-2020 yillarda Qatar, Eron va Yaponiya klublarida faoliyat yuritdi. Orada 2016 yil «Nasaf» safida ham to‘p surdi.
2021 yil boshida Yaponiyadan O‘zbekistonga qaytgan 32 yoshli Musayev bu mavsum «Turon» safida to‘p surib, jamoasi bilan Pro ligaga tushib ketishga yaqin turibdi.
Artyom Filiposyan
2011 yil: Himoyachi
Hozirda: «Muangkan Yunayted» himoyachisi
OFK kubogi finalida Ivan Boshkovichning o‘rniga zaxiradan maydonga tushgan 21 yoshli himoyachi Artyom Filiposyan o‘sha mavsum turnirda 6 o‘yinda maydonga tushgandi.
Qarshidagi faoliyatidan keyin «Bunyodkor», «Lokomotiv», «Dinamo», «Buxoro» klublarida to‘p surgan Artyom Filiposyan so‘nggi yillarda Tailandda faoliyat yuritmoqda. 33 yoshli futbolchi hozirda mamlakat quyi ligasining «Muangkan Yunayted» klubida to‘p surmoqda.
Mixail Naumov
2011 yil: Darvozabon
Hozirda: «Sho‘rtan» darvozabonlar murabbiyi
25 yoshli Mixail Naumov 2011 yilda OFK kubogida 10 marta zaxira o‘rindig‘idan joy olgan bo‘lsa-da, turnirda darvozani qo‘riqlamagan.
Mixail «Nasaf»dan tashqari, «Mash'al», «Sho‘rtan», «So‘g‘diyona», «Dinamo» jamoalari sharafini himoya qilib, hozirda G‘uzorning «Sho‘rtan» klubi darvozabonlar murabbiyi sifatida ishlamoqda.
Ahrol Risqullayev
2011 yil: Himoyachi
Hozirda: Bosh hakam
2011 yilda «Nasaf» safida OFK kubogida bor-yo‘g‘i bitta bahsda maydonga tushgan markaziy himoyachi Ahrol Risqullayev finalda zaxira o‘rindig‘idan joy olgan va yakunda oltin medalni qo‘lga kiritgandi.
«Nasaf»dan keyin «Dinamo»ga o‘tgan Ahrol jiddiy jarohati sababli faoliyatini 30 yoshida yakunlashga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng hakamlik faoliyatini boshlagan Risqullayev hozirda Superligada bosh hakam sifatida muvaffaqiyatli ishlamoqda.
Nosir Otaqo‘ziyev
2011 yil: Hujumchi
Hozirda: Farg‘ona viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti
Nosir Otaqo‘ziyev 2011 yilda OFK kubogida jami 10ta o‘yin o‘tkazib, 5ta gol kiritganiga qaramay, finalda zaxira o‘rindig‘ida qoldirilgan. 26 yoshli farg‘onalik hujumchi «Bunyodkor» chempionligi bilan tugagan 2011 yilgi Oliy ligada «Nasaf»ning kumush medalga ega chiqishida munosib hissa qo‘shgandi.
Qarshidagi faoliyatidan keyin OKMK, «Guliston», «Neftchi» va «Qo‘qon-1912» klublari sharafini himoya qilgan Otaqo‘ziyev 2019 yilda «butsasini mixga ilib», hozirda Farg‘ona viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti sifatida ishlamoqda.
Shuhrat Mirxoldirshoyev
2011 yil: Hujumchi
Hozirda: Namangan viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti
Namanganlik hujumchi 2011 yilda OFK kubogida jami 5 o‘yinda 2ta golga mualliflik qilgandi. Finalda esa tarkibdan o‘rin olmadi. Mirxoldirshoyev «Nasaf»dagi faoliyatidan keyin bir muddat vodiy klublarida to‘p surdi. Ammo jarohat sababli faoliyatini 34 yoshida yakunladi. 39 yoshli Shuhrat ikki yildan buyon Namangan viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti sifatida faoliyat yuritmoqda.
Mirzakamol Kamolov
2011 yil: Yarimhimoyachi
Hozirda: Choyxona boshqaruvchisi
Tezkorligi bilan ajralib turuvchi Mirzakamol Kamolov 2011 yilgi mavsum «Nasaf» safida OFK kubogida 6 o‘yinda maydonga tushib, bitta gol va 2ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. 2013 yilda «ajdarlar» safini tark etgan Kamolov «Neftchi», «Andijon», «Sho‘rtan», «Mash'al», «Surxon» klublari sharafini himoya qildi. 2020 yilda 33 yoshida faoliyatini yakunlagan Mirzakamol hozirda Toshkentdagi «Choyxona 25» ish yurituvchisi sifatida ishlamoqda.
Ilhom Yunusov
2011 yil: Yarimhimoyachi
Hozirda: Samarqand futbol assotsiatsiyasi texnik direktori
«Nasaf»ning muhim o‘yinchilaridan biri bo‘lgan Ilhom Yunusov OFK kubogida 5 o‘yinda maydonga tushib, 2ta gol va 2ta assistga mualliflik qilgan.
2015 yilda Qarshi klubini tark etgan samarqandlik futbolchi «Dinamo» va «Qizilqum» klublarida to‘p surib, 2019 yil 37 yoshida futbolchilik faoliyatini yakunladi. Ilhom Yunusov hozirda Samarqand viloyat futbol assotsiatsiyasida texnik direktor lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Kenja To‘rayev
2011 yil: Yarimhimoyachi
Hozirda: «Nasaf» akademiyasi murabbiyi
«Nasaf» safida porlab chiqqan Kenja To‘rayev 2011 yilda OFK kubogida bor-yo‘g‘i 3ta o‘yinda maydonga tushgan, finalda esa zaxirada qolgandi.
Qarshi klubidagi faoliyatidan keyin viloyatning «Mash'al» va «Sho‘rtan» klublarida to‘p surgan Kenja To‘rayev faoliyatini erta yakunladi. 32 yoshli sobiq futbolchi hozirda «Nasaf» klubi akademiyasida yoshlarga ustozlik qilmoqda.
Asror Aliqulov
2011 yil: Himoyachi
Hozirda: «Sho‘rtan» bosh murabbiyi
32 yoshli Asror Aliqulov «Nasaf» safida turnirda 4 o‘yinda maydonga tushgandi. Ammo finalda tarkibdan joy olmagan.
Aliqulov Qarshidagi faoliyatidan keyin «Dinamo», «Sho‘rtan» klublarida ham to‘p surib, 2016 yilda futbolchilik faoliyatini yakunladi. To‘rt yildan buyon murabbiy sifatida ishlayotgan sobiq futbolchi hozirda «Sho‘rtan» jamoasi bosh murabbiyi sanaladi.
Murabbiylar
Anatoliy Demyanenko
2011 yil: Bosh murabbiy
Hozirda: Ukraina futbol federatsiyasi vitse-prezidenti
«Nasaf» jamoasidagi bir yarim yillik faoliyati davomida bosh murabbiy sifatida tarixiy natija qayd etgan Anatoliy Demyanenko 2011 yil yakunida Qarshi klubini tark etib, 2012 yil boshida Ukrainaning «Volin» klubi bosh murabbiyiga aylangandi. Hozirga kelib Demyanenko Ukraina futbol federatsiyasi vitse-prezidenti sifatida ishlamoqda.
Ro‘ziqul Berdiyev
2011 yil: Yordamchi murabbiy
Hozirda: «Nasaf» bosh murabbiyi
10 yil avval OFK kubogini yordamchi murabbiy sifatida yutgan Ro‘ziqul Berdiyev 2012 yildan buyon jonajon jamoasida bosh murabbiy sifatida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
OFK kubogida murabbiy sifatidagi ikkinchi yurishini amalga oshirayotgan 50 yoshli mutaxassis hozirda avvalgi nomdor tarkib, juda katta budjetga ega bo‘lmasa-da, ancha yosh tarkibli «Nasaf» bilan yana finalga chiqa oldi. Bu finalning qadr-qiymatini Ro‘ziqul Berdiyevdan yaxshiroq anglaydigan kishi yo‘q. Shunday ekan, u shogirdlari bilan o‘zi boshlagan tarix zarhal harflar bilan bitilishiga va yillar o‘tib g‘olib sifatida eslanishiga umid qilib qolamiz.
Usmon Ibodov
Mavzuga oid
17:54 / 01.11.2024
«Nasaf» – o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston chempioniga aylanib, Toshkent klublarining 23 yillik gegemonligiga chek qo‘ydi
18:20 / 29.10.2024
Akram Afif - Osiyoda yilning eng yaxshi futbolchisi!
17:46 / 29.10.2024
Abbosbek Fayzullayev - Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi!
00:00 / 24.10.2024