Sport | 16:19 / 05.11.2021
7101
2 daqiqa o‘qiladi

«As Sadd» Xavi «Barselona»ga ketayotganini tasdiqladi

Qatarning «As-Sadd» klubi Xavi «Barselona»ga ketayotgani haqida rasmiy ma'lumot berdi.

Foto: SIMON HOLMES/GETTY IMAGES

«As-Sadd» klub bosh murabbiyi Xavi Kataloniyaning «Barselona» jamoasiga yo‘l olishini e'lon qildi. Ko‘k-anorranglilar ushbu sobiq futbolchisini uning qatarliklar bilan shartnomasida ko‘rsatilgan tovon pulini to‘lab, yangi bosh murabbiy sifatida shartnoma imzolaydi.

«Al-Sadd» ma'muriyati shartnomada muddatidan oldin ketish uchun ko‘zda tutilgan punkt bo‘yicha to‘lov amalga oshirilgach, Xavini «Barselona»ga qo‘yib yuborishga rozi bo‘ldi. Shuningdek, kelajakda «Barselona» bilan hamkorlik qilish borasida ham kelishuvga erishildi. Xavi – tariximizning muhim qismi. Unga omad va zafarlar tilab qolamiz», — deyiladi «As-Sadd» matbuot xizmati xabarida.

Bundan oldinroq, Xavining qatarliklar klubi bilan shartnomasida agar top-klublardan taklif kelib tushsa, uni qo‘yib yuborish haqidagi band borligi xabar qilingandi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, 4 noyabr kuni «As-Sadd» va «Barselona» o‘rtasida hal qiluvchi muzokaralar bo‘lib o‘tgan.

OAVda «Barselona» Xavi uchun Qatar klubiga 5 million yevro miqdorida tovon puli to‘lashi aytilgandi.

Xavi 2015 yilda «Barsa»dan «As-Sadd»ga o‘tib, 2019 yilda ushbu klubda murabbiylik faoliyatini boshlagan edi. U jamoasi bilan Qatardagi faoliyati davomida 7ta sovringa ega chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, «Barselona» 28 oktabr kuni Ronald Kumanni iste'foga chiqargach, «Barselona B» jamoasi ustozi Serxi Barxuan bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

Mavzuga oid