Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Zamhokim» ko‘tariladi, muammo esa qolaveradi. Uzundagi muammoni «kalta qiladigan» rahbar topilmayapti
Uzun tumanining «ko‘rpaga qarab oyoq uzatish»ni bilmaydigan sobiq hokimi Otabek Normatov mahalliy budjetning imkoniyatini o‘ylab ham o‘tirmay, tumanning bosh rejasini bahona qilib o‘nlab tadbirkorlarning binolarini buzib tashlagan. Mana, uch yildirki, tumanda hokim almashaveradi, mulkdorlar esa hamon sarson-sargardon.
Bir yil avval saytimizda «Uzundagi mantiqsiz «snos»lar: g‘aznada mablag‘ bo‘lmay turib, yuzdan ortiq obekt buzilgan» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. O‘sha surishtiruv davomida Uzun tumani hokimligi mas'ullari bilan uchrashib, ularning munosabati, umidli va'dasi ham olingandi.
Yaqinda uzunlik tadbirkorlar o‘tgan yilgi muammo hamon yechimini topmayotgani, o‘sha vaqtda berilgan va'dalar va'daligicha qolib, mas'ul rahbarlardan biri ko‘tarilib ketganini xabar qilishdi. Uzun tumani markazidagi bir nechta ko‘chalardagi turar va noturar joylar sobiq hokim Otabek Normatovning 2018 yil 5 fevraldagi qaroriga ko‘ra buzilishga tushadi.
O‘shanda tumanning bosh rejasiga asosan «snos» sababli jabr ko‘rganlarga Uzunning markazi boshqacha qiyofa kasb etishi vaj qilib ko‘rsatiladi. Ammo mana, oradan uch yil o‘tdi, bosh rejadan asar ham yo‘q, tadbirkorlar esa «singan». Kimdir ijarada, kimdir «muzlagan» muammoning «erishini» hamon kutmoqda. Surxondaryoga safarimiz davomida uzunlik fuqarolarning ikkinchi marta qilgan murojaati asosida mavzuga yana qaytdik.
Akbarjon Mo‘minov tuman markazidan o‘tgan asosiy yo‘lni kengaytirish, obektlarni zamonaviy tipda qurish, markazni obod qilishni sabab qilib mulkini buzdirishganini aytmoqda. Mo‘minovga ko‘ra, hududda uning nomida choyxona, uchta do‘kon bo‘lgan. Mulkni bir umr egalik qilish huquqi bilan sotib olgan. Endi bo‘lsa unga kompensatsiya ham to‘lanmayapti, faoliyatini davom ettirishi uchun zamonaviy loyiha asosida do‘kon qurishiga ham ruxsat berilmayapti. Aksincha, o‘sha joyga da'vogarlik qilayotganlar ham paydo bo‘libdi. «Farzandlarimni Rossiyaga jo‘natsammi, deb o‘ylab qoldim. Ular ishsiz qolishdi, juda qiynaldik», deydi otaxon.
Markazdagi O‘zbekiston ko‘chasida Abdufattoh Turdiyevning ham do‘koni bo‘lgan. Abdufattoh aka bizga o‘tgan yili ham bu haqda gapirib bergandi. «O‘tgan yili hokimlikning umidli va'dasi saytda e'lon qilingach, biroz harakatga tushib qolishdi. Xursand bo‘luvdik. Yo‘q, yana eski hammom, eski tos. O‘sha vaqtda do‘konimizni buzishlariga qarshi chiqqanimizda, «Sen prezident siyosatiga qarshi chiqyapsanmi?» deyishgandi. Aslida tadbirkorning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotganlar prezident siyosatiga qarshi bormayaptimi? Qanchalab yigit-qizlarimiz bu yerlarda ish bilan band edi», deydi tadbirkor.
Yosh tadbirkor Husan Meliqulovning ham 160 kv2 atrofida savdo do‘koni bo‘lib, o‘sha vaqtda ko‘p qatori buzib tashlangan. Meliqulov ayni vaqtda tuman markazidagi kichikroq do‘konlarni ijaraga olib ishlatish uchun oyiga 3 million so‘m atrofida to‘lov qilayotganini aytdi. O‘z mulkiga ega bo‘lmagan tadbirkorlar uchun bu jiddiy muammolar keltirib chiqarayotgan ekan. Kompensatsiya sifatida taklif qilingan yer tumanning chekka qismida bo‘lib, u yerda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishning imkoni yo‘q, deydi tadbirkor. «Do‘konlarimiz o‘rni uch yildan beri bo‘sh yotibdi. Nega o‘zimizga qurishga ruxsat berishmaydi?» deydi Meliqulov.
Umuman, Uzun tumani markazidagi bir nechta ko‘chalarda bosh reja bahonasida buzilgan mulk egalarining aksariyati bugun sarson. O‘tgan yilgi o‘rganishimizda o‘n chog‘li fuqarolar arz qilgan bo‘lsa, bu safar yigirmaga yaqin tadbirkorlar haqini ololmayotganidan shikoyat qilishdi.
Safarimiz yakshanba kuniga to‘g‘ri kelgani bois, hokimlik rasmiylari bilan uchrasha olmadik. Shu sababli tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Abdurashid Qurbonov bilan ikki marta telefon orqali suhbatlashdik. Negadir, u holat bo‘yicha izoh beraman, degan bo‘lsa-da hozircha lom-mim deyishni joiz topmayapti. Aslida Qurbonov bizga vaziyat bo‘yicha qandaydir yangi ma'lumot bera olishigayam shubha bor. Chunki, bir yil davomida hech narsa o‘zgarmagan, tadbirkorlarning muammosi hal etib berilmagan.
Darvoqe, biz o‘tgan yili 2020 yilda aynan shu holat bo‘yicha Uzun tumani moliya bo‘limi boshlig‘i B.Baratov bilan suhbatlashgandik. U tuman g‘aznasida mablag‘ bo‘lmagani sababli shu paytga qadar kompensatsiya to‘lab berilmagani haqida gapirgandi. Xuddi shunday, tuman arxitektori Abdulhamid Elmurodov ham tadbirkorlarning mulki o‘rni birovga berilmasligi, ko‘kalamzor qilib qo‘yilishini ma'lum qilgandi. Sababi tumanning bosh rejasida shu ko‘zda tutilgan ekan.
Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Malik Chorshanbiyev esa o‘sha vaqtda ishga yangi kelgani sababli «Bu masaladan to‘liq xabarim yo‘q, murojaat qilgan mulkdorlar ichida kimdir yer emas, kompensatsiya pulini talab qilsa, albatta, to‘lab beramiz», degandi. Buni qarangki, Chorshanbiyev o‘sha paytda yangi kelgan bo‘lsa, hozir ko‘tarilib ketgan va yana uning o‘rniga boshqa kishi o‘rinbosarlikka tayinlangan. Chorshanbiyev ayni vaqtda Surxondaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari kotibiyati mudiri vazifasida ishlayapti. Afsuski, bu ko‘tarilib ketishlarning hech biri tadbirkorlar muammosiga yechim bo‘lmayapti.
Uzun tumani sobiq hokimi Otabek Normatovning 2018 yil 5 fevraldagi qarori bilan tuman markazida 122 nafar fuqaroning mulki «snos»ga tushgan. Shundan 11 nafariga tovon puli to‘lab berilgan. Aytgancha, Uzun tuman hokimligini bu tortishuvda sud orqali yutib chiqqan tadbirkorlar ham bor ekan. Masalan, Sherdil Xolmirzayevning qo‘lida sud qarori bo‘la turib ham haqini ololmayapti. Hokimlik manfaatiga kelganda, negadir ijro kechikyapti.
Afsuski, uch yil avval buzilgan obektlarga to‘lanadigan kompensatsiya pullari inflatsiya sabab o‘z qadrini yo‘qotib bormoqda. Tadbirkorlar o‘zining qonuniy haqini ololmay, ijarada yuribdi. Bu tabiiyki, shundoq ham olis va og‘ir tuman bo‘lgan Uzunda ishsizlik va kambag‘allikning avj olishiga sabab bo‘lyapti.
O‘ylab ko‘rilsa, davlat tuzilmasida mulkdorlar, xususan tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan o‘nlab tashkilotlar bor. Senat, Qonunchilik palatasi, prokuratura, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi... Bu ro‘yxatni istagancha davom ettirish mumkin. Qo‘lida sud qarori va ijro hujjati bo‘la turib, qo‘l qovushtirib turgan MIBni ham unutmaslik kerak.
Xulosa o‘rnida. Uzun tumanining bosh rejasi bormi o‘zi? Bo‘lsa, u nega amalga oshmayapti yoki tadbirkorlar rozi qilinmayapti? Eng yomoni, tumanning markaziy ko‘chasi yildan yilga torayib boryapti. Buzilgan joylarda yengil konstruksiyali obektlar paydo bo‘lmoqda. Ammo negadir mulki buzilganlar bu yerga yaqinlashtirilmayapti. Qiziq, Uzun tumanida muzlatib qo‘yilgan bu muammoga yechim topadigan rahbar kelishini tadbirkorlar yana qancha kutisharkan?
Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Xotamov.
Mavzuga oid
12:04 / 05.04.2025
«Jinoyat tarkibi aniqlanmadi» – Uzun tumanida so‘roqqa olib ketilgan fuqaro vafot etgani yuzasidan tekshiruv yakunlandi
13:30 / 28.02.2025
Uzun tuman IIBda fuqaro vafot etishi bilan bog‘liq holatni prokuratura va Ombudsman o‘rganmoqda
14:50 / 27.02.2025
IIBdan yana o‘lik chiqdi: Uzundagi qotillik ishi doirasida so‘roqqa olib ketilgan fermer vafot etdi
17:44 / 26.02.2025