O‘zbekiston | 20:01 / 09.11.2021
10985
7 daqiqa o‘qiladi

Arosatda qolgan chin yetim: Farg‘ona hokimligi uni uy bilan ta'minlaydimi?

Mehribonlik uyi bitiruvchisi, 23 yoshli Azizbek Topvoldiyev uy ololmay sarson. Hokimlik unga yotoqxonadan xona ajratgan. Prezidentning yangi qaroriga muvofiq esa yetim bolalar yangi uy bilan ta'minlanishi kerak. Azizbekning taqdiri bilan mutasaddilar qiziqmayapti.

2021 yil 15 avgustdan boshlab O‘zbekistonda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarni uy-joy bilan ta'minlash tartibi o‘rnatildi. Kun.uz avvalroq shu mavzuda ko‘rsatuv e'lon qilgan edi.

Lavhadan so‘ng bizga Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahar 1-sonli mehribonlik uyini bitirgan Azizbek Topvoldiyevga uy berilmayotgani, unga yotoqxonadan xona ajratilgani haqida ma'lumot kelib tushdi.

Kun.uz Azizbek Topvoldiyev bilan suhbatda bo‘ldi.

“Sen bir o‘zingsan, yotoqxonadan olib turaver, hech kiming yo‘q”

— Meni mehribonlik uyiga kichkinaligimda tashlab ketishgan, o‘zim ham ota-onam kimligini bilmayman. Keyinchalik katta bo‘lganimda meni bir inspektor ayol dehqon bozoridan topib olganini bildim. U meni mehribonlik uyiga tashlab ketgan. 3 yil o‘tib, ota-onam topilmagach, familiyamni Topvoldiyev deb qo‘yishgan. 20 yilcha mehribonlik uyida yashadim, 9-sinfni bitirganimdan keyin kollejga olib borishdi va men kollej yotoqxonasida vaqtincha turdim. Uni bitirganimdan keyin kollejdagi yotoqxonadan chiqib ketib uyga harakat qildim. Lekin menga yotoqxonadan joy berishdi. Yotoqxona berilmasligi kerak deb, u yerdan chiqib ketdim. Qiynalib qolganimdan keyin, noiloj yotoqxonada yashashga majbur bo‘ldim.

Qo‘limda uy berilsin degan qaror bor, bolalar uyidan chiqqanim va bolalar uyiga tashlab ketilganim haqidagi dalolatnoma bor. O‘zim ko‘p harakat qildim, uy berilsa kerak deb. Prokuraturaga borsam, ular ham, o‘ylashimcha, hech kimi yo‘q, u yerdan bu yerga sarson qilib yuraveramiz, oxiri o‘zi zerikib qoladi deb o‘ylashgan. Nihoyat shunday ham bo‘ldi, baribir uy qilib berishmaydi deb yotoqxonada qolib ketdim.

Hokimiyatdagilar ham uy qilib beramiz deyishgan, lekin uy emas yotoqxonadan joy berishdi. Bir-ikki oy ichida yangi qurilayotgan uylar bor, shulardan beramiz deyishgandi. Mayli deb, sabr qilib ishlab yurdim. Keyin kelib yana so‘raganimda yotoqxonadan xona berishlarini aytishdi. Hokimiyatdan foyda bo‘lmagach, qabuliga ham kirmay qo‘yganman. Qabulga yozilib, hokimiyatga suhbatga kelganimda: “Sen bir o‘zingsan, yotoqxonadan olib turaver, hech kiming yo‘q”, deb javob berishgan.

Yotoqxonadan uy olgan bolalar Moskvaga ishlashga ketgan

— Yotoqxonada isitish tizimi yaxshi ishlamaydi, kanalizatsiyasi ham yaxshi tortmaydi. Yotoqxonaning muhiti menga yomon ta'sir qiladi, chunki bu yerda ko‘p janjallar bo‘ladi. Shu sababli bu yerdan chiqib ketishni xohlayman.

Mehribonlik uyini men bilan birga 8-9 ta bola bitirgan. Omon degan bola bor, uning ota-onasi bor, lekin u mehribonlik uyidan chiqqan. Bolaga bir xonali uy berishgan. Qanday qilib uy olganini so‘raganimda, onasi u paytda qo‘limizda biroz pul bor edi, harakat qilib olganmiz, sen harakat qilib ola olmaysan degandi.

5-6 bola uy olgan, qolganlariga yotoqxonadan xona berishgan. Yotoqxonadan joy olganlar, ilojsizlikdan pul topish maqsadida Moskvaga ketgan…

***

Azizbek taqdim etgan hujjatga ko‘ra, viloyat hokimining qarori bilan, 2021 yil fevral oyida Vazirlar Mahkamasining 164-sonli qaroriga muvofiq unga 6-sonli yotoqxonadan xona ajratilgan. Albatta, bu paytda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarni uy bilan ta'minlashga doir prezident qarori hali qabul qilinmagan edi, demak, hokimlik unga Vazirlar Mahkamasi qarorida nazarda tutilganidek, yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarga maqsadli kommunal uy-joy fondidagi uylardan yoki vaqtincha foydalanilmayotgan, davlat mulki bo‘lgan yotoqxonalardagi, uy-joylardagi hamda ko‘p kvartirali uylardagi bo‘sh turgan kvartiralardan ajratib berishi to‘g‘ri.

Buni biz bilan suhbatda Farg‘ona viloyati hokimligi mas'uli ham izohladi.

“Fuqaro Topvoldiyev Azizbekka Vazirlar Mahkamasi qarori asosida dastlab 2018 yilda Farg‘ona shahar, Farg‘ona ko‘chasi 261-sonli oilaviy yotoqxonaning 23-xonasi jihozlari bilan birga biriktirib berilgani aniqlandi. Qo‘ni-qo‘shnilardan ko‘p e'tirozlar tushgani va yotoqxonadan chiqib ketib, qayta murojaat qilgani bois Farg‘ona shahar Farg‘ona ko‘chasi 6-uydan, ya'ni boshqa oilaviy yotoqxonaning 34-xonadonidan yashash uchun sharoiti bo‘lgan xona ajratib berilgan. Hozirda fuqaro oilaviy yotoqxonada yashash imkoniyati bo‘lmayapti degan masala bilan murojaat qildi, lekin 2020 yil 2 avgustdagi VM 164-sonli qaroriga muvofiq, kvartiralar yoki oilaviy yotoqxonalardagi bo‘sh joylardan turar joy bilan ta'minlansin deb belgilangani bois, unga yotoqxonadan joy ajratilgan”, – dedi hokimlik mas'uli Jahongir Baxtiyorov.

Prezident qarori qabul qilinganiga ikki yarim oy bo‘ldi. Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev Senat yalpi majlisida yil oxirigacha 560 nafar yetim bolalar uy-joy bilan ta'minlanishi kerakligini aytgandi.

Xalq ta'limi vazirligining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, yangi uylar nafaqat joriy yil mehribonlik uylarini bitirganlarga, balki avvalroq bitirgan va 23 yoshga to‘lguncha navbatga qo‘yilgan bolalarga ham beriladi.

Azizbek navbatga qo‘yilganmi yoki yo‘qligi borasida hokimlik mas'uli aniq gap aytmadi.

“Bu yigitimiz turar joy bilan ta'minlangan. Fuqaro yashash sharoiti, qo‘ni-qo‘shnilar bilan chiqishishi to‘g‘ri bo‘lmayapti degan masalada murojaat qilish huquqiga ega. Unga alohida kvartira davlat fondida bo‘ladigan bo‘lsa, shahar hokimiyatidagi doimiy komissiya bor, uning xulosasiga asosan, uy ajratib berish borasida qaror qabul qilinishi mumkin”, – deydi u.

Ta'kidlash kerakki, prezident qarorida uy-joy bilan ta'minlashda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar uchun yotoqxonalardan uy-joylar ajratish (xarid qilish) taqiqlanishi nazarda tutilgan.

Xo‘sh, hozirda yotoqxonada yashayotgan Azizbek Topvoldiyev bosh vazir o‘rinbosari ta'kidlagan muddatgacha uy-joy bilan ta'minlanadimi? U ro‘yxatga kiritilganmi yoki yo‘q? Kiritilmagan bo‘lsa, biz yuqorida nazarda tutgan qaror bandlariga bu qanchalik mos keladi?

Ayni shu masala yuzasidan vazirlik mutasaddilaridan aniq javob ololmadik. Biz Xalq ta'lim vazirligi, Milliy gvardiya, viloyat hokimligi hamda boshqa mas'ul tashkilotlardan bu borada munosabat kutib qolamiz.

Madina Ochilova,
Sarvar Ziyayev,
Kun.uz.

Mavzuga oid