O‘zbekiston | 19:57 / 09.11.2021
17278
2 daqiqa o‘qiladi

Changli ob-havo “Yashil makon” dasturi qanchalik zarurligini ko‘rsatdi - prezident

Ko‘chat ekish ishlari haligacha boshlanmagan tumanlar hokimlari qat'iy ogohlantirildi.

Foto: Kun.uz

Prezident bir hafta oldin o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida aytilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi haqida bugungi yig‘ilishda yana bir to‘xtalib o‘tdi.

“Oxirgi 3-4 kunda bo‘lib o‘tgan changli ob-havo sharoiti ham ushbu dastur qanchalik to‘g‘ri ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Bir narsani aniq tushunish kerak – viloyat, tuman va shahar hokimlari uch kun muddatda o‘z hududida xalqqa murojaat qiladi, Prezident va Senatga qilingan ishlar haqida har oyda hisobot beradi. Murojaatlar bilan chiqsin har bir hokim o‘z hududiga.

Bunda qo‘shib yozish, raqamlarni bo‘rttirib ko‘rsatish, pala-partish qilingan ishlar o‘z-o‘zidan bilinib qoladi. Endi yolg‘on gap so‘zlar o‘tmaydi. Masalan, bugungi kunga qadar Qoraqalpog‘iston, Namangan, Toshkent viloyati va Toshkent shahri ishga faol kirishdi. Lekin, Surxondaryo, Sirdaryo (1 foizdan) va Xorazm (2 foiz) viloyatlarida daraxt ekish reja ko‘rsatkichlaridan ancha ortda qolmoqda.

Shu bilan birga, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Tomdi, Do‘stlik, Arnasoy, Forish, Yangiariq, Sherobod, Termiz, Muzrabot, G‘uzor, Kitob tumanlarida ko‘chat ekish ishlari haligacha boshlanmagan. Ushbu tuman hokimlari qat'iy ogohlantiriladi.

Shu bilan birga, vazirlik, tarmoq, korxona rahbarlari o‘z rejalari bajarilishiga javob beradi. Har bir vazirlik va idora, viloyat yoki tuman va shahar hokimi o‘ziga majburiyat olishi shart”, – deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid