Jamiyat | 13:13 / 09.11.2021
13998
2 daqiqa o‘qiladi

SSV antibiotiklarning yana bir xavfli jihati aniqlangani haqida xabar berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi antibiotiklardan o‘zboshimchalik bilan foydalanib, hayotni xavf ostida qoldirmaslikka chaqirdi.

Foto: IZVeSTIYa

Shvetsiyalik tadqiqotchilar antibiotiklarning yana bir xatarli asoratini aniqladi. Ularning xulosasiga ko‘ra, bunday preparatlarni qabul qilgan insonlarda 5-10 yil ichida kolorektal saraton rivojlanish xavfi oshadi. 

Olimlar olti yil davomida yo‘g‘on va to‘g‘ri ichak saratoni bilan kasallangan 40 ming nafar bemorni alohida kuzatuv ostiga olishgan. Tadqiqot davomida ularning o‘tgan 10 yil davomida qancha miqdorda va qaysi antibiotiklardan foydalangani o‘rganilgan hamda tahlil qilingan.

Ma'lum bo‘lishicha, antibiotik qabul qilgan bemorlarda yo‘g‘on ichakda saraton rivojlanish xavfi yuqoriligi aniqlangan.

«Illatlarning bora-bora odatga aylanib qolishi yomon. O‘zbilarmonlik — shulardan biri. Ayniqsa, biror xastalikka chalinganimizda bu qusur faqat va faqat zararimizga ishlashi, hatto hayotimizni xatarga qo‘yishiga misollar ko‘p.

Uyimizdagi dori qutisini ochib mavjud preparatlarni bir ko‘zdan kechiraylik. Ular orasida jarohatga qarshi, isitma, qon bosimini tushiruvchi, og‘riq qoldiruvchi turli malham-u surtmalardan tashqari, qaysidir guruhga mansub antibiotiklar ham bo‘lsa ajab emas.

Chunki faqat shifokor tavsiyasi bilangina qo‘llanadigan dorilarni ham ba'zida o‘zboshimchalik bilan qabul qiladiganlar oramizda topiladi. Shamollash, yo‘tal, isitma, teridagi yallig‘lanishlar, turli og‘riqlar va virusli xastaliklarda shunday preparatlardan o‘z-o‘zicha foydalanib, ahvoli og‘irlashgan yoki o‘lim topganlar ham bor, afsuski.  
 
Vaholanki, antibiotiklardan o‘zboshimchalik bilan foydalanish tananing boshqa a'zolari faoliyatini ham izdan chiqaradi. Ayniqsa, jigar va buyrak yetishmovchiligi holatlarida juda og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin», deya qayd etiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid