Lobbistlar «hiylasi», Afg‘onistondagi xaos, amalga ko‘chmayotgan islohotlar. Baydenning ilk yili nega muvaffaqiyatsiz o‘tmoqda?
Bir yil avval AQShda prezidentlik saylovlaridagi natijalar hisob-kitob qilingandi. G‘olib bo‘lgan Jo Bayden mamlakatda yirik qurilishlar bo‘lishi va rekord darajada investitsiya loyihalari aynan mamlakat ichida amalga oshirilishini aytgandi. Shuningdek, Bayden Amerikaning xalqaro maydonga «chinakamiga qaytishi»ni va'da qilgandi. Ammo Baydenda hammasi silliq ketmayapti. Unga demokratlar ichidagi o‘zaro fikrlar qarama-qarshiligi, AQSh askarlarining Afg‘onistondan chiqishi sabab yuzaga kelgan xaos va ittifoqchilar bilan tortishuvlar xalal bermoqda.
Bir necha oydan buyon Jo Baydenning reytingi tushishda davom etmoqda. Markazchilar va konservatorlar Bayden demokratlarning so‘lchilar qanoti tomonga o‘tib xato qilganini aytishmoqda. So‘lchi tanqidchilar esa aksincha konservativ demokratlar prezidentni ishlagani qo‘ymayapti degan fikrda.
Har ikki tomondagilarni esa bir narsa birlashtiradi: ularning fikricha, Oq uy bunchalik uzoq vaqt muhokamalarga vaqt sarflanishiga yo‘l qo‘ya olmaydi, saylovchilar konkret harakatlar kutishmoqda.
«Ado bo‘layotgan» prezident
Bayden ta'lim tizimini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohadagi islohotlar va yashil energetika bo‘yicha katta loyihalar haqida gapirgandi. Bu loyihalarga 3,5 trillion dollar sarflanishi, infratuzilma uchun yana 1 trillion dollar miqdorida pul ajratilishi kutilgandi.
Bir qarashda Baydenda bu ishlarni amalga oshirish uchun hamma narsa bor edi: loyihalarning fuqarolar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, Kongressdagi demokratlar ustunligi.
Ammo bu loyihalar demokratlarning markazlashgan va so‘l qanotlari o‘rtasida kurashga sabab bo‘ldi. Markazchi bo‘lgan senatorlar Kristen Sinema va Jo Manchinning fikricha, Baydenning loyihalari budjet pullarini asossiz sarflash hisoblanadi. Sinema Arizona, Jo Manchin G‘arbiy Virjiniyadan saylangan senatorlar hisoblanadi. Odatda bu hududlarda ko‘pchilik respublikachilarni qo‘llaydi va ular keyinchalik soliqlar oshishiga olib keluvchi budjet pullari bu qadar ko‘p sarflanishini qo‘llab-quvvatlamaydi.
Keyinchalik Bayden administratsiyasi loyihaga o‘zgartirish kiritib, uning qiymatini ikki baravarga – 1,75 trillion dollargacha tushirdi. Unda qator tashabbuslar tushib qoldirilgan. Masalan, dori-darmon narxlarini pasaytirish loyihasi.
Loyihada nazarda tutilgan Baydenning asosiy tashabbusi – qayta tiklanadigan energetikaga investitsiya kiritish dasturi amalga oshishiga ham ko‘plab qarshiliklar bo‘lmoqda. Ijtimoiy loyihalardan voz kechish o‘z navbatida senator Berni Sanders hamda kongressvumen Pramila Jayapal yetakchiligidagi demokratlarning so‘l qanoti tanqidiga uchradi.
Vakillar palatasida ham Baydenning tarafdorlari qolganlarning ovozini rad etadigan darajada kutilgan ustunlikka ega emas. Senatda demokratlar atigi bitta ko‘proq ovozga ega. 5 noyabr kuni Kongressning quyi palatasi qiymati 1,2 trillion dollarga teng bo‘lgan yo‘l va boshqa obektlar qurish kabi infratuzilma loyihasini tasdiqladi, ammo aholini ijtimoiy himoya qilish loyihasi muhokamasi keyingi oyga qoldirildi. Markazchilar bunday katta pul ketadigan loyihani tekshirish uchun mustaqil ekspertlarga yuborishga erishgan. Ularning fikricha, ekspertlar bu loyihalar soliq to‘lovchilarga qanchaga tushishini hisoblab chiqishi muhim. Aslida jiddiy masala bo‘yicha muzokaralar uzoq davom etayotgan bir vaqtda bu holat oddiy amerikaliklar uchun foydasiz intrigadek ko‘rinmoqda.
Bayden duch kelayotgan qiyinchiliklarni aslida kutilmagan deyish ham mumkin. Chunki Bayden aynan real o‘zgarishlar qiladigan prezident bo‘lishni va'da qilgandi. O‘zining Senatdagi 36 yillik faoliyatini esa buning kafolati deb ko‘rsatgandi.
FiveThirtyEight so‘rovlariga ko‘ra, faqat 43 foiz amerikaliklar Baydenning ishidan rozi. Taqqoslash uchun, inauguratsiyadan keyin uning reytingi 55 foizga teng edi.
Baydenning reytingi tushishi fonida odamlar prezidentni unga bog‘liq bo‘lmagan narsalarda ham ayblashmoqda. Masalan, so‘rovlarda ishtirok etgan amerikaliklarning 60 foizi inflatsiyada Bayden administratsiyasini aybdor deb biladi. Benzin qimmatlagani va ba'zi tovarlar taqchilligida ham Baydenni ayblashmoqda.
Migratsiya muammosi ham Baydenning nomini qora qilmoqda. AQShning janubiy chegarasida (Meksika bilan) rekord darajada ko‘p migrantlar Amerikaga kirishga urina boshladi. Chegarani buzib o‘tishga urinish chog‘ida qo‘lga olinganlar soni rekord darajada ko‘p. Washington Post kolumnisti Devid Ignatiusning fikricha, Bayden bu ketishda hurmatini yo‘qotib «ado bo‘ladi». Fantastik filmlardan birida va'da qilgan islohotlari faqat qog‘ozda qolib ketadigan prezidentlar shunday ataladi.
Katta sahnaga qaytish ham ortga surildi
Kongressdagi tortishuvlar sabab Bayden Glazgodagi iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha sammitga ham quruq qo‘l bilan borishga majbur bo‘ldi. Chunki uning qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha loyihalari tasdiqlanmay qolmoqda. Aslida Glazgoda Bayden AQShning qayta tiklanuvchi energiya borasidagi aql bovar qilmas ko‘lamdagi loyihalari haqida gapirishi kutilgandi. Ammo o‘z mamlakatida bu borada hech nima qila olmagan Bayden dunyoga aql o‘rgatishga haqli emasdi.
BMT sammitida u oshib borsa Putin va Xitoy raisini tanqid qila oldi. Shuningdek, dunyo mamlakatlarini chiqindilarni kamaytirishga chaqirish bilan bir vaqtda OPeKdan neft qazib olishni ko‘paytirishni so‘rashi biroz mantiqsizlik ekanini tan oldi.
Baydenning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatsizligi boshqa sohalarda ham davom etdi. Masalan, u Britaniya va Avstraliya bilan atomli suvosti kemalari borasida kelishuv imzolab, Fransiya va Avstraliyaning bu boradagi kelishuvi buzilishiga sabab bo‘ldi. Fransiya buni «ortdan pichoq urish» deb atadi. Makron bilan uchrashuvda esa Bayden chindan noqulay harakat qilinganini tan oldi.
Baydenning boshiga balo bo‘layotgan asosiy ishi esa baribir Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqishi bo‘ldi. Oqibatda Afg‘oniston butun dunyo terrorchi deb biladigan «Tolibon» qo‘liga o‘tdi, mamlakatda xaos, qashshoqlik, ochlik va qo‘rquv hukmron bo‘ldi.
Bayden administratsiyasi uchun mag‘lubiyatlar ham boshlanib ketdi. Demokratlar vakili Terri Makoliff Virjiniyadagi gubernatorlik saylovlarida mag‘lub bo‘ldi. Bu saylov demokratik partiya uchun ilk saylov sinovi deb qaralgandi va u muvaffaqiyatsiz kechdi. Gubernatorlikka respublikachi Gleye Yangkin saylandi.
Bu saylovda demokratlar vakiliga Bayden va Obamaning qo‘llab-quvvatlovi ham yordam bermadi. Bu saylovdan keyin respublikachilar keyingi saylovlarda Kongressdagi ustunlikni qaytarib olishlari mumkinligi haqida gapira boshlashdi. Shuningdek, buni odamlarning noroziligi ifodasi deb ataydiganlar ham topiladi. New York Times'ning yozishicha, ko‘pchilik saylovchilar partiya ichidagi muhokamalarga ortiq toqat qilmoqchi emas.
Wall Street Journal'da bu haqda shunday yozishdi: «Janob Bayden Virjiniyadagi mag‘lubiyatdan xulosa chiqarishi va so‘lchilarga «yo‘q» deyishi kerak. Bu balki uning prezidentligini qutqarib qoluvchi oxirgi imkondir».
So‘lchilar esa Baydenning muvaffaqiyatsizligida markazchi demokratlarni ayblashdan to‘xtamayapti. NBC News'dagi kolonkasida bloger Maks Berger qiziq gapni yozib qoldi. Unga ko‘ra, Baydenning qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha loyihasiga qarshilik qilayotgan eng ta'siri katta siyosatchi Jo Manchin neftgaz va ko‘mir kompaniyalaridan saylovoldi kampaniyasi uchun eng ko‘p pul olgan. Endi esa «olgan pullarini oqlayapti».
Chindan Baydenning qayta tiklanuvchi energiya manbalari borasidagi loyihasi neftgaz va ko‘mir kompaniyalariga jiddiy zarba berardi. Bloger ushbu dunyo siyosatiga-da ta'sir ko‘rsatayotgan holatdagi eng muhim omilni to‘g‘ri ta'kidlagan. Bergerning fikricha, Bayden dunyo oldida qizarishiga aynan korporativ lobbistlar sababchi. Ular Jo Manchin va Kristen Sinemani prezident loyihalarini rad etishga «ko‘ndirgan».
Mavzuga oid
14:54 / 22.11.2024
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
09:02 / 20.11.2024
Qayta saylanmaslik erkinligi: Bayden Kiyevga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilmoqda
05:07 / 18.11.2024
Bayden Ukrainaga ATACMS raketalari bilan Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berdi
12:44 / 17.11.2024