O‘zbekiston | 13:52 / 10.11.2021
86156
3 daqiqa o‘qiladi

Qobul Tursunovning so‘nggi farmoyishi: u oxirgi ish kunida 22,5 mlrd so‘m “tarqatdi”

8 noyabr kuni “sog‘ligi davolanish talab etgani” sababli vazifasidan ozod etilgan Navoiy viloyati sobiq hokimi Qobul Tursunov shu kuni farmoyish chiqarib, bir qator tashkilotlarga jami 22 mlrd 491 mln so‘m mablag‘ ajratdi. Bu “saxiylik”ning ayrim nuqtalari savollarni yuzaga keltirmoqda.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi

Hokim farmoyishida mablag‘ ajratilgan vazifalar qatorida maktabgacha ta'lim tashkilotlarining kommunal to‘lovlaridan tortib, Nurota tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyining ta'mirlanishi bilan bog‘liq xarajatlarni ham ko‘rish mumkin.

Ko‘rsatilgan ushbu xarajatlardan biri e'tiborni tortadi.

Farmoyishga ko‘ra, eng katta summa, ya'ni 8 mlrd 23 mln so‘m mablag‘ viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ajratilgan. Xususan, prezidentning 2021 yil 27 maydagi PQ-5130-sonli qaroriga asosan, sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga mablag‘ o‘tkazish xarajatlari uchun 4 mlrd 23 mln so‘m, yangi tashkil etiladigan oilaviy shifokorlik punkti va oilaviy poliklinikalarni ta'mirlash xarajatlari uchun 1 mlrd so‘m hamda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda qo‘llanadigan dori vositalarini sotib olish xarajatlari uchun 3 mlrd so‘m pul berilgan.

Navoiy viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining 2021 yil 20 oktyabrdagi buyrug‘ida esa biroz boshqacharoq holatni o‘qish mumkin. Boshqarma boshlig‘ining mazkur buyrug‘i bilan viloyat bolalar yuqumli kasalliklari shifoxonasida tashkil etilgan vaqtinchalik koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolashga ixtisoslashtirilgan shifo o‘rinlari faoliyati 2021 yil 20 oktabr kunidan to‘xtatilgan.

E'tiborlisi, buyruqda tegishli mas'ullarga inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘laridan olingan dori-darmonlar qoldig‘i to‘g‘risida hisobot topshirish hamda qoldiqdagi barcha dori-darmonlarni zaxira sifatida saqlash topshirilgan. Bu 2021 yil 20 oktabr kuni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi zaxirasida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda qo‘llanadigan dori vositalari yetarlicha bo‘lganini anglatadi.

Qolaversa, hokim farmoyishi ilovasining mazkur bandiga izoh sifatida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining 2021 yil 24 avgustdagi xati ko‘rsatilgan. Ya'ni 2021 yil 24 avgustda xat orqali koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda qo‘llanadigan dori vositalarini sotib olish uchun viloyat hokimligidan mablag‘ so‘ralgan, 2021 yil 20 oktabr holatida boshqarma zaxirasida dori-darmonlar qoldig‘i bor, 2021 yil 8 noyabrda esa hokim farmoyishi bilan so‘ralgan mablag‘ ajratilmoqda. Ikki yarim oy dom-daraksiz yotgan xat ayni lavozim topshiriladigan kuni ijroga qaratib qolingani har qanday kishida shubha uyg‘otishi tabiiy, albatta.

Hokimning farmoyishida 22 mlrd 491 mln so‘m mablag‘ning 22 mlrd 291 mln so‘mi viloyat mahalliy budjetining 3-chorak daromadlarning rejadan orttirib bajarilgan qismi hisobidan, 200 mln so‘mi viloyat mahalliy budjetining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan berilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid