Iqtisodiyot | 15:02 / 10.11.2021
91337
13 daqiqa o‘qiladi

«Sallasi desa kallasi» - respublika bo‘ylab hokim yordamchiligiga mahallabay majburlov ketmoqda

Mahallalarga hokim yordamchilari tayinlanmoqda, mahallaning katta-kichikligiga qarab, 4,5–5,5 mln so‘m maosh va'da qilingan. Joylarda bu ishga moliya-iqtisodiyot sektorida ish tajribasiga ega bo‘lgan kasb egalari, ayniqsa bankirlar o‘tkazilmoqda. Majburan. Va bu hol e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Foto: Tengrinews.kz

Quyi tizim rahbarlari tomonidan yuqoridan tushirilgan topshiriqni «ur-ho ur» usulida kimo‘zarga bajarish borasida navbatdagi «marafon» start oldi. Salla o‘rniga kallani emas, tanani yarim belidan uzib olib borayotganlar ham chiqmoqda.

O‘zimga murojaat qilgan, Samarqanddagi xususiy banklardan birida ishlovchi, 8 mln so‘m maosh, rejani bajarganiga qarab yana 4–5 mln so‘m mukofot puli oluvchi tanishim aytdi: 12–13 mln so‘mlik maoshni tashlab, 4–5 mln so‘mlik maoshga uning e'tirozlariga qaramasdan mahallaga hokim yordamchiligiga o‘tkazish uchun suhbatga chaqirib, ariza yozishga majburlashyapti ekan.

Men bu haqda Telegram kanalimda e'lon qilganimdan so‘ng Samarqand viloyati hokimi matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev aloqaga chiqib, quyi bo‘g‘indagi rahbarlar topshiriqni noto‘g‘ri tushunishayotgani, hech qanday majburlashlar bo‘lmayotganini aytdi. U viloyatda 15 noyabrga qadar tanlov e'lon qilingani, faqat o‘z xohishi bilan ishlovchilar tanlovda qatnashishi mumkinligini bildirdi.

Hokimlik vakiliga vaziyatni tushuntirdim. «Ro‘yxat»ga tushgan boyagi xodimning ism-familiyasi va u ishlaydigan bank nomini ham aytdim. Lekin vaziyat o‘zgarmadi va tanish bankir bugun suhbatga kiradi. Menimcha, uni mahallaga o‘tishga «ko‘ndirishadi».

Qandaydir bahaybat majburlov mexanizmi ishga tushgandek go‘yo...

Prezident nima dedi-yu, «qo‘bizlari» nima qilyapti?

Har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha «hokim yordamchilari» lavozimlari joriy etilishi haqida prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan oyda Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan saylovoldi uchrashuvida ma'lum qilgan edi.

«Endi har bir mahallaning o‘z budjeti bo‘ladi. Shu orqali ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar ajratish, jamoat ishlariga jalb qilish, yoshlarni kasbga o‘qitishni tashkil etish vakolatlari hokim yordamchilariga beriladi.

Hokim yordamchilari iqtisodiyot va investitsiya idoralari, hokimiyatda ishlaydigan bilimli va shijoatli yoshlar orasidan tanlanadi. Lavozimga qo‘yishdan oldin ular ikki oy davomida yangi tizim asosida ishlashga o‘qitiladi. 2–3 yil mahallada fidokorona ishlab, o‘zini ko‘rsatganlarni kelgusida rahbarlik lavozimlariga tayinlaymiz.

Agar ushbu yangi tizim barcha shahar va tumanlarda samarali tashkil etilsa, uch yilda viloyatda ishsizlik va kambag‘allikni keskin qisqartirishga erishiladi», — degan edi davlat rahbari.

16 oktabr kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda esa Mirziyoyev hokim yordamchilari nima ish bilan shug‘ullanishiga oydinlik kiritdi.

«Har bir mahallada joriy etilayotgan hokim yordamchilari lavozimiga ko‘zi yonadigan, ishbilarmon, yangiliklarni joriy etishdan qo‘rqmaydigan, shashti baland yoshlarni tanlab olamiz va oylik maoshini munosib qilib beramiz. Ularda zarur mablag‘, vakolat va mexanizmlar bo‘ladi.

Birinchi bo‘lib, hokim yordamchilari: mahallada uyushmagan yoshlar, ishsizlar, bo‘lajak tadbirkorlar ro‘yxati va ehtiyojlarini aniqlaydi; ularni kasb-hunarga o‘qitishni tashkil qiladi va pulini to‘lab beradi; o‘z ishini boshlayotganlarga zarur uskunalar olishga ko‘maklashadi; banklar bilan birga, oilaviy tadbirkorlik loyihalarini ishlab chiqish, kredit olish va ishga tushirish bo‘yicha yordam beradi.

Tumanni ko‘rmagan odam qanday qilib rahbar bo‘ladi? Odamlarni rozi qiladigan, ishsizlikni kamaytiradigan, bemorlarning davolanishiga ko‘maklashadigan, ta'limga e'tibor beradigan — eng muhimi, mahallada o‘zini ko‘rsatgan odamni men jamoamga olaman. Bo‘lmasa kerak emas! Qog‘ozda maqtab ishga oladigan vaqt o‘tib bo‘ldi», — degan edi prezident.

Moliyachilar sarson va norozi

Rosti, hali ko‘pchilik yangi tizim qanday ishlashidan bexabar. Prezident tashabbusi bilan mahallalarda yangi vertikal tizim yaratilishi ko‘zda tutilgan, ko‘zi yonuvchi, ishlayman degan shashti baland yoshlar bu lavozimga tanlanishi ta'kidlangan bo‘lsa-da, ko‘proq bola-chaqali, o‘z o‘rnini topgan, hozir ishlab turgan kasbini sevadiganlar «issiq o‘rni»ni tashlashga majburlanib, bu ishga o‘tkazilmoqda.

Ya'ni quyi bo‘g‘indagi rahbarlar o‘zlariga berilgan vakolatni suiiste'mol qilib, xayrli tashabbusni yomonotliq qilib ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarni amalga oshirayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kotibiyatidan ishchi guruh a'zolari tasdiqlab berilgan.

Shuningdek, «Hokim yordamchisi» tomonidan mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari va aholida doimiy daromad manbayi yaratish orqali ularning yashash madaniyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar hamda mahallalarda hokim yordamchisi lavozimiga tayinlanadigan nomzodlarga qo‘yiladigan talablar ham e'lon qilingan.

Biroq botga jo‘natilayotgan murojaatlardan ma'lum bo‘lishicha, e'tirozga sabab bo‘layotgan harakatlar faqat Samarqand viloyatida emas, butun respublika bo‘ylab ro‘y bermoqda ekan.

Quyida ushbu muammoga duch kelgan va aloqa boti orqali menga murojaat qilganlarning e'tirozlari bilan tanishing. Ulardan ko‘pchiligi kelajagidan xavotirda, ism-familiyasini sir tutishni iltimos qilishgan. Lekin ularni tashvishlantirayotgan holat ochiqlanishini istashadi.

* * *

Bankirning turmush o‘rtog‘i, oilasi sifatida majburiy bo‘layotgan bu holatga qarshiman. Bizning ish, o‘qish, farzandlarimiz maktab-bog‘chasi nima bo‘ladi?! Hammasini tashlab, tumanning chekka hududlariga ketishni qishning sovuq kunida umuman xohlamaymiz! Qayerga, kimga murojaat qilib noroziligimizni bildirishim mumkin?

* * *

Og‘riqli masalani ko‘taribsiz. Men Qarshidanman, bank mintaqaviy filialida ishlayman. Bizni ham kecha viloyat hokimi suhbatga chaqirdi, hokim yordamchiligiga. Suhbatda meni Qarshi shahriga qo‘ying, desam, shaharda joy qolmagan, deb Qarshidan 100 km uzoqlikdagi borsa-kelmas joy — Mirishkor tumaniga borasan, dedi. Mening bu yerda oilam, bola-chaqam bor. 4–5 mln so‘m oylikka qanday yashayman? U tuman Turkmaniston bilan chegarada joylashgan, mahalla idorasi ham bo‘lmasa kerak. U yerga o‘tsam, shu bilan mening kelajagim o‘ladi.

* * *

Nafaqat biz bankirlarni, balki soliq, moliya va boshqa iqtisodiy kompleks xodimlarini qiynab kelayotgan masalani ko‘targaningiz uchun sizga rahmat. Tuman hokimlari ularni majburiy tartibda hokim yordamchisi lavozimiga o‘tkazish ishlarini olib borishmoqda. Ushbu lavozimga o‘tishga norozi bo‘lgan xodimlardan majburiy tartibda arizalarini olish boshlangan. Barcha hududlar qatori Xorazm viloyati Gurlan tumanida ham shunday.

* * *

Hokim yordamchisi lavozimiga majburan iqtisodchilar o‘tkazilayotgani ayni haqiqat. 70–80 foiz mutaxassislarning xohishi yo‘q, ular majburan surgun qilinmoqda. Asosan bank boshqaruvchilari, o‘rinbosarlari va bo‘lim boshliqlarini olishmoqda.

* * *

4 yil institutda o‘qidim, 8 yil bank tizimida ishladim. Endi esa «kerak bo‘lsa stolbadan ayb topishadi» degan gap bilan boshlangan yig‘ilishda qatnashdim. Bugun yo‘q deb aytdim, ular esa ishdan bo‘shashimni aytishdi. Afsus, bu narsalar tugamaydi, shekilli.

* * *

Shovot tumanida ham, nafaqat tumanda, viloyat bo‘yicha yangi mahallabay ishlash bo‘yicha tashkil qilingan hokim yordamchisi lavozimiga majburlab ishga o‘tkazmoqchi bo‘lishmoqda. Respublikadan ishchi komissiya kelib, majburlab nomzodi qo‘yilgan iqtisodiy kompleks xodimlari bilan birma-bir suhbatlashdi. Hokim yordamchisi lavozimida ishlash istagim yo‘q, deganlarni esa yuqori turuvchi organiga aytib, ishdan oldirish bilan tahdid qilishdi. Xullas, barchani qo‘rqitib, ularni eski ish joyidan bo‘shab, yangi ishga o‘tishga majburlashmoqda.

* * *

Men Xorazm viloyatidanman. Bizda ham shu ahvol: buning biror chorasi bormi? Hokim yordamchisi qilishmoqchi. Yo‘q desak davlatga, prezidentga xiyonat qilyapsan, deb qo‘rqitishyapti. Ishlab turgan ishingdan ham ketasan va hech qayerda ishlay olmaysan, deb majburlashyapti.

* * *

Xonqa tumanida hokim yordamchisi ishiga xodim xohishini inobatga olmasdan, ishga chaqirishyapti. Insonda kasb tanlash erkinligi bormi o‘zi?!

* * *

Shuhrat aka, bu lavozimga o‘tmaslikning qanday yo‘li bor? Ezib yuborishdi-ku?! Rozi bo‘lmasang — xalq dushmaniga chiqarishyapti. Nima qilarini bilmay qoldi odam. O‘zim ishlab o‘tirgan joyimda ham xalqqa xizmat qilyapman-ku?! Qanaqasiga prezident siyosatiga qarshi borgan bo‘laman?

* * *

G‘allaorolda bitta bankdan 6 kishini olishyapti. Kecha 8 soat yig‘ilish bo‘ldi. Jonga tegdi. Nima qilish kerak? Yozib chiqara olasizlarmi?

* * *

Bizda ham shunaqa ahvol. Hokim yordamchisi bo‘lish muammosi. Bankda ishlab turgan o‘rinbosarlar, bo‘lim boshliqlari xodimlari 3 kundan buyon hokimiyatda. O‘tmayman desa boshliqlariga bosim o‘tkazib, ushlab o‘tirishibdi. Shu masalani ko‘proq yoriting, zora mutasaddilar prezidentimiz topshiriqlarini pastda noto‘g‘ri talqin qilishlarini kamaytirishga ozroq bo‘lsa-da hissamiz qo‘shilsin.

* * *

Bizdan ham 3-4 xodimni majburan hokim yordamchisi qilib olishyapti. Avvalgi ish joyimdan hokimiyatning topshirig‘i jonga tekkanidan ketgandim. Endi yaxshi ishga kirgan edim. Yana boshladi hokimiyat. Bu ishxonadan ham majburan ariza yozib, ishdan oldirtirib, hokimiyatga topshirtirishyapti. Boshliq ham nima qilar edi?! Hokimning topshirig‘iga qarshi chiqarmidi? Buxorodan yozyapman. O‘zim boshqa tumanda yashayman. Boshqa tuman hokimi yordamchiligiga o‘tkazishyapti.

* * *

Hozir ko‘pchilik hokim yordamchisi bo‘lishga unamayapti ekan. Shularning o‘rniga bizga o‘xshagan vaqtincha ishsizlarni olsa bo‘lmaydimi?!

* * *

Agar shunaqa majburlayversa, bankdan yana yaxshi kadrlar o‘zini boshqa sohaga uradi. Yaxshi kadrlar yana banklarni tark etadi. Har bir viloyatda boshlangan bu holat. Hamma viloyatda suhbat bo‘lyapti. Obektivkalar olinyapti. Endi prokuratura aralashyapti, xodim berasan deb. Faqat iqtisodchi bo‘lishi kerak ekan.

«Bog‘langan it ovga yaramas»

Ko‘rib turibsizki, moliya, soliq idoralari va banklardagi past maoshli klerk darajasidagi xodimlardan tashqari bo‘lim boshliqlari kabi vazifani egallab turganlar yangi ishga o‘tkazilmoqda. Ko‘pchilik norozi, alamini ichiga yutgan.

Lekin joylarda hozir mahallalarning kamida 30–40 foizi o‘z shaxsiy binosi bo‘lmagan holda, biri maktabda, yana biri kimningdir uyida «sig‘indi» bo‘lib faoliyat ko‘rsatmoqda. Birinchi navbatda shu muammo hal qilinishi kerak emasmi? Hokim yordamchilari qayerda ishlaydi?

Ikkinchidan, xalq saylab qo‘ygan mahalla oqsoqollari ham jig‘ibiyron bo‘lishmoqda: «Mahalladagi muammoni biz borib hokimga aytsak, hal qilish uchun qo‘lidan hech narsa kelmaydi-ku, endi o‘rinbosar borib aytsa muammo yechilib qolarmidi?»

Respublika bo‘yicha 9,2 mingga yaqin mahalla bor. U yerga tayinlanayotgan hokim yordamchilari ko‘zlangan maqsadga yetkazadimi? Muammolar aniqlanib hal etiladimi yoki har doimgidek xaspo‘shlanadimi? Muammolarni hal etish, kambag‘allikni qisqartirish uchun va'da qilingan mablag‘lar talon-toroj etilmasmikan?..

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.

Mavzuga oid