Toshkentda sport tibbiyoti yo‘nalishida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi
Bugun Toshkent shahridagi International Hotel Tashkent mehmonxonasida “Sport tibbiyoti va reabilitatsiyasida innovatsion yondashuvlarning dolzarb masalalari va istiqbollari” mavzusidagi III xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida MDH va Boltiqbo‘yi davlatlari hamda Gruziya sport tibbiyoti va reabilitatsiyasi assotsiatsiyalari rahbarlarining mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur forum Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Sport tibbiyoti va reabilitatsiyasi milliy assotsiatsiyasi, Sport va turizm vazirligining konferensiyalar rejasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada sport tibbiyoti, psixologiyasi, reabilitatsiyasi, genetikasi, farmakologiyasi, fiziologiyasidagi dolzarb muammolar bo‘yicha Rossiya Sport tibbiyoti va reabilitatsiyasi assotsiatsiyasi, mutaxassislari, Federal budjet muassasasi, Federal ilmiy-klinik markazi hamda Federal tibbiy-biologik agentligining mutaxassislari o‘z ma'ruzalari bilan ishtirok etdi.
Shuningdek, amaliyotchi sport vrachlari, trenerlar, psixologlar, diyetologlar, farmakologlar, fiziologlar va genetiklar ham mazkur tadbirga taklif etildi. Ozarboyjon, Ukraina, Belorus, Gruziya, Latviya, Kirg‘iziston, Qozog‘iston, Estoniya davlatlaridan tegishli soha mutaxassislari, mintaqaviy sport muassasalari, federatsiya va assotsiatsiyalar vakillari, shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent farmakologiya instituti, Tibbiy xodimlarni kasbiy rivojlantirish markazi xodimlari uchun ushbu tadbir katta tajriba va poydevor vazifasini o‘tadi.
Konferensiya dasturidan sport tibbiyoti sohasida hozirgi kun uchun muhim bo‘lgan va yechimini kechiktirib bo‘lmaydigan muammo va vazifalar, ularni hal etish masalalari, innovatsion metodlar bo‘yicha olib borilayotgan izlanishlarni va ularning samaralari bilan bog‘liq fikr-mulohazalar o‘rin oldi. Bu esa shubhasizki, yuqori darajali sportchilar va sohani malakali mutaxassislar bilan to‘ldirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi xalqaro anjumanning bosh tashkilotchisi bo‘lib, u O‘zbekistondagi sportchilarning sog‘ligini saqlash, ularning jangovar ruhiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning patologik oldi holatini tashxislash va reabilitatsiyalash bilan shug‘ullanuvchi yagona bosh markazdir. Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, markaz zamonaviy innovatsion uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, yuqori malakali sport vrachlari va tor mutaxassislardan iborat jamoaga, yordamchi diagnostik majmualar (MRT, MSKT-tashxislash, yuqori darajadagi ultratovush uskunalari)ga, shuningdek, 200 dan ortiq tahlillarni amalga oshiruvchi, shu jumladan genetik tadqiqotlarni o‘z ichiga oluvchi klinik tashxis laboratoriyasiga ega. Bularning barchasi O‘zbekiston sportchilarini tibbiy-biologik hamda psixologik qo‘llab quvvatlashga qaratilgan.
Xalqaro doiradagi forum va ilmiy-amaliy konferensiya hamda mahorat darslari sport tibbiyoti, reabilitologiyasi va psixologiyasi sohasidagi mutaxassislar, shuningdek, sportchilarning sog‘ligini saqlash sohasida faoliyat yurituvchi boshqa soha vakillari uchun qiziqarli va foydali bo‘ladi. Mutaxassislar bunday forumlar doirasida o‘z tajribalari bilan almashishlari va sportchilar diagnostikasi va reabilitatsiyasida yangi metodlarga ega bo‘lishlari mumkin.
Xalqaro anjuman ertaga ham o‘z ishini davom ettirib, ishtirokchilar Samarqand va Buxoro shaharlaridagi mutaxassislar ishtirokida mahorat saboqlari o‘tkazadi.
Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi axborot xizmati Ⓣ
Mavzuga oid
10:24 / 31.08.2024
“Faqat yakkakurashlar bilan cheklanib qolyapmiz” - MOQ bosh kotibi
18:40 / 21.05.2024
Parij-2024 olimpiadasiga tayyorgarlik uchun sarflangan mablag‘lar miqdori ma’lum qilindi
19:40 / 23.08.2021
Boksdagi natijalar qoniqarlimi? Tokio olimpiadasi tahlil qilindi
22:45 / 14.07.2021