Jahon | 10:07 / 11.11.2021
3448
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask Twitter’dagi so‘rovnomadan keyin 1 milliard dollarlik aksiyalarini sotdi

Tesla bosh direktori Ilon Mask Twitter’da foydalanuvchilar o‘rtasida o‘z aksiyalarini sotish borasidagi o‘tkazgan so‘rovnomadan keyin kompaniyaning 1,1 mlrd dollarlik aksiyalarini sotdi. Bu undagi Tesla aksiyalarining 0,5 foizini tashkil qiladi.

Foto: Getty Images

Milliarder Twitter’da o‘tkazgan so‘rovnomada foydalanuvchilardan kompaniyaning o‘ziga tegishli aksiyalari 10 foizini sotish-sotmaslikka ovoz berishni so‘ragan va uning natijasiga ko‘ra qaror qabul qilishini aytgan. 

OAVda taxmin qilinishicha, Mask kompaniya aksiyalari narxi oshishidan olgan daromaddan 15 mlrd dollarlik soliqni to‘lash uchun o‘z aksiyalarini sotmoqchi.

Ta'kidlanishicha, Mask 2016 yildan beri birinchi marta o‘z aksiyalarini sotdi. O‘shanda u 590 mln dollarlik daromad solig‘ini to‘lash uchun o‘z aksiyalarini sotishiga to‘g‘ri kelgan.

Tadbirkor o‘tkazgan ovoz berishda 3,5 mln foydalanuvchi ishtirok etgan va ularning 58 foizi aksiyalar sotilishini qo‘llab-quvvatlagan. Buning natijasida Tesla aksiyalari narxi keskin tushib ketgan va Mask 2 kun ichida 50 mlrd dollar yo‘qotgan, kompaniya kapitallashuvi esa 199 mlrd dollarga qisqargan.

Maskning bu yo‘qotishi Bloomberg Billionaires Index reytingi tarixidagi eng katta yo‘qotish bo‘ldi. Biroq shunga qaramay, tadbirkor dunyodagi eng boy odam bo‘lib qolmoqda. 10 noyabr holatiga ko‘ra, uning boyligi 288 mlrd dollarga baholanmoqda.

Forbes reytingiga ko‘ra, Mask 1 noyabrda boyligi 300 mlrd dollardan oshgan tarixdagi birinchi odamga aylangandi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid