Sport | 17:51 / 11.11.2021
10398
6 daqiqa o‘qiladi

O‘FA Jizzaxdagi o‘yinda ommaviy janjalga sabab bo‘lgan «So‘g‘diyona» va «Nasaf» klubi murabbiy va futbolchilarini jazoladi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator futbolchi hamda rasmiylarga nisbatan tartib-intizom choralari belgilandi. Bu haqda tashkilot sayti xabar bermoqda.

Foto: So‘g‘diyona FK

«Jumladan, O‘zbekiston kubogi nimchorakfinal doirasidagi «So‘g‘diyona» – «Nasaf» uchrashuvida «So‘g‘diyona» jamoasining bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev o‘yin davomida bir necha bor hakamlar jamoasi qaroridan o‘z noroziligini qo‘pol tarzda bildirgan. Uchrashuv yakunidan so‘ng esa «Nasaf» jamoasining 92-raqamli futbolchisi Umar Eshmurodov bilan o‘zaro tortishib qolib ommaviy janjal kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Bu esa uchrashuv yakunidan so‘ng muxlislar tomonidan uchrashuv rasmiylari va futbolchilariga har xil buyumlar uloqtirilishiga sabab bo‘lgan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, «So‘g‘diyona» jamoasi vakillari Ulug‘bek Baqoyev hamda Bahodir Nasimov, shuningdek, «Nasaf» klubi futbolchisi Umar Eshmurodovlar 2ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindilar va ularga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Foto: So‘g‘diyona FK

O‘zbekiston kubogi chorakfinal bosqichida «So‘g‘diyona» — «Nasaf» futbol klublari o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida «So‘g‘diyona» futbol klubi muxlislarini muxlislik madaniyatidan chetga chiqib, stadionga turli buyumlarni uloqtirgani, stadion va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqargani, jamoa rasmiy shaxslari tomonidan stadionda tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilgani uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Intizom kodeksining 5.4-bandlariga muvofiq «So‘g‘diyona» futbol klubiga nisbatan Superliganing 25-tur doirasidagi «So‘g‘diyona» — «Nasaf» uchrashuvini tomoshabinlarsiz o‘tkazish intizom chorasi qo‘llanildi», - deyilgan O‘FA xabarida.

Tashkilot bayonotida shu kuni Eshmurodovning Nasimovga nisbatan qo‘polligi – bosh bilan urib yiqitgan vaziyat uchun «Nasaf» futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatmagan hakam Ilgiz Tantashevga nisbatan jazo choralari haqida ma'lum qilinmagan.

Qayd etilishicha, «Nasaf» ustozi Ro‘ziqul Berdiyev Andijondagi o‘yinda kuzatilgan voqealar uchun jazo va jarimaga tortilgan. 

«O‘zbekiston Superligasining 23-turi doirasidagi «Andijon» — «Nasaf» uchrashuvida mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘yinning 70-daqiqasida hakamlar jamoasidan o‘z noroziligini bildirib, jamoani maydondan olib chiqib ketmoqchi bo‘lgani, lekin bir necha daqiqalik muzokaralardan so‘ng u bilan uchrashuvni davom ettirishga kelishilgani, natijada Intizom kodeksining bir necha bandlarini buzilgani aniqlandi. Bundan tashqari, Ro‘ziqul Berdiyev uchrashuvning 90+3 daqiqasida muxlislarga nisbatan nojo‘ya so‘zlar ishlatgani, ushbu holat ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilik e'tiroziga sabab bo‘lgani uchun Ro‘ziqul Berdiyev 2ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va unga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Qo‘mitaga «Bunyodkor» futbol klubi tomonidan xat kelib tushgan. Unda «Bunyodkor» futbol klubi Superliganing 22-tur doirasidagi «Navbahor» — «Bunyodkor» uchrashuvida «Navbahor» jamoasi futbolchisi Sardor Telyakov uchrashuvning 19-daqiqasida raqib o‘yinchisiga nisbatan o‘yin qoidasini jiddiy tarzda buzgani, lekin bu vaziyatda hakam Sardor Telyakovga nisbatan hech qanday ogohlantirish yoki chetlatish qo‘llamaganligi ta'kidlangan. «Bunyodkor» futbol klubi Tartib-intizom qo‘mitasidan Sardor Telyakov nisbatan tegishli chora ko‘rishni so‘ragan.

«2021 yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar Reglamenti»ning 16.3-bandida belgilangan muddatda kiritilmagan hamda uchrashuv qaydnomasida qayd etilmagan shikoyat yoki e'tirozlar ko‘rib chiqilmasligi qayd etilgani uchun Tartib-intizom qo‘mitasi «Bunyodkor» futbol klubining mazkur shikoyat xatini ko‘rib chiqilmasligini lozim topadi», - deyiladi O‘FA xabarida.

Eslatib o‘tamiz, «Andijon» - «Nasaf» (1:1) bahsida uchrashuv bosh hakami Aziz Asimov mehmonlarning golini inobatga olmagan, so‘nggi daqiqalarda «Nasaf» darvozasiga ikkita penalti belgilagan edi. O‘yin paytida mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev jamoasini maydondan olib ketmoqchi bo‘lgan va o‘yindan keyin hakam haqida tanqidiy fikrlar bildirgan edi.

O‘FA futbolchi va murabbiylarga nisbatan jazo choralarini e'lon qilgan bo‘lsa-da, Superliga bahslarida qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygan Firdavs Norsafarov, Akobirxo‘ja Shukurullayev, Ilgiz Tantashev singari hakamlarga nisbatan qanday choralar ko‘rilgani haqida ma'lumot bermagan.

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid