O‘zbekiston | 12:48 / 11.11.2021
4568
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi tizimida noqonuniy xarajatlarni amalga oshirish xavfi mavjud bo‘lgan hududlarning “qizil” ro‘yxati shakllantiriladi

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Xalq ta'limi vazirligining budjet mablag‘larining to‘g‘ri sarflanishiga bag‘ishlangan hay'at yig‘ilishida Andijon viloyati XTB rahbariga intizomiy jazo qo‘llanildi. Bu haqida XTV axborot xizmati xabar berdi.

10 noyabr kuni Xalq ta'limi vazirligida tizimiga ajratilayotgan budjet mablag‘larining to‘g‘ri sarflanishini tashkil qilish va xatoliklarning oldini olish masalalari to‘g‘risida navbatdan tashqari hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tizimdagi moliyaviy xatoliklar, xususan Andijon shahar xalq ta'limi bo‘limi tasarrufidagi maktablarda o‘tkazilgan nazorat tadbiri natijalari muhokama qilindi.

Xabarda aytilishicha, tizimda budjet mablag‘larini sarflashda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qat'iy chora ko‘rish yuzasidan topshiriq berildi. Jumladan:

  • kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan tegishli intizomiy jazo choralarini qo‘llash;
  • xalq ta'limi tizimi bo‘yicha, ayniqsa, Andijon shahar xalq ta'limi bo‘limida mas'ul xodimlarning aloqadorligi yoki harakatsizligi yuzasidan xizmat tekshiruvini o‘tkazish;
  • budjet mablag‘larining noqonuniy sarflanishi va talon-toroj qilinishi holatlarining profilaktikasini ta'minlash va ularning oldini olish yo‘nalishi bo‘yicha choralarni kuchaytirish;
  • noqonuniy xarajatlarni amalga oshirish xavfi mavjud bo‘lgan hududlar bo‘yicha alohida “qizil” ro‘yxatni shakllantirish hamda ularni doimiy nazorat va kuzatuvga olish yuzasidan amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Hay'at yig‘ilishi qarori bilan Andijon viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi rahbariga tegishli intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov vazirlikka tegishli muassasalarda 9 oy davomida 76,5 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlanganini aytgan edi. Bunda eng katta kamchiliklar Andijon viloyatiga to‘g‘ri kelib, 4,5 mlrd so‘m noqonuniy tarzda ish haqi hisobidan soliqlarni to‘lashga yo‘naltirilgan.

Ma'lumot uchun, barcha vazirlik va idoralar ichki audit xizmati natijalarini har chorakda bir marta e'lon qilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Jumladan, Oliy ta'lim vazirligining ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi tomonidan tizimda 9 oyda 13,5 mlrd so‘mlik moliyaviy xatolikka yo‘l qo‘yilgani ma'lum qilingan edi.

Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid