Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chegaradagi migratsiya inqirozi: polshaliklar havoga o‘q uzishdi, Lukashenko gazni uzish bilan qo‘rqitmoqda
Polsha hukumati payshanba kuni yuzlab migrantlar Belarusdagi Belovej o‘rmoni milliy parki yaqinidagi Belovej qishlog‘i hududida chegarani kesib o‘tishga harakat qilishgani to‘g‘risida xabar berdi. Varshavadan kelgan xabarlarga ko‘ra, chegarachilar to‘siqlar osha harakatni to‘xtatish uchun bir necha marta havoga ogohlantiruvchi o‘qlar uzishgan. Bu vaqtda Yevropa ittifoqi va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘rtasida dahanaki jang davom etmoqda: Bryusseldagilar gibrid urush va yangi sanksiyalar haqidagi so‘zlarni takrorladi, Minskdagilar Yevropani gazdan uzib qo‘yish bilan tahdid qildi.
Polsha mudofaa vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, chorshanba kuni 468 nafar migrant chegarani noqonuniy kesib o‘tishga harakat qilgan. 42 kishi qo‘lga olingan - ularga Polsha hududini tark etish buyurilgan va ular Belarusga qaytarib yuborilgan.
Chorshanba kuni eng qizg‘in voqealar Belovej qishlog‘i atrofida bo‘lib o‘tgan.
«Hujum boshlanib, harbiylarga turli buyumlar uloqtirildi, keyin to‘siqni buzib tashlashga urinishdi», deya xabar qilgan Polsha mudofaa vazirligi rasmiysi. U harbiy xizmatchilar ogohlantirish uchun bir necha bor havoga o‘q uzishgani, shuningdek ushbu hududga qo‘shimcha kuchlar yuborilgani haqida qo‘shimcha qilgan. Shundan so‘ng vaziyat tinchlangan va belaruslik chegarachilar migrantlarning katta qismini o‘rmon ichkarisiga qaytarib olib ketishgan.
Migrantlarning boshqa bir guruhi chegarani Shudzyalovo qishlog‘i yaqinida buzib o‘tishga harakat qilishdi. Polsha hukumati ma'lumotiga ko‘ra, bu yerda harbiylardan birining ustiga katta xoda otishgan va bunga javoban havoga ogohlantiruvchi o‘q uzilgan. Shundan so‘ng hujum qilgan qochib ketgan, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Polsha hukumati bundan keyin qochqinlar oqimi ortishi mumkinligidan ogohlantirgan. Varshavaning baholariga ko‘ra, Belarus va Polsha chegarasi bo‘ylab bir necha ming qochqin joylashgan va ularning soni kundan kunga o‘sib bormoqda.
Bryussel qish yaqinlashayotganini hisobga olib, chegaradagi holat gumanitar falokatga aylanishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Ichida bolalar ham ko‘p bo‘lgan yuzlab migrantlar palatkalarda tunamoqda, ammo tunda havo harorati noldan pastga tushishi boshlangan. Ayrimlar shunchaki ochiq osmon ostida uxlashiga to‘g‘ri kelmoqda, so‘nggi haftalarda bir necha kishi muzlab qolib jon bergan.
Boltiq bo‘yi davlatlari harbiy qarama-qarshilik tahdidi haqida gapirmoqda
Yevropa ittifoqining hisoblashicha, Belarus va Polsha chegarasidagi migratsiya inqirozi Aleksandr Lukashenko tomonidan uyushtirilgan, ularning fikricha, u 2020 yilgi prezidentlik saylovlaridan keyin mamlakatda boshlangan namoyishlar kuch bilan bostirilishiga javoban G‘arb tomonidan qo‘llangan sanksiyalar uchun qasos olishga harakat qilmoqda.
Lukashenkoning o‘zi ro‘y berayotgan voqealarda G‘arbning o‘zini ayblamoqda va ular migrantlarni qabul qilishni istamayotganini aytmoqda.
LEONID SHCHEGLOV/TASS
Chorshanba kuni Litva, Latviya va Estoniya mudofaa vazirliklari chegaradagi mojaro qurolli nizoga aylanib ketishi mumkinligidan xavotir bildirishdi, avvalroq Polsha hukumati ham shu taxlit bayonot bergandi.
Boltiq bo‘yi davlatlari Belarus rejimining gibrid hujumni davom ettirib, mintaqadagi vaziyatni qasddan keskinlashtirishi Yevropa xavfsizligiga tahdid solayotganini qoralashgan. «Bu harbiy o‘zanga o‘tib ketishi mumkin bo‘lgan provokatsiyalar va jiddiy hodisalar ehtimolini oshiradi», deyiladi ularning qo‘shma bayonotida.
Bu vaqtda Reuters manbasi YeI Minsk xalqaro aeroportiga sanksiya qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berdi, bu esa aeroportning moliyalashtirilishi va jihozlar ta'minotini qisqartirishi mumkin. Agentlikning aniqlik kiritishicha, bu aeroportda yuk tashish bo‘yicha operator Germaniyaning Lufthansa Cargo kompaniyasi hisoblanadi.
Chorshanba kuni Bloomberg agentligi Yevropa Rossiyaning «Aeroflot» aviakompaniyasiga qarshi sanksiya qo‘llash masalasini ko‘rib chiqayotgani to‘g‘risida xabar tarqatgandi. Ammo Rossiya milliy aviatashuvchisi migrantlarni ommaviy ravishda Belarusga tashiyotgani to‘g‘risidagi gumonlarni rad etdi.
YeI va AQSh Yaqin Sharq mamlakatlaridan Belarus hududida migrantlarni tashishda ishtirok etayotgan aviakompaniyalarga qarshi sanksiyalar qo‘llashi mumkinligi haqida avvalroq Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen aytib o‘tgandi. Uning bunday bayonoti AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuvdan keyin yangragan, ammo aviakompaniyalar nomi tilga olinmagandi.
Bunday kompaniyalar orasida Suriyaning Cham Wings aviakompaniyasi ham bo‘lishi mumkinligi aytilgan, ochiq manbalar ma'lumotiga ko‘ra, oktabr va noyabr oylarida bu aviakompaniya Iroqdan Belarusga kamida to‘rtta reys amalga oshirgan. Lekin bu kompaniya samolyotlari avval ham Minskka parvozlarni amalga oshirgani to‘g‘risida ma'lumot yo‘q.
Bu xususiy aviakompaniya 2016 yilda Amerika sanksiyalariga uchragan. Vashington uni Suriyaga Bashar Asad tomonida urushuvchi jangarilarni, shuningdek, Suriya harbiy razvedkasi uchun qurilmalar va qurollar tashishda ayblagan. AQSh Cham Wings Erondagi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan ham hamkorlik qilishini aytgan.
Belarus chegarasidagi vaziyat tufayli payshanba kuni Ukraina chegara xizmati mashg‘ulotlar o‘tkazishga kirishdi. Undan maqsad - migratsiya inqirozi Belarus-Ukraina chegarasiga ham yetib kelishiga tayyorlanishdir.
«Migrantlar bilan bog‘liq ehtimoli inqirozga qarshi turish uchun biz IIV ixtiyoridagi besh tuzilmani harakatga keltirdik», dedi Ukraina ichki ishlar vaziri Denis Monastirskiy.
Ukraina YeI tarkibiga kirmasa-da, Kiyevdagilar Lukashenkoning do‘st bo‘lmagan rejimi ular tomonda ham xaos yuzaga keltirishga harakat qilib ko‘rishini istisno etmayapti.
Estoniya, Fransiya, Irlandiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya, AQSh, shuningdek, Albaniya Belarusdagi vaziyat bo‘yicha bayonot berib, Minskni migrantlardan qo‘shni mamlakatlardagi vaziyatni izdan chiqarishda foydalanishda aybladi. AQShning BMT qoshidagi vakolatxonasi saytida e'lon qilingan bayonotda aytilishicha, ushbu mamlakatlar «maqsadi qo‘shni mamlakatlar va Yevropa Ittifoqidagi vaziyatlarni beqarorlashtirish bo‘lgan Belarusning siyosiy manfaatlari yo‘lida hayoti va farovonligi xavf ostiga qo‘yilayotgan odamlardan foydalanish va mamlakat ichida inson huquqlarining buzilishidan e'tiborni chalg‘itish» borasidagi harakatni qoralaydi.
Tomonlar Belarusning bu kabi harakatiga «xalqaro miqyosda keskin javob berilishi lozimligi»ni ma'lum qilgan. Shuningdek, ular Minskni insonlar hayotini xavf ostiga qo‘ymaslikka va xalqaro tashkilotlarga gumanitar yordamlarni yetkazib berishda to‘sqinlik qilmaslikka chaqiradi.
Lukashenko gazni uzish bilan tahdid qildi
Payshanba kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Yevroittifoq tomon qaratilgan bir necha bayonotlar berdi, jumladan, Bryusselga «Yamal-Yevropa» gazquvurini uzib qo‘yish bilan tahdid soldi.
«Biz Yevropani isityapmiz, ular esa chegarani yopish bilan tahdid qilishyapti. U yerga tabiiy gaz berilishini yopib qo‘ysak-chi? Shuning uchun Polsha, Litva rahbariyati va boshqa boshi yo‘qlarga gapirishdan oldin o‘ylashni maslahat beraman», dedi Lukashenko hukumat yig‘ilishida.
Belarus yetakchisi Rossiya bilan Belarus chegaralarini birgalikda qo‘riqlash bo‘yicha kelishuvga erishilgani, chunki chegara yaqinida NATOning strategik bombardimonchi samolyotlari paydo bo‘lgani haqida gapirgan.
«Men kecha ular bu yerga strategik bombardimonchilarni yuborishdi, bizning qiruvchi samolyotlar ularning harakatini kuzatib turgan. Biz chegaradagi vaziyatni doimiy ravishda monitoring qilib turishimiz darkor. Mayli, chiyillab, baqiraverishsin. Ha, bu yadro quroli olib yurishi mumkin bo‘lgan bombardimonchi samolyotlar. Bu halqani - Boltiq bo‘yi, Polsha va Ukrainani rossiyalik va belaruslik harbiy xizmatchilar nazorat qilib turishi kerak», degan Lukashenko.
Lukashenko qo‘shinlarni mamlakat chegaralariga olib borish bo‘yicha ko‘rsatma bermagani, ammo «har qanday holatga tayyor turish lozimligi»ni ta'kidlagan.
«Biz oldindan ko‘ra bilishimiz kerak. Hammasini. Chegarada urush tayyorlashsa va biz bunga tayyor bo‘lmay qolishimizga yo‘l qo‘ymaslik uchun», deya Lukashenkoning so‘zlarini keltiradi «Interfaks».
Mavzuga oid
20:28 / 07.05.2025
Lukashenko 8 ming mahkumga amnistiya qo‘llash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
15:31 / 03.05.2025
Belarus O‘zbekistonda yig‘ma yog‘och uylarni ishlab chiqarishni tashkil etishi mumkin
15:14 / 01.05.2025
Polsha O‘zbekistondan haydovchilarni ishga jalb qilish imkonini o‘rganmoqda
22:19 / 25.04.2025