Biz sayt ishlashini yaxshilash va sizga qulaylik yaratish uchun cookies-fayllardan foydalanamiz. Davom etish orqali siz cookies-dan foydalanishga rozilik bildirasiz. Maxfiylik siyosati Kun.uz
Farg‘onadagi Tarona ko‘chasida yashovchi fuqarolar asfaltlanayotgan yangi yo‘ldan nega norozi?
Farg‘ona shahridagi Tarona ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi bir guruh fuqarolar yotqizilayotgan yangi asfalt yo‘l oqibatida yog‘in-sochinlarda to‘plangan suv uy yerto‘lalarigacha kirib ketishi mumkinligini bayon qilishdi.
Murojaatchilar mazkur qurilish ishlari mantiqqa to‘g‘ri kelmasligi, ko‘cha tuprog‘ini buldozerda surib, uy sathi bilan tenglashtirish va ko‘chaning har ikki tomoniga lotok yotqizilishi lozimligi borasida qurilish ishlarini olib borayotgan tashkilot xodimlariga, shahar hokimligiga, kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati mutasaddilariga ham arz qilishgan.
Kun.uz muxbiri holat bilan yaqindan tanishish maqsadida hududda bo‘ldi.
Shu yerda yashovchi Bekzodbek Noraliyev muammoli holat bo‘yicha qo‘yidagilarni so‘zlab berdi:
Bekzodbek Noraliyev / Foto: Kun.uz
«2017 yilda yaxshi niyat bilan mana shu joydan xonadon sotib olgan edik. Kelganimizda bu yerlar bir chiqindizor bo‘lib, har xil hidlar atrofga taralab yotardi. Qo‘ni-qo‘shnilar bilan kelishib, uyushib, o‘zimiz hududni obod qildik, archa ko‘chatlari ekdik.
Endilikda yo‘l bo‘ladi, deb xursand bo‘lib turganimizda yashayotgan «dom»imiz maydonidan bir, bir yarim metr balandlikda asfalt yotqiziladigan bo‘lyapti. Erta-indin 3-4 kun tinmay yomg‘ir yog‘ib bersa, to‘plangan suvlar pastlikka — biz yashayotgan uy tomon qarab oqadi. Yerto‘lalar suv bilan to‘ladi.
Foto: Kun.uzFoto: Kun.uz
Buning oqibatida har xil kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Biz xohlardikki, mutasaddi tashkilotlar kelib o‘rganishsa. Qurayotgan yo‘lning sathini balandroq emas, yashash joyimiz bilan teng qilib berishsa yaxshi bo‘lar edi.
Bu borada biz shahar hokimiyati va boshqa tegishli tashkilotlarga chiqdik. Lekin masala ijobiy hal bo‘lmadi».
Muxtor Yo‘ldashev / Foto: Kun.uz
Fuqarolardan yana biri Muxtor Yo‘ldashev yo‘lni qurayotgan qurilish firmasi ishchilari hududda qolib ketgan katta toshni tuproq ostiga ko‘mish maqsadida qazgani va buning oqibatida ichimlik suvi quvuriga zarar yetgani, aholi bir sutka davomida suvsiz qolganini kuyunib so‘zlab berdi.
Foto: Kun.uz
«Yo‘lsozlarimiz kelib ikkita katta beton toshni boshqa hududga olib chiqib ketish o‘rniga tuproq ostiga ko‘mib qo‘yamiz, deb suv quvurimizni teshib qo‘yishdi. Buning oqibatida «dom»imizda bir kun suv bo‘lmadi. Hozir ham suv oqib yotibdi.
Foto: Kun.uzFoto: Kun.uz
Uyimiz old tomoniga latok o‘rnatishgan edi. Uni ham olishib boshqa joyga o‘rnatishdi. Uyni sotib olayotgan paytimizda bino eskizida mazkur yo‘l Avval qishlog‘i yo‘liga ulanadi, deyishgan edi. Yo‘limiz esa yarmiga kelib boshqa tomonga burilib ketadigan bo‘lib, bir tomoni qolib ketyapti. Biz tegishli idoralardan holatni yaxshilab o‘rganib yo‘lning muvozanatini olib, mukammal ish qilib berishlarini so‘raymiz».
5 yildan beri shu hududda istiqomat qilib kelayotgan Ilhomjon Nishonov masala yuzasidan ko‘p tashkilot eshiklarini qoqqani haqida ta'kidladi:
Ilhomjon Nishonov / Foto: Kun.uz
«Qilayotgan asfaltlari biz yashayotgan uyga to‘g‘ri kelmayapti. Avval yotqizgan lotoklari yo‘lning narigi tomoniga, ya'ni domimizning shundoq yoniga o‘rnatilgan edi. Endi esa aynan o‘sha lotok qayta kovlab olinib, yo‘lning boshqa bir tomoniga o‘rnatildi. Bizning domga qaraganda asfalt ancha balandda joylashyapti. Suv bizning domga ketadigan bo‘lyapti.
Mas'ullarga chiqib holatni tushuntirsak, «loyiha shunday qilingan», deyishyapti. Avvalgi qo‘yilgan lotokni boshqa firma qilgan ekan. O‘sha firma qilgan loyiha xato bo‘lgani uchun qurilish ishlarini boshqa firmaga berdik, deyishdi.
Foto: Kun.uz
Istardikki, lotokni ham ikki tomonga qo‘yib, balandlikda qilinayotgan asfalt o‘rni pastlatilishi kerak. Domdan katta ko‘cha tomonga ham yo‘l yo‘q.
Kuni kecha qurilish qilayotgan firma prorabi bilan masala yuzasidan gaplashdik. Ular domimiz yonini tekislab yomg‘ir suvi o‘tmaydigan «uklon» qilib beramiz deyishdi. Yerni pasaytirib beringlar desak, sizlarniki xususiy domlaring pastlikda joylashib qolgan, ko‘p tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilgan loyiha bu, yo‘lni pastlashtirishning iloji yo‘q, deyishdi.
Uyni sotib olishimizdan avval bu yerga katta yo‘l tushishi haqida aytishgandi. Lekin yo‘l ustiga yana ko‘p qavatli uy qurilib loyihadagi yo‘l ham berkilib ketdi. Yo‘lning bo‘yi bo‘lar ekan deb uyni sotib olgandik. Davlat ishida ishlamaganim bois uy naqd pulga olingan, kreditga emas. Mol-qo‘yni sotib uy olgan edim».
Foto: Kun.uz
Aholi bilan suhbatlashib turgan payt qurilish ishlarini nazorat qilib turgan xodim yonimizga keldi. O‘zini Abduhofiz Boboyev deb tanishtirgan xodim qurilish firmasida ish boshqaruvchi ekani, qurilayotgan yo‘l loyiha bo‘yicha ketayotgani, agar holat ijtimoiy tarmoqqa chiqib ketadigan bo‘lsa yo‘l asfalt qilinmay shag‘alligicha shu holatda qolib ketishini ta'kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, aholi suv yo‘lini to‘sish uchun lotok o‘rnatilishini talab qilinayotgan joy o‘rnida gulzor va o‘yingoh bo‘ladi.
Bir ozdan so‘ng yo‘l qurilish ishlarini amalga oshirayotgan «Mig dom stroy» MChJ rahbari Rahmatillo Hoshimov hududga yetib keldi. Holat bo‘yicha quyidagilarni so‘zladi:
Rahmatillo Hoshimov / Foto: Kun.uz
«Qilinayotgan ishlarimiz buyurtmachi tomonidan berilgan loyiha asosida qurilish normativlariga asosan olib borilyapti. Muammoli holat loyihachi va buyurtmachilar tomonidan kelishuv asosida hal qilib berilsa, biz ham shunga asosan qurilish pozitsiyasini o‘zgartirib, hal qilib beramiz.
Shu paytgacha qilinayotgan ishlarimiz loyihadan chetga chiqmagan holda qilinyapti. Buyurtmachi va loyihachilar tomonidan murosaga kelinsa, yo‘l bo‘yicha mutaxassislar holatni kelib o‘rganishsa, nizoli jarayon ijobiy hal bo‘ladi. Ishni boshlaganimizga 10 kun bo‘ldi. Mazkur loyiha «Farg‘ona yo‘l loyiha» tashkiloti tomonidan bizga taqdim etilgan.
Foto: Kun.uz
Nizoli holat bo‘yicha Farg‘ona shahar hokimligining qurilish bo‘limi mas'ullaridan munosabat olmoqchi bo‘lib hokimiyat binosiga kirdik. Lekin ular bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. Shundan keyin holat yuzasidan kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati tashkiloti rahbariyatiga yuzlandik. Aynan shu tashkilot «Farg‘ona yo‘l loyiha» bilan loyiha bo‘yicha kelishuvga erishgan ekan.
Foto: Kun.uz
Tashkilot rahbari o‘rinbosari Nozimjon Ahmadaliyev bizga muammoni joyiga borib o‘rganish lozimligi, loyiha qilgan tashkilot bilan hamkorlikda masala atroflicha ko‘rilishini ta'kidladi.
Nozimjon Ahmadaliyev / Foto: Kun.uz
Ertasi kuni loyihani amalga oshirgan tashkilot xodimlari, viloyat hokimligi qoshidagi kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati mas'ullari hamda shahar hokimligidan mas'ullar bahs-munozarali joyga kelishdi.
Farg‘ona shahar hokimining qurilish masalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilshod Omonov holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi:
Dilshod Omonov, Farg‘ona shahar hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari / Foto: Kun.uz
«Farg‘ona shahar Mustaqillik shaharchasidagi barcha ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilgan. Aholi allaqachon bu yerda istiqomat qilib keladi. Lekin shu kungacha bitta og‘riqli masala — yo‘l masalasi hal qilinmagan.
Viloyat hokimiga rahmat, bu loyihani dasturga kiritib berdi. 1200 metrdan iborat yo‘l qurilishi hamda piyodalar yo‘lagi, veloyo‘lak hamda sug‘orish tizimlarini o‘ziga qamrab olgan loyiha «Farg‘ona yo‘l loyiha» instituti tomonidan ishlab chiqildi.
Foto: Kun.uz
Hozirgi kunda viloyat yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi tomonidan tender o‘tkazilib, pudratchi tashkilotlarga biriktirilgan.
Haqiqatan ham bu yerdagi yo‘l tekis bo‘lmagani uchun yotqizilayotgan shag‘allarni tekislab ustiga asfalt qoplamasi qoplash hamda piyodalar va veloyo‘laklarni joylashtirish, ularni qurish ishlari boshlab yuborildi. Yo‘lni qisqa muddat ichida foydalanishga topshiramiz. Obekt bo‘yicha pudratchi tashkilot tomonidan uchrayotgan masalalarni yechib kelyapmiz.
Bu yerdagi yo‘l masalasi belgilangan loyiha asosida aholiga maskimal darajada xizmat qiladigan yo‘l tayyorlanyapti.
Loyiha bo‘yicha belgilangan lotok qo‘yiladi. Faqatgina lotok tomonga yomg‘ir yoki qor suvi ketadigan bo‘ladi. To‘plangan suv markazlashgan irrigatsiya tarmog‘i orqali oqib ketadi.
Foto: Kun.uz
Tasdiqlangan loyihadan tashqari, biz boshqa xarajatlarni amalga oshira olmaymiz. Chunki bizga ajratilgan mablag‘lar hisobiga loyihalashtirish ishlari amalga oshirilgan. Bu yerda qurilayotgan yo‘ldan, o‘rnatiladigan lotoklardan maksimal darajada aholiga faqatgina yordam tegadi, xolos. Chunki hech qanday yog‘ingarchilik aholining ko‘p qavatli uyiga oqib kirishi mumkin emas».
Loyihani amalga oshirgan «Farg‘ona yo‘l loyiha» instituti direktori o‘rinbosari Hamidjon Boltaboyevga munozarali masala yuzasidan mikrofon tutdik. Mulozim bu boradagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Hamidjon Boltaboyev / Foto: Kun.uz
«Past deyilayotgan binodan tashqari yana bu yerda ikki va uchta shunday binolar bor. Binolar plani bir-biridan farq qilgan, ya'ni binolar bir-birga yaqin bo‘lgani uchun bu yerda ko‘ndalang nishablik bor. Bir tomonga «uklon» bor. Shu uklonni hisobga olib yo‘lning bo‘ylama nishabligi qabul qilingan. Faqatgina murojaat yo‘llagan aholi yashaydigan binoga emas, qolgan binolarga ham mos ravishda loyiha qabul qilingan. Shaharsozlik normalari va qoidalari bo‘yicha 38-jadvalda ko‘ndalang bo‘ylama nishabliklar shu bo‘yicha qabul qilingan.
Foto: Kun.uz
Loyihani o‘zgartirish masalasida yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasidan ruxsatsiz biz bu loyihaga o‘zgartirish kirita olmaymiz. Biz loyihani tasdiqlangan texnik norma bo‘yicha amalga oshiramiz.
Mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, bu yerda to‘plangan suvlar qo‘p qavatli uy tagiga oqishi mumkin emas. Biz yo‘lning uklonini ko‘ndalang qiyaligini bir tomonga berganmiz. Yog‘ingarchilikda muammo bo‘lmaydi».
Keyingi yillarda pudratchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan qurilish ishlarining sifatsizligi aholining asosli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Biz o‘rgangan nizoli holatda yo‘l murojaatchilarning xavotiriga o‘rin qolmaydigan darajada mukammal qurilishining tarafdormiz. Erta-indin yog‘ingarchilik suvi ko‘p qavatli uyning tagiga to‘planishini inkor qilib bo‘lmaydi. Bu yog‘i loyihaning nechog‘lik to‘g‘ri qilingani va pudratchi tashkilotning amalga oshirgan ishiga bog‘liq.