O‘zbekiston | 11:50 / 12.11.2021
4710
4 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda maktabning sport maydonchasiga bog‘cha qurish rejalashtirilmoqda. Pedagoglar bunga qarshi bo‘lyapti

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida joylashgan 64-maktabning sport maydonchasi o‘rnida bog‘cha qurilishi rejalashtirilmoqda. Pedagoglar bunga rozi emas. Ular yer maktabning o‘zi uchun ham kerakligini aytmoqda.

Foto: Kun.uz

Kun.uz’ga navbatdagi murojaat Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanining Ko‘l qishlog‘ida joylashgan 64-maktab jamoasidan yo‘llandi. Murojaatda yozilishicha, tuman hokimligi va mahalla mutasaddilari tomonidan maktabning sport maydonchasi tortib olinib, u yerda bog‘cha qurish rejalashtirilyapti. Maktabda tajriba yer uchastkalari mavjud emas. Sport maydonchasi ham belgilangan standartlardan kichik. Shuningdek, maktabda alohida oshxona, ustaxona, omborxona kabi qo‘shimcha binolar yo‘q.

Foto: Kun.uz

«Tuman hokimligi va mahalla mutasaddilari maktabimizning sport maydonchasini bog‘cha qurish uchun tortib olishmoqchi. Holbuki, maktabda barcha sharoitlarni belgilangan standartlarda ko‘rsatilganday tashkil etish uchun yer maydoni yetishmaydi. Shunday bo‘lsa ham sport maydonchasida bog‘cha qurish mo‘ljallangan. Yaqin yillarda qishloq aholisi ko‘payadi. Hozir maktabda o‘quvchilar ikki smenada o‘qimoqda. Maktab yer maydoni hisobidan yaqin kelajakda yangi maktab qurish lozim bo‘ladi. Ammo buni tuman hokimligi va mahalla mutasaddilari inobatga olmayapti. Biz 64-maktab jamoasi maktab yeri tortib olinishiga qarshimiz», deyiladi murojaatda.

Mahalla ahlining bildirishicha, 2020 yilda 64-maktab filialiga qarashli yer tortib olinib, u yerda mahalla idorasi qurilgan. Bugun filialda umuman yer qolmagan. Endi esa 64-maktabning asosiy binosi oldidagi sport maydonchasini ham tortib olish payida bo‘lishyapti.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Kun.uz 64-maktab jamoasi yo‘llagan murojaat yuzasidan Shahrisabz tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Bahodir Halimov bilan bog‘landi. Uning aytishicha, Ko‘l qishlog‘i tog‘lar bag‘rida joylashgan va u yerda ijtimoiy hamda ma'muriy binolar qurish uchun tekis yerni topish amrimahol. Shu sababli bog‘cha qurish uchun 64-maktabning sport maydonchasi o‘rni tanlangan. Tartib bo‘yicha u yerda bog‘cha qurish uchun Xalq ta'limi vazirligining roziligi kerak bo‘ladi va shu masalada vazirlikka murojaat qilingan. Hozirda vazirlikning javobi kutilyapti.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Bahodir Halimov 64-maktab jamoasi bog‘cha qurilishiga e'tiroz bildirayotgani haqida eshitib, shu ishga mas'ul bo‘lgan mutasaddining telefon raqamini berdi. Ammo mutasaddi fuqarolar qabulida ishtirok etayotgani uchun u bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Mahalla uchun bog‘cha ham kerak. Ammo o‘zi shundoq ham sharoitlari va binolari yetarli bo‘lmagan maktab yerini tortib olib bog‘cha qurish qanchalik to‘g‘ri? Kun.uz jamoasi Ko‘l qishlog‘ida ikki marta bo‘lgan. Haqiqatan qishloq tog‘larga tutash qirda joylashgan. Ammo bu qishloqda bog‘cha qurmoqchi bo‘layotganlar biroz mablag‘ sarflashsa bog‘cha uchun yer ochsa bo‘ladi. Aftidan mahalla va tuman hokimligi mutasaddilari maktabga qarashli yerni tortib olib, masalani osonroq yechish payida bo‘lishyapti.

G‘ayrat Yo‘ldosh

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid