10 oyda salkam 2 mingta o‘lim. O‘zbekistonda YTHlar statistikasi e'lon qilindi
Yilning 10 oyi davomida respublika yo‘llarida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarida 2 mingga yaqin kishi halok bo‘lgan, 6900ga yaqin kishi tan jarohati olgan.
Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi 2021 yil noyabr oyigacha respublika yo‘llarida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari haqida statistik ma'lumotni e'lon qildi.
Unga ko‘ra, yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida jami 7681ta YTH ro‘y bergan. Ularda 1964 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 6886 kishi turli darajada tan jarohati olgan.
Hududlar kesimida qaraladigan bo‘lsa, eng ko‘p yo‘l-transport hodisalari Farg‘ona viloyatida ro‘y bergan – 1173ta.
Toshkent viloyatida 1023ta, Toshkent shahrida 842ta YTH ro‘yxatga olingan. Namangan viloyatida 830ta YTH yuz bergan bo‘lsa, Samarqand viloyatida bu raqam 825tani tashkil etmoqda.
Yo‘l-transport hodisalari haydovchilar yoshi kesimida tahlil qilinsa, eng ko‘pi, ya'ni 1613tasini 23-27 yoshdagi haydovchilar tomonidan sodir etgani ko‘rinadi. Umuman, eng ko‘p avariyalar 37 yoshgacha bo‘lgan haydovchilar tomonidan etilgan. 7681ta YTHdan 4370tasi ayni shu yoshdagi haydovchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. 47 yoshdan katta haydovchilar esa, 10 mobaynida 1106ta YTH sodir etgan.
Shu bilan birga, YTHlardagi boshqa ishtirokchilar tahlil qilinsa, bunda piyodalar yetakchi o‘rinda – 3441ta holatda ular bevosita ishtirok etgan. 1268ta hodisa bolalar ishtirokida sodir bo‘lgan.
YTHlarning aksari (2785ta) davlat ahamiyatiga molik yo‘llarda yuz bergan. Shahar yo‘llarida 1981ta, mahalliy yo‘llarda 1613ta va xalqaro yo‘llarda 1302ta ro‘y bergan.
Qayd etilishicha, avariyalarning katta qismi, ya'ni 5187tasi sutkaning yorug‘ vaqtiga to‘g‘ri kelgan. Tungi vaqtlarda 2497ta YTH ro‘y bergan. Hafta kunlarining payshanba, juma va shanba kunlarida ko‘proq YTHlar ro‘yxatga olingan. Raqamlarda ifodalansa, tegishli ravishda 1125-1162-1142tani tashkil etadi.
YHXBB hodisalarning kelib chiqish sabablariga ham oydinlik kiritgan.
1782ta YTH yo‘l harakatini noto‘g‘ri tashkil etish yoki yo‘llardagi nosozliklar tufayli ro‘y bergan. Bu jami yo‘l-transport hodisalarining 23,2 foizini tashkil etmoqda. 1705ta holatda piyodalar o‘tish joyi bo‘lmaganligi sababli piyodalarning belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tishi (22,2 foiz) bilan bog‘liq. 1221 ta YTH (15,9 foiz) tezlikni me'yordan oshirib yuborish sababli sodir bo‘lgan.
Ma'lumotlarda ko‘rish mumkinki, hodisalarning 7,6 foizida, ya'ni 584tasida piyodalar piyodalar o‘tish joyida urib yuborilgan.
Shuningdek, yo‘l-transport hodisalarining aksariyati, ya'ni 7479tasini erkak haydovchilar sodir etgan. 202tasi ayol haydovchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Mavzuga oid
18:39 / 20.11.2024
2024 yilda Qirg‘izistondan O‘zbekistonga gaz eksporti 5 barobar oshdi
13:58 / 31.10.2024
O‘zbekistonda ko‘proq qaysi davlat fuqarolari tahsil olayotgani ma’lum qilindi
10:50 / 31.10.2024
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi top 10 davlatlar ma’lum qilindi
08:10 / 29.10.2024