Jahon | 10:36 / 14.11.2021
4961
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya Belarus chegarasidagi migratsiya inqirozida Rossiyani aybladi

Foto: TASS

Britaniya tashqi ishlar vaziri Elizabet Trass Belarus-Polsha chegarasidagi migrantlar bilan bog‘liq vaziyatga Rossiya javobgar ekanini aytdi. Uning fikricha, Moskva migratsiya inqiroziga chek qo‘yish uchun Minskka ta'sir o‘tkazishi lozim. Trass, shuningdek, Yevropani “Shimoliy oqim-2” gaz quvuriga qarshi sanksiyalar kiritishga chaqirdi.  

“Rossiya yaqqol javobgar hisoblanadi. U inqirozga chek qo‘yish va muloqot boshlash uchun Minskka bosim o‘tkazishi lozim”, deb yozgan Britaniya tashqi ishlar vaziri The Sunday Telegraph nashri uchun yozgan maqolasida.    

Trassning ta'kidlashicha, migratsiya inqirozi Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko tomonidan Belarusdagi inson huquqlari buzilishlari va hukumatning ishlaridan e'tiborni chalg‘itish maqsadida rejalashtirilgan. U Lukashenko tuzumi migrantlardan “gumanitar oqibatlarga qaramay, barqarorsizlik vujudga keltirish va hokimiyat tepasida qolish maqsadida” foydalanayotganini aytgan. 

Trass Britaniya NATO sammitida “Yevropa davlatlari erkinliklari, iqtisodiyotlari va demokratiyasiga rahna solayotganlar” tomonidan qo‘llanayotgan “XXI asrdagi tajovuz usullariga qarshilik ko‘rsatishni” taklif qiladi. “Men butun Yevropadagi do‘stlarimiz bizsha qo‘shilishini istayman. Bu, misol uchun, “Shimoliy oqim-2” gaz quvuriga birgalikda qarshi turishni anglatadi”, deb ta'kidlab o‘tgan vazir.

Ayni vaqtda Polsha va Belarus chegarasida migratsiya inqirozi davom etmoqda. Yevropa davlatlari Belarusni ushbu inqirozni ataylab vujudga keltirishda ayblamoqda va Minskka qarshi sanksiyalar kiritishini aytmoqda. Belarus prezidenti bunga javoban Yevropa ittifoqiga Yamal-Yevropa gaz quvuri orqali yetkaziluvchi gazni yopish bilan tahdid qilgan.

O‘z navbatida, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov migratsiya inqirozida Moskvaning ayblanishini “safsata” deb atagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid