Jahon | 22:13 / 14.11.2021
16302
6 daqiqa o‘qiladi

Migrantlar orasida Germaniya yordami haqida mish-mish tarqaldi. Polsha chegarasidagi vaziyat bo‘yicha so‘nggi xabarlar

Polsha IIV Belarus-Polsha chegarasidagi migrantlar orasida ularni to‘siqdan ommaviy ravishda o‘tishga undash uchun Germaniyadan avtobuslar kelayotgani haqida mish-mish tarqatilganidan ogohlantirdi.

Foto: Reuters

Polsha hukumati Belarusning chegara hududidagi barcha mobil telefonlarga bir necha tillarda ushbu mish-mishga ishonmaslik so‘ralgan sms-xabarlarni yubordi. Bunday xabar mamlakat shimoli-sharqidagi Kujnitsa chegara punktida ovoz kuchaytirish orqali ham o‘qib eshittirildi. Polsha IIV matbuot xizmati huquq-tartibot organlarining barchasi yuqori shaylik holatida turganini ma'lum qilgan.

Belarus-Polsha chegarasida Yaqin Sharqdan Belarusga kelib, chegara orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hududiga o‘tish umidida minglab qochqinlar to‘planib turibdi. Polsha, shuningdek, Litva va Latviya ularni chegaradan o‘tkazmayapti, bu davlatlar chegarada bu qadar ko‘p sonli migrantlar to‘planishini sanksiyalar uchun qasos olish maqsadida Rossiya tomonidan Belarus vositasida uyushtirilgan deb hisoblamoqda. Polsha hukumati Lukashenko va Putinni «gangstercha taktika» va «gibrid manipulyatsiya» qo‘llashda ayblagan. Ikki prezident ham ayblovlarni rad etib kelmoqda.

Polsha IIV bayonotida aytilishicha, dam olish kunlari migrantlar bir-biriga dushanba kuni chegaraga ularni Germaniyaga olib ketish uchun avtobuslar kelishi, shundan keyin polshalik chegarachilar ularni o‘z tomoniga o‘tkazishi haqida xabar tarqatishgan. Vazirlik bu ma'lumot biror asosga ega emasligini qayd etgan.

«Polsha Respublikasi chegarasi yaqinida to‘plangan migrantlar orasida Polsha migrantlarning Germaniyaga tranzitiga rozi bo‘lgani haqida mish-mishlar tarqalmoqda. Bu yolg‘on», deya yozdi tvitterdagi sahifasida mamlakat ichki ishlar vaziri Mariush Kaminskiy. U bu xabarlarni migrantlarni chegarani buzib o‘tishga undashga qaratilgan provokatsiya deb atagan.

«Polsha chegarasi qo‘riqlanmoqda va qo‘riqlanishi davom etadi. Men bu masalada qat'iy qarorlar qabul qildim», deya qo‘shimcha qildi vazir va Polsha milliy xavfsizlik markazi migrantlarga mish-mishlarga ishonmaslikni so‘rab, besh tilda batafsil ma'lumotlarga havola ko‘rsatilgan xabarlar yuborayotganini qayd etgan.

Shanba kuni 223 urinish
Polsha chegara xizmati o‘rmonda, sovuq havoda bolalari bilan yashayotgan migrantlarning chegaradan o‘tish uchun navbatdagi urinishlari haqida xabar berdi, xususan, ular politsiyachilarga toshlar otishgan.

Shanba kuni 50 kishidan iborat guruh Stajin qishlog‘i yaqinida to‘siqlarni oshib o‘tgan. Chegara xizmati ma'lumotiga ko‘ra, ularning barchasi tutilgan va Belarus tomonga qaytarib yuborilgan.

Yaqin Sharqdan kelgan migrantlar boshi berk ko‘chaga kirib qolishgan va Belarus o‘rmonida yashashga majbur bo‘lmoqda / Reuters

Chegarachilar ma'lumotiga ko‘ra, shanba kuni migrantlar jami 223 marta Polsha bilan chegarani noqonuniy buzib o‘tishga harakat qilgani qayd etilgan. Ular tez orada ommaviy yorib o‘tishga urinishlarning navbatdagi oqimi kuzatilishiga tayyorlanishmoqda.

Polsha chegara xizmati chegaraning Belarus tomonida qurollangan huquq-tartibot organlari xodimlari paydo bo‘lgani, ayrim migrantlar Belarus politsiyachilarining instruksiyalari va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llanishidan keyin palatkalarni yig‘ishtira boshlagani haqida xabar bergan.

YeI Belarusni sanksiyalar uchun qasd olish maqsadida Rossiya yordamida Polsha chegarasi yaqinida migrantlar oqimini sun'iy ravishda ko‘paytirishda ayblamoqda. Belarus va Rossiya bu ayblovlarni rad etib keladi.

Britaniyaning bayonoti
Shanba kuni Yevropadagilarning ayblovlariga Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trassning ovozi ham qo‘shildi. Uning so‘zlariga ko‘ra,  Rossiya yuzaga kelgan vaziyat uchun yaqqol javobgar hisoblanadi va u inqirozga chek qo‘yish hamda muxolifat bilan muloqot boshlash uchun Minskka bosim o‘tkazishi lozim.

Foto: Reuters

«Polsha bilan chegarada tobora kuchayib borayotgan qarama-qarshilik - Lukashenko rejimining mintaqadagi xavfsizlikka putur yetkazish uchun navbatdagi urinishidir. U o‘z o‘yinida umidsiz migrantlardan piyoda sifatida foydalanib, vaziyatni beqarorlashtirgan holda o‘z hokimiyatini ushlab turishga harakat qilmoqda», degan Trass xonim Sunday Telegraph gazetasidagi mualliflik maqolasida.

Trass Britaniya NATO sammitida «Yevropa davlatlari erkinliklari, iqtisodiyotlari va demokratiyasiga raxna solayotganlar» tomonidan qo‘llanayotgan «XXI asrdagi tajovuz usullariga qarshilik ko‘rsatish»ni taklif qiladi. «Men butun Yevropadagi do‘stlarimiz bizga qo‘shilishini istayman. Bu, misol uchun, «Shimoliy oqim-2» gaz quvuriga birgalikda qarshi turishni anglatadi», deb ta'kidlab o‘tgan vazir.

U Belarus-Polsha chegarasiga polshalik yordamlarga texnik ko‘mak ko‘rsatish uchun 50 nafar britaniyalik harbiy jo‘natilishini qo‘shimcha qilgan.

Polsha mudofaa vaziri Mariush Blashchak ham Britaniya harbiylari Polsha—Belarus chegarasidagi to‘siqlarni mustahkamlashga yordam berishini ma'lum qildi. «Britaniya muhandislik kuchlarining ko‘magidan oldin razvedka ishlari boshlandi. Bizning askarlar Polsha—Belarus chegarasidagi to‘siqni mustahkamlashda (ular bilan) hamkorlik qiladi», deb yozdi u tvitterdagi sahifasida.

Trassning so‘zlariga Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova Telegramdagi kanali orqali javob qaytardi: «Qirq ming britan askari AQShga bu mamlakatni [Iroq. — tahr.] bosib olish, uning fuqarolarini o‘ldirish va talon-toroj qilishda yordam bergandi. (…) London o‘z jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilmaguncha, uning rasmiylari kimnidir ayblashga haqli bo‘lmaydi».

Mavzuga oid