Jahon | 21:33 / 14.11.2021
11709
2 daqiqa o‘qiladi

Muammar Qazzofiyning o‘g‘li Liviya prezidenti saylovlariga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tdi

Liviyaning sobiq yetakchisi Muammar Qazzofiyning ikkinchi o‘g‘li – Saif al-Islom Qazzofiy Liviya prezidenti saylovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tdi. 

Foto: AP Photo / Ben Curtis, File

Liviya saylov komissiyasida ta'kidlanishicha, 49 yoshli Saif al-Islom Liviya janubida joylashgan Saboh shahrida prezident saylovlariga nomzod sifatida barcha zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan.

Liviyani bir necha o‘n yillar davomida boshqargan Muammar Qazzofiy 2011 yilda mamlakatda yuz bergan fuqarolik urushi vaqtida o‘ldirilgan. Uning o‘g‘li Saif al-Islom esa asirga olinib, 2017 yildagina ozod etilgan. U otasi hayotligi vaqtidayoq uning siyosiy vorisi hisoblangan.

Saylovlar 2021 yil 24 dekabrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu sanada amaldagi bosh vazir Abdulhamid Dbayba hukumatining vakolatlari tugaydi.

Biroq Liviya davlat kengashi prezident saylovlarini hozirgi sharoitda o‘tkazish ilojsizligini ta'kidlab, ularni 2023 yilgacha qoldirishga chaqirmoqda. Bunga mamlakatning saylov qonunchiligida harbiylarga prezident saylovlarida ishtirok etishga ruxsat beruvchi modda bahsga sabab hisoblanadi. Ushbu modda prezident saylovlarida ishtirok etish uchun Liviya milliy armiyasi qo‘mondoni vakolatlarini vaqtincha topshirgan feldmarshal Xalifa Haftarga davlat rahbari lavozimini egallashga yo‘l ochadi.

Liviyada uzoq vaqt davomida qo‘sh hokimiyat amal qilib keldi: poytaxt Tripolida Milliy kelishuv hukumati va mamlakat sharqida Liviya milliy armiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi muvaqqat hukumat hukmronlik qilgan.

2021 yil martida mamlakatda qarama-qarshi tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishilgach, Dbayba boshchiligidagi muvaqqat hukumat o‘z ishini boshlagan.

Mavzuga oid