Jahon | 20:46 / 15.11.2021
4598
1 daqiqa o‘qiladi

BAA Belarus aviakompaniyasiga mamlakatdan 4 davlat fuqarolarini olib chiqishni taqiqladi

Foto: RIA Novosti

Belarusning “Belavia” aviakompaniyasi Afg‘oniston, Iroq, Yaman va Suriya fuqarolarini 14 noyabrdan Dubay-Minsk reysiga olishni to‘xtatdi. BAA hukumati aviakompaniyaga ushbu davlatlar fuqarolarini bortga olishni taqiqlab qo‘ydi, deb ma'lum qilingan “Belavia” saytida. 

Bundan tashqari, Belarus aviakompaniyasi yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish vaqtida hujjatlarni tekshirishni kuchaytiradi.

Xabarda ta'kidlanishicha, “Belavia” Belarusga noqonuniy muhojirlarni tashishda ishtirok etmagan.

12 noyabrdan “Belavia” Turkiyadan Belarusga reyslarga Iroq, Suriya va Yaman fuqarolarini olishni to‘xtatgandi. Turkish Airlines aviakompaniyasi ham shunday qaror qabul qilgan.

Avvalroq Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko “Belavia”ning birorta samolyoti migrantlarni tashishda ishtirok etmaganini aytgan.

Ayni vaqtda Polsha-Belarus chegarasida Yevropa davlatlariga o‘tishga urinayotgan minglab qochqinlar to‘plangan. Yevropa ittifoqi bunda Belarusni ayblamoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid