O‘zbekiston | 16:52 / 15.11.2021
18934
5 daqiqa o‘qiladi

Chiqindi ortidan chiqayotgan muammolar: Termiz va Navoiydagi klasterlar uni qanday bartaraf etmoqda?

Ekologiya tobora yomonlashib borayotgan davrda yashayapmiz. Buni O‘zbekistonda ham sezish qiyin emas. Tobora iqlim o‘zgarishining salbiy ta'sirlarini o‘z tanamizda his qilyapmiz.

Biz odatda televizorda turli xabarlar orqali ko‘rib boradiganimiz global isish, o‘rmon yong‘inlari, kuchli yog‘ingarchiliklar, anomal issiq yoki anomal sovuq, suv toshqinlari, muzliklar erishi kabi holatlar bizdan uzoq-uzoqlarda, qandaydir parallel olamda sodir bo‘layotgandek, go‘yo bizga daxli yo‘qdek... Shu paytgacha shunday edi, ammo so‘nggi yillarda, ayniqsa, shu yili biz iqlim o‘zgarishining salbiy ta'sirlarini o‘z tanamizda his qila boshladik.

Yog‘inlar kamligi tufayli suv omborlari va ko‘llarda suv miqdori kritik darajada kamayib ketishi, yerosti suvlari zaxiralari kamayib borayotgani, o‘ta issiq yoz va sovuq qish, kuz va bahorda yog‘inlarning deyarli yo‘qligi, yashillikka qiron keltirib, shahar-u qishloqlarni betonlashtirayotganimiz kabi muammolar haqida tinimsiz jar solinsa-da, ishlar yaxshi tomonga ketmayotganini ko‘rib turibmiz.

Bu barcha muammolar orasida biz biroz unutgan, unchalik e'tibor bermagan bir katta muammo borki, uning zararlarini ertaga kutayotgan paytimizda, boshqa muammolar kabi, bugunimizdayoq namoyon bo‘la boshladi. Bu – chiqindi muammosi!

Inson borki o‘zidan chiqindi chiqaradi, uning faoliyati ishlab chiqarish va chiqit chiqarishdan iborat. Har birimiz iste'molchimiz va zararkunandamiz. Yeymiz, ichamiz, yuramiz, dam olamiz, quramiz, yasaymiz, o‘ylab topamiz – maishiy va turli boshqa chiqindilar bizning mahsulimiz. Millionlab tonna chiqindi Yer kurrasini ifloslantirgandan ifloslantirmoqda.

Buning zararini kamaytirish uchun aynan insonning o‘zi turli yechimlar topmoqda, amalga tatbiq qilmoqda. Dunyo bo‘ylab chiqindi muammosi allaqachon global miqyosga chiqib ulgurdi, biz ham dunyodan ayro emasmiz, O‘zbekiston ham mana shu sayyorada joylashgan. Biz hozirdanoq chiqindi muammosini hal qilmasak, bugun ozroq miqdorda sezilayotgan noqulayliklar ertaga hayotimizni tubdan yomon tomonga o‘zgartirib yuboradi.

Surxondaryo va Navoiyga safar qildik va chiqindini qayta ishlash klasterlari bilan tanishdik. Safar davomida biz chiqindi poligonlarini aylandik — gektarlab maydonlar zarar va zaharga to‘lib yotganiga guvoh bo‘ldik, chiriyotgan chiqindi chiqarayotgan zaharli moddalar yerosti suvlariga yetib borib, bizni zaharlashi mumkinligini tushundik.

Chiqindi qanday yig‘ishtirib, olib chiqib ketilishi, bu yo‘ldagi masalalar qay tarzda hal qilinayotgani yoki hal qilinmayotgani haqida tasavvurga ega bo‘ldik. Chiqindilar turlicha – maishiy, qurilish, tibbiyot va yana bir qancha klassifikatsiyalarga bo‘linishini, birini biri bilan aralashtirish yomon oqibatlarga olib kelishini bilib oldik.

Eng muhimi — qayta ishlashni 100 foizga yetkazish mumkinligi, bu orqali poligonlarni bo‘shatib olishning imkoni borligini bildik. Bularning barchasini amalga oshirishga bel bog‘lagan klasterlar oldidagi muammolar o‘ta dolzarb ekani, ularni zudlik bilan hal qilish lozimligi haqida eshitdik.

Termizdagi «Bio Texno Eco» chiqindini qayta ishlash klasteri asoschisi Ilhomjon Boqijonov ana shu muammolar haqida so‘zlab berdi. Klasterlar duch kelayotgan muammolar birgina u yashab, faoliyat olib borayotgan Surxondaryogagina tegishli emas, balki butun O‘zbekistonda mana shunday muammo borligi, Toshkentda esa qayta ishlash deyarli yo‘q ekanini aytdi.

Ilhomjon Boqijonov, «Bio Texno Eco» chiqindini qayta ishlash klasteri asoschisi.

Termiz va uning atrof tumanlariga xizmat ko‘rsatayotgan klaster duch kelayotgan muammolar, umuman, chiqindi sohasida shuncha muammo bo‘lishi mumkinligi kishini hayron qoldiradi.

Navoiy viloyatidagi «Berejlivost» klasteri rahbari Arman Berdiyev esa ayni o‘xshash muammolar tufayli faoliyatini yakunlashi ehtimoli borligini aytib berdi.

Arman Berdiyev, «Berejlivost» klasteri rahbari.

Ular qonun chiqaruvchi organlar, mamlakat prezidenti tomonidan barcha huquqiy asoslar yaratilgani, qonun, qoida, farmonlar chiqarilgani, ammo ularni amalga tatbiq etish, ijro qilish masalasi qattiq oqsayotganini aytib o‘tishdi. Bunda joylardagi ijro organlari sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani bor gap.

Chiqindining sayohati, deb shartli nomlash mumkin bo‘lgan bu ko‘rsatuv ana shu barcha muammolarni ro‘yi-rost ochib berish niyatida suratga olindi. Umidimiz, joylardagi mutasaddilar ham ko‘rsatuvimizni ko‘radilar, o‘zlari xulosa chiqaradilar va bu sohada siljimay turgan muammolarni bartaraf etish yo‘lida kamarbasta bo‘ladilar.

Bobur Akmalov, Kun.uz maxsus muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Mahmud Soliyev

Mavzuga oid