Jahon | 12:28 / 15.11.2021
9262
3 daqiqa o‘qiladi

Makron Fransiya bayrog‘idagi ko‘k rangni to‘qlashtirish haqida qaror qabul qildi   

Foto: AP

 Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron 2020 yil iyulida Fransiya bayrog‘idagi ko‘k rangni to‘qlashtirish haqida qaror qabul qilgan. Biroq bu haqda hech qanday rasmiy bayonot berilmagani sababli bayroqdagi rangning o‘zgargani deyarli bir yildan ko‘proq vaqt sezilmay kelgan. Bu haqida Le Parisen nashri xabar berdi.
 
OAVda paydo bo‘lgan ma'lumotlarga ko‘ra, o‘zgarish oqibatida Fransiya bayrog‘idagi ko‘k rang to‘qroq ko‘rinish olgan. Jurnalistlar Pol Laratoru va Eliot Blondening ta'kidlashicha, Makron bu qarorni Yelisey saroyi direktori Arno Jolens maslahatiga ko‘ra qabul qilgan.
 
Ta'kidlanishicha, Yelisey saroyida ushbu tashabbus bo‘yicha yakdillik bo‘lmaganiga qaramay, ayni vaqtda yangi ko‘rinishdagi bayroq Yelisey saroyi, parlament quyi palatasi va tashqi ishlar vazirligi binolarida hilpirab turibdi.
 
Europe 1 nashrining xabar berishicha, ushbu qaror bir nechta sabablarga ko‘ra qabul qilingan. Makronning fikricha, birinchidan, to‘q ko‘k rang bashangroq ko‘rinadi. Jumladan, Fransiya va Yevropa Ittifoqi bayroqlari ko‘p joylarda yonma-yon turadi va ulardagi ko‘k rang o‘xshash. Yangi ko‘rinishda esa Fransiya bayrog‘i YeI bayrog‘idan yaqqol ajralib turadi. Ikkinchidan, Fransiya inqilobi ramzi hisoblangan 1793 yildagi bayroq ham to‘q ko‘k rangda bo‘lgan va Makron uni qaytarishni maqsad qilgan. 
 
Biroq ta'kidlanishicha, Fransiyada to‘q va och ko‘k rangdagi milliy bayroqlar bir necha o‘n yillardan beri parallel ravishda qo‘llanib kelgan. Jumladan, Fransiya harbiy-dengiz floti va mamlakat bo‘ylab ko‘plab rasmiy binolar aynan to‘q ko‘k rangdagi bayroqdan foydalanadi. 
 
Fransiya bayrog‘i vertikal yo‘nalgan ko‘k, oq va qizil rangdan iborat bo‘lib, uning dizayni Jak-Lui David tomonidan ishlab chiqilgan va 1794 yilda milliy bayroq sifatida rasman qabul qilingan.  

Mavzuga oid