O‘zbekiston | 23:11 / 15.11.2021
17175
3 daqiqa o‘qiladi

Metroni TTZ massivigacha kengaytirish rejalashtirilmoqda

Toshkentda Chilonzor metro liniyasini «Buyuk Ipak yo‘li» bekatidan TTZ massivigacha uzaytirish rejalashtirilgan. Yer osti liniyasini yotqizishning ikkita varianti - Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi yoki Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi orqali olib o‘tish ustida ish olib borilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 noyabr kuni Toshkent shahrining transport infratuzilmasini rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

«Mamlakatimiz taraqqiy etgani sari shaharlar har tomonlama o‘sib bormoqda. Poytaxtimizda ham zamon talablaridan kelib chiqib, yangi yo‘l va ko‘priklar qurilmoqda, transport yo‘nalishlari kengaytirilmoqda.

So‘nggi yillarda Toshkent shahrida yangi metro yo‘nalishlari qurilib, aholi uchun katta qulayliklar yaratildi. Toshkent metropolitenini yanada rivojlantirish maqsadida «Buyuk ipak yo‘li» bekatidan Toshkent traktor zavodi dahasigacha yerosti yo‘li hamda yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Taqdimotda shu boradagi loyiha takliflari ko‘rib chiqildi. Masalan, yangi yerosti yo‘lini Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi yoki Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi orqali olib o‘tish ustida ishlanmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, birinchi holatda yo‘l uzunligi 8,6 kilometr, kunlik yo‘lovchilar soni  62 ming bo‘ladi. Ikkinchi variantda esa masofa salkam 8 kilometr bo‘lib, kuniga 55 ming kishiga xizmat ko‘rsatilishi mumkin. Qurilish ishlari besh yilga mo‘ljallangan.

Yerusti metrosining ikkinchi bosqichi ham muhim loyiha. Unga ko‘ra, Qo‘yliq dahasidan Sergeli yo‘lining 5-bekatigacha 11 kilometrdan ziyod estakada quriladi. Bekatlar soni yettita bo‘lishi, kuniga 38 ming yo‘lovchi tashilishi kutilmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yana bir loyihaga ko‘ra, Bobur ko‘chasidan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgichi kengaytirilib, yonida halqa shaklida aylanma ko‘prik qurish ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda ushbu loyihalarning texnik-iqtisodiy masalalari muhokama qilinib, davlatimiz rahbari loyihalarni qulaylik, xavfsizlik va sifat jihatidan takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Mavzuga oid