O‘zbekiston | 17:44 / 16.11.2021
11435
5 daqiqa o‘qiladi

“Jazo katta-yu kichik baliqlarga birdek muqarrar bo‘lishi kerak” - Ruslanbek Davletov korrupsiya haqida

“Gap jazoning katta-kichikligida emas, muqarrarligida. Jazo katta-yu kichik baliqlarga birdek muqarrar bo‘lishi kerak”, – dedi adliya vaziri. Uning fikricha, korrupsiyaga qarshi kurashda “agressiv kadr siyosati” qo‘l keladi.

Foto: Kun.uz

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov davlat boshqaruvi, huquqiy soha va davlat xizmatlari masalalari bo‘yicha Telegram'dagi jonli podkastda ishtirok etib, onlayn ravishda aholidan savollariga javob berdi.

Vazir audiomuloqot davomida korrupsiyaga qarshi kurashish haqida to‘xtaldi.

Ko‘pchilik o‘lim jazosi deydi. Qonun ustuvorligi yuqori va korrupsiya darajasi past davlatlar qonunchiligini ko‘rsangiz, birontasida o‘lim jazosi yo‘q. Ular zamonaviy, madaniy usullar bilan bu natijalarga erishgan.

Hamma Singapurni misol keltiradi. Singapurda korrupsiya uchun eng yuqori qamoq muddati 7 yilgacha qilib belgilangan. Bizda esa 15 yil, lekin korrupsiya ko‘rsatkichi yuqori. Ko‘rinadiki, gap jazoning katta-kichikligida emas, muqarrarligida. Jazo kattayu kichik baliqlarga birdek muqarrar bo‘lishi kerak”.

Davletovning so‘zlariga ko‘ra, oylik maoshlarni ko‘tarish bilangina korrupsiyani yengib bo‘lmaydi.

Oyliklarni ko‘tarish-chi, chora bo‘la oladimi? Qisman, ammo mutlaq emas. Bu korrupsiya ko‘rsatkichini kamaytirishi mumkin. Lekin nohalol xodimlarga nisbatan ish bermaydi. Li Kuan Yu aytadi: “Men muttaham xodimlarga ko‘p oylik bersam, ular ko‘p oylik olib ham muttahamligini qilaveradi”. Shuning uchun oyliklar oshirish bilan birga, ish jarayonlarni tahlil qilib borish va qat'iy tozalash ishlarini olib borish lozim.

Masalan, biz notariat sohasida oyliklarni oshirish bilan birga talabni ham qattiq qo‘ydik, ya'ni agressiv kadr siyosatini olib bordik. Bu obrazli qilib aytganda “boshini shart olib tashlash” degani. Xususan, FHDYo tizim hokimiyatdan bizga o‘tgach, xodimlarni ochiq-shaffof attestatsiya qildik, shunda ayrim hududlarda hattoki 50 foiz xodim attestatsiyadan o‘tolmadi. Bu jarayonda ko‘p ta'na-yu noroziliklar bo‘ldi bizga nisbatan, lekin tizimni tozalash yo‘lida prinsiplarimizda qat'iy turdik. Nohalol xodim ishlagandan ko‘ra o‘sha joy bo‘sh turgani yaxshi. Notariatda, davlat xizmatlari sohasida ham shu yo‘lni tutdik”.

Hukumat a'zosi korrupsiyani bartaraf qilishda diniy ta'limning o‘rni xususida ham fikr bildirdi.

Ko‘plar diniy ta'lim bersak, halol-haromni o‘rgatsak, korrupsiya chekinadi deydi. Lekin diniy ta'limni tug‘ilganidan miyasiga quyadigan davlatlarni ko‘rsak, ularning korrupsiyaga qarshi kurash natijalari havaslanarli emas. Biz buni o‘rganganmiz, tahlil qilganmiz, diniy voizlarni jalb etganmiz, ular ma'ruzalar qilishgan. Bu ham ma'lum bir qatlamga, ma'lum bir jarayonda ta'sir qiladi”.

Adliya vazirligi rahbari madaniyat va milliy mentalitet ham korrupsiyaga ta'sir qilishini ta'kidladi.

Madaniyat va milliy mentalitet ham korrupsiyaga ta'sir qiladi. Urug‘-aymoqchilik, mahalliychilik, traybalizm kabi omillarning salbiy ta'sirini rad etolmaymiz. Demak, rivojlanishimizga salbiy ta'sir qiladigan odatlar bo‘lsa, ulardan voz kechish kerak. Mana, to‘ylardagi odatlarni xalqning o‘zi ham tanqid qiladi, odamlar o‘zi ham bu urf-odatlardan norozi-ku. Xitoyda ham siyosatchilar prokuror, sudyalar va advokatlar orasida norasmiy munosabatlar borligini tan olib, umuman shu insonlar uchun shaxsiy munosabatlarni taqiqladi. Demak, muammoni tan oldi va shunga qarshi zarba berdi”.

Ruslanbek Davletovga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashda konkret bitta usul samarali deyish noto‘g‘ri hamda hukumat bu masalaga institutsional, tizimli va kompleks yondashishi, katta sotsiologik tadqiqotlar qilinishi, institutlar ishlashi kerak, muammo ilmiy yondashilgan holda hal etilishi lozim.

Mavzuga oid:

Mavzuga oid