Sport | 15:03 / 16.11.2021
24691
11 daqiqa o‘qiladi

Rossiya, Serbiya, O‘zbekiston va Shumaxer

O‘zbekiston Yaponiyani qachon yutadi?

Foto: O‘FA

Milliy jamoamiz so‘nggi yillarda nisbatan kuchli hisoblanadigan bir qator raqiblarga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarda maydonga tushdi. Urugvay, Marokash, Shvetsiya, Gruziya, avvalroq Ukraina. Bu o‘yinlarda milliy jamoamiz mag‘lubiyatga uchraganidan tashqari, boshqa bir umumiylik ham bor – taassurot nuqtayi nazaridan qaralganda, go‘yoki futbolchilarimiz kuchli raqiblar fonida yomon ko‘rinishmadi. Hujumlar, kombinatsiyalar, xavfli vaziyatlar yetarlicha bo‘ldi ham.

Hamma futbol o‘ynashni o‘rganib oldi, har qanday jamoaga qarshi teng kurashish mumkin, degan gaplar isbotlandimi demak? Unda nega doim Osiyo yetakchilariga qarshi jamoamiz saviyasi yaqqol bilinib qoladi? Nega mag‘lubiyatlar shu qadar an'ana tusiga kirganki, boshqacha natija sensatsiya o‘laroq baholanadi? Axir Yevropada har kim har kimni yutishi mumkinligini ko‘rib kelyapmiz-ku...

Keling, javobni kuni kecha JCh saralashining Yevropa tomonidagi ikki o‘yin orqali qidirib ko‘ramiz.

Rossiya safarda Xorvatiyadan mag‘lubiyatga uchradi. Hisob atigi 0:1 va uchrashuv taqdirini o‘yin oxirlaridagi avtogol hal qildi. Durang ruslarni to‘g‘ridan to‘g‘ri Qatarga olib borardi. Xorvatiya kuchli jamoa va bu natija juda tabiiy. Lekin o‘yindan keyingi munozaralar yanayam kattaroq masalani ham o‘rtaga olib chiqdi. Asosiy e'tiroz, rus futbolchilari Xorvatiyaga qarshi deyarli kurasha olishmagani, butun jamoa bo‘lib himoyaga yotib olingani, bir necha aniq pasdan ortig‘ini bera olishmagani, umuman o‘yin sifati. Bunday o‘yin uslubi agar natija olib kelsa, maqtaniladi, ammo aksi bo‘lsa, natijaga qo‘shib, ikki barobar tanqidlarga tayyor turish kerakligi ma'lum.

Rossiya ikkiga bo‘lingan. Bir tomon jamoa o‘yini, kurash olib borilmagani, murabbiy va futbolchilarni keskin tanqid ostiga olgan. Narigi taraf esa Xorvatiyaning darajasi yuqori ekani, so‘nggi JCh vitse-chempioniga qarshi boshqacha o‘ynash bugungi Rossiyaning qo‘lidan kelmasligini aytib, vaziyatga real baho berishga urinmoqda.

Asos o‘laroq o‘sha kuni maydonga tushgan ikki jamoa futbolchilari o‘rtasidagi farqni keltirishdi. Bir jamoa tarkibida Italiya, Ispaniya va Germaniya chempionlari, Chempionlar Ligasi va hatto «Oltin to‘p» sohibi bor. Ikkinchi tomonda esa, eng «zo‘ri» «Monako»da o‘ynaydi.

Asosiy tarkibda Xorvatiyada ushbu liga vakillari tushishdi: Italiya -3, Germaniya – 3, Angliya, Ispaniya, Fransiya, Rossiya, Shotlandiya – 1tadan. Ya'ni tarkibning 9 nafari kuchli beshlikda to‘p suradi.

Rossiya safida birgina Golovin Fransiyada, o‘z darvozasiga gol urgan Kudryashov esa Turkiyada. Qolganlar Rossiya chempionati vakillari.

Bu holatda ikkinchi jamoa birinchi jamoani yutish imkoni bormi va qanday? Shunaqa savol ko‘tarildi.

Munozaralarni kechroq sodir bo‘lgan boshqa bir natija kuchaytirib yubordi. Serbiya safarda Portugaliya ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu jamoalar tarkibida ham farq katta, to‘g‘rimi? Birida YeChL, Ispaniya, Angliya, Italiya chempionlari va hatto «Oltin to‘p» sohibi to‘p sursa, ikkinchisida eng mashhuri Dushan Tadich. Portugallar o‘z maydonida to‘p suryapti va durang qoniqtiradi. Serbiya g‘alaba qozondi. Bo‘lar ekan-ku? Nega ruslar shunday qila olishmadi? Har kim har kimni yutishi mumkinmi futbolda? Yana savolni qaytaramiz.

Bilasizmi, bu ikki o‘yinni bu kontekstda solishtirish noto‘g‘ri. Bir qaraganda ko‘rinmas, lekin hal qiluvchi farq bor bu yerda.

Ha, xuddi Xorvatiya Rossiyadan kuchli bo‘lganidek, Portugaliya ham Serbiyadan kuchli. Bir qaraganda tarkiblarda bu yaqqol bilinadi. Ammo keling, bu safar ham yuqoridagi usulda, nomlarga qaramasdan tahlil qilamiz.

Portugaliya terma jamoasida: Angliya chempionatidan – 6ta, Fransiyadan 4ta, Italiyadan 1ta.

Serbiyada Fransiyadan 3, Italiyadan 4, Germaniyadan 2, Ispaniya, Niderlandiyadan 1tadan.

Qizig‘-a, bir jamoaning ustunligi endi u qadar yaqqol emas. Portugaliyada kuchli beshlikdan 11 futbolchi, Serbiyada 10. Agar bu raqamlar ortidagi nomlarni e'tiborga olmasak, mutlaqo teng kuchli yoki ancha bir-biriga yaqin bo‘lgan saviyadagi ikki raqibni ko‘ramiz. To‘g‘rimi?

Ya'ni bu yerda bir jamoa ikkinchisidan tarkib sifati borasida yaqqol ustun bo‘lishi mumkin, lekin doimo ikkinchi jamoada ham g‘alaba qozonish imkoniyati bo‘ladi. Chunki narigi jamoa tarkibidagi futbolchilar ham ayni ligalarda to‘p suradi, umumiy yuklamalar, ko‘nikmalar bir xil darajada. Xuddi ba'zida «Kristal Pelas» «Manchester Siti»ni yutishi mumkin bo‘lgani kabi. Bu yerda manchesterliklar yaqqol bir bosh ustun, lekin «Kristal Pelas» ham bir yilda o‘shancha miqdorda, yuklamasi yuqori bo‘lgan tempda maydonga tushadi, mana shu darajadagi kurashga ko‘nikma hosil qilgan bo‘ladi.

Shuning uchun ham Serbiya Portugaliya bilan o‘yinda g‘alaba uchun o‘ynay oladi, bunga erishadi ham. Ammo Rossiya Xorvatiya bilan bu tarzda ochiq kurasha olmaydi. Murabbiyda unaqa imkoniyat ham yo‘q. Rossiya Premer ligasidagina o‘zini ko‘rsatgan, o‘sha chempionat tempida yil davomida o‘ynab yurgan futbolchi kuchli beshlikning doimiy ishtirokchisi bo‘lgan futbolchilar bilan teng bo‘la olmaydi. Juda qiyin.

O‘zbekiston milliy jamoasi Gruziya yoki Shvetsiya bilan bir qaraganda teng o‘ynayotgandek ko‘rinishi mumkin, bu yoki haligi vaziyatda boshqacharoq harakat qilsa, gol urib, yutishi mumkindek tasavvur uyg‘otishi mumkin. Ammo gap natija ko‘rsatish, g‘alaba qozonish haqida ketganda, umuman boshqacha qarshilikka, yuklamaga duch keladi.

Gruziya tarkibida kecha maydonga tushgan futbolchilardan 8 nafari Polsha, Rossiya, Portugaliya, Ukraina, Turkiya va Daniya chempionatlarida to‘p suradi. Bizda Shomurodovdan tashqari, arab davlatlarida legioner bo‘lgan futbolchilar, Koreya chempionati vakili va qolganlar Superligadan. Bu Gruziya, agar solishtiruv Yaponiya yoki Koreya bilan bo‘lsa, vaziyat yanada og‘irroq ko‘rinish oladi.

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets. Foto: O‘FA

Tan olish kerakki, yil davomida past temp va yuklamalar ostida o‘ynash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan futbolchilar bir bosqich yuqoriroq yuklamani ko‘tara olmaydi. Bunga o‘rganmagan. Faqat milliy jamoa mashg‘ulotlarida yoki yig‘inlarida futbolchilarning bu boradagi muammosini yechish imkonsiz.

Koreya terma jamoasi murabbiyi yig‘inlarda nima qiladi? Shunchaki, O‘zbekiston bilan o‘ynash taktikasini ishlab chiqib, Son Xin Min va uning sheriklariga tushuntirib beradi. Son Xin Min murabbiy ko‘rsatmalarini bemalol bajaradi, chunki u APLda qarshi keladigan himoyachilar bosimi Hoshimov yoki Sayfiyevnikidan yuqori. U yil davomida ko‘rsatgan o‘yinini yana bir o‘yinda ko‘rsatadi, yetarli.

O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi nima qiladi? Xo‘p, kerakli taktikani ishlab chiqdi ham deylik. Ammo bu vazifalarni maydonda bajarishga kelganda, muammo paydo bo‘ladi. Chunki, o‘zbek futbolchilari yil davomida qarshi kelgan bosimdan kattaroq tempda o‘ynashlari kerak. Ularda bunday ko‘nikma yo‘q. Yilda 3-4 marta yuqoriroq, odatdagidan boshqacharoq yuklama asosida yaxshi o‘ynashning nazariy tomondan ham imkoniyati kam. Natijada nafaqat murabbiy ko‘rsatmalari va taktikalari ishdan chiqadi, balki raqibga munosib qarshilik qilish, o‘zi bilgan futbolini o‘ynash imkoni ham yo‘qoladi.

Kecha «Komment shou» dasturida mehmon bo‘lgan Valeriy Karpin Xorvatiya bilan o‘yinda futbolchilar himoyadan hujumga chiqish ustida qanday tayyorgarlik ko‘rganini aytib berdi. Ammo o‘yin paytida ruslar faqat to‘pni uzoqqa tepib yuborish bilan shug‘ullanishdi, ketma-ket 3 martadan ko‘p aniq pas kuzatilmadi. Nega shunday bo‘ldi? Albatta, ruslar Xorvatiya futbolchilari yil davomida o‘rganib qolgan va bu o‘yinda ham taklif qilgan yuklamaga na ruhan, na jismonan tayyor edi.

Bunday muammoning yechimi qiyin masala. Yaponiya yoki Koreyaga qarshi munosib o‘ynay olishi va muhimi, natijaga erishishi uchun futbolchilarimiz ular o‘rganib qolgan va taklif qiladigan tempda o‘ynash ko‘nikmasini hosil qilishlari kerak. Ana o‘shandagina, murabbiyning sxema va taktikalari ishlashni boshlaydi.  

Bunday ko‘nikma yaratish hozircha, hatto yaqin o‘n yillikda ham O‘zbekiston Superligasida imkonsiz. Yagona yo‘l, futbolchilarimizning o‘sha bir bosh yuqori bo‘lgan ligalarga o‘tishlari, u yerlar o‘sha zarur yuklamalarga moslashishlari bo‘lib qolmoqda.

Futbolchilarimizni yerga urmagan holda aytaman: bir yaxshi poygachi «Ferrari» bilan Shumaxerni ba'zida ortda qoldirishi mumkin. Lekin Shumaxer «Jiguli»da «Ferrari»dagi yomon poygachini yuta olmaydi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid