Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada koronavirus: o‘lim yana maksimal ko‘rsatkichda, har bir emlangan odam uchun tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirishmoqchi
Rossiya rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Covid-19 bilan kasallanish holatlari kamaymoqda. Ular bunga noyabr oyi bayramlariga to‘g‘ri kelgan bir haftalik lokdaun, shuningdek, vaksina olish sur'atining o‘sishi yordam berganini aytishyapti. Biroq Rossiya koronavirus sababli o‘lim holatlari bo‘yicha rekordni yangilashda davom etyapti. So‘nggi sutkada koronavirus yuqtirish oqibatida 1 247 kishi vafot etdi.
Hukumat vakillari emlanganlar sonini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rishda davom etmoqda. Ayrim mintaqalarda fuqarolarning bir necha toifalari uchun majburiy emlanish joriy etilyapti.
Hududlar birin-ketin Kasallikni boshdan kechirganlik, emlanganlik yoki vaksina olmaslik haqida tibbiy ma'lumotnoma to‘g‘risida QR-kodga ega bo‘lmaganlarga savdo markazlari, mehmonxona va restoranlarga borish bo‘yicha taqiqlar joriy etyapti. Masalan, Krasnodar o‘lkasida avgust oyidan beri vaksinaning hech bo‘lmaganda bitta dozasini olgan yoki so‘nggi olti oy ichida kasal bo‘lganlargina mehmonxonalarga joylashishi mumkin edi. Noyabr oyida esa ushbu talablar savdo markazlari va restoranlarga boradiganlar uchun ham amal qila boshladi.
2021 yilning noyabr oyida Sochi tog‘ klasteridagi yangi yil uchun buyurtmalarning qariyb 30 foizi QR-kod qoidalari bilan bog‘liq cheklov choralari tufayli yo‘qotildi, dedi “Qizil Polyana” kurortini strategik rivojlantirish direktori Olga Filipenkova.
Rasmiylar tomonidan kasallanish ko‘rsatkichi pasaygani aytilayotganiga qaramay, Rossiya bir necha kundirki, Covid-19 sababli yuzaga kelgan o‘lim holatlarining sutkalik eng yuqori ko‘rsatkichini yangilayapti. So‘nggi bir kunda 1 247 kishi vafot etgan. Jami 36 626 kasallanish holatlari aniqlangan, 36 388 kishi tuzalgan.
Koronavirusga qarshi kurashish tezkor shtabi o‘zining kunlik hisobotlarida «Rosstat»ga qaraganda kamroq o‘lim holatlarini qayd etadi. «Rosstat» ko‘proq ma'lumot to‘playdi va odatda mamlakatda barcha vafot etganlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni umumlashtirib, o‘lim holatlarini ikki marta ko‘proq hisobga oladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi emlashda ishtirok etgan tibbiyot xodimlariga pul to‘lamoqchi
Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligida emlashda ishtirok etgan tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish taklif etildi. Huquqiy hujjatlar loyihalari portalida e'lon qilingan hukumat qarori loyihasiga tushuntirish xatida ana shu haqda yozilgan.
Idora to‘lovni har bir emlangan kishi uchun 200 rubl miqdorida belgilashni taklif qilmoqda. Matnda keltirilishicha, birinchi bosqichda emlanayotgan kishini konsultatsiya qilgan shifokor 60 rubl, vaksina olishdan avval va keyin ko‘rikdan o‘tkazgan shifokor esa 40 rubl oladi. Ukol qilgan xodim har bir emlangan odam uchun 30 rubldan oladi. Bemor ikkinchi ukolni olishga kelganida uni ko‘zdan kechirgan shifokor 40 rubl, ukol qilgan xodim esa 30 rubl oladi. Agar vaksina bitta dozali bo‘lsa, fuqaro bilan konsultatsiya o‘tkazgan va uni emlashga yo‘naltirgan shifokor 90 rubl oladi, vaksinadan avval va keyin bemorni ko‘rikdan o‘tkazgan shifokor 60 rubl, ukol qilgan xodim 50 rubl oladi.
Foto: EPA/TASS
“Vaksina olishni yuqori sur'atlarda ushlab turish, shuningdek, tibbiyot xodimlari fuqarolar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borishlarini qo‘llab-quvvatlash chorasi sifatida aholini emlashda ishtirok etuvchi xodimlarni moddiy rag‘batlantirish taklif etilmoqda”, — deyiladi normativ huquqiy hujjatlar loyihalari rasmiy portalida e'lon qilingan tushuntirish xatida.
Iyul oyida «Meduza» nashri Belgorod oblastidagi fenomen haqida yozgandi. Bu mintaqada majburiy emlanish joriy etilmagan bo‘lsa ham u mamlakatda vaksina sur'atlari bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Nashrning yozishicha, vaksina olish muvaffaqiyatli kechishida “rasmiylar ma'lum qilishni istamagan” shifokorlarni pul bilan rag‘batlantirish asosiy omil bo‘lgan.
“Ana shu chora joriy etilgach, oblastda vaksina olish sur'ati shu darajada o‘sdiki, hatto vaksina yetkazib berishda ham uzilishlar kuzatildi”, — deb yozdi «Meduza». Nashr tanishib chiqqan hujjatdan shu ma'lum bo‘ldiki, shifokorlarga to‘lovlar kunlik reja bajarilishiga bog‘liq bo‘lgan.
Vaksina olish yuqori darajada bo‘lganiga qaramay, Belgorod oblastida boshqa mintaqalarda bo‘lgani kabi kuz faslida kasallanish holatlari keskin ortdi. Mintaqa vaksina olganlarning kasalxonaga joylashtirilish ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakatda ikkinchi o‘rinni egalladi. Emlanganlarning 12 foizi kasalxonaga yotqizildi. Eng yuqori ko‘rsatkich Moskva oblastida bo‘lgan. U yerda emlanganlarning 18 foizi kasalxonaga tushgan.
Rossiyada profilaktika choralari 2024 yilgacha uzaytirildi
«Rospotrebnadzor» Rossiyada koronavirusning oldini olish uchun sanitariya-epidemiologiya qoidalari amal qilish muddatini 2024 yilgacha uzaytirdi. Qaror 17 noyabr kuni kuchga kirdi.
Bundan tashqari, qaror bo‘yicha so‘nggi olti oy ichida koronavirus bilan kasallangan yoki vaksina olgan odam bemor bilan kontaktda bo‘lsa, unda kasallik belgilari kuzatilmasa, o‘z-o‘zini izolyatsiya qilmasligiga ruxsat beriladi.
2024 yilgacha uzaytirish texnik uzaytirish bo‘ldi, uni bekor qilish mumkin, biroq hozircha pandemiyaning oxiri ko‘rinmayapti, dedi prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga. “Dastlab biz pandemiya yarim yil, bir yildan keyin tugaydi deb o‘ylagandik. Hozir esa hisob-kitoblarda adashganimizni ko‘ryapmiz. Pandemiya tugasa, bekor qilinishi mumkin”, — dedi u.
Foto: GAVRIIL GRIGOROV/TASS
Mutaxassislar pandemiya tugashi borasida turli muddatlar haqida gapirishadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning Rossiyadagi vakili Melita Vuynovich “jamiyatda virusga yo‘l bermaydigan, yetarli darajadagi immunitetga erishilgach” pandemiya tugashini ma'lum qildi.
Avvallari mutaxassislar buning uchun emlanganlar 60 foizni tashkil qilishi kerak, deb hisoblashardi. Biroq ayrim mamlakatlar ana shu ko‘rsatkich ostonasiga yetganida bu foiz yetarli emasligi ayon bo‘ldi. Hozirda mutaxassislar pandemiya tugashi uchun aholining 90 foizi, jumladan, bolalarni ham emlash kerakligi haqida gapirishyapti.
AQSh bosh infeksionisti Entoni Fauchi pandemiya 2022 yilning bahor oyida tugashiga umid bor deb hisoblaydi. Moderna kompaniyasi rahbari esa u 2022 yilning sentyabrida tugashini bashorat qiladi.
Jyeneva universiteti kasalxonasi yuqumli kasalliklar profilaktikasi va nazorati xizmati rahbari Dide Pittening prognozi ancha pessimistik ruhda. U besh yoki o‘n yildan keyin jami aholida antitana hosil bo‘lgach, koronavirus “tumov kabi bo‘lib qoladi”, deya ma'lum qildi.
JSST Yevropa bo‘limi rahbari Hans Klyugening fikriga ko‘ra, ayrim mamlakatlarda vaksina olishning sekinlashuvi, shuningdek, profilaktika choralari kuchsizlanishi pandemiya yakunlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan.
Keksalar uchun majburiy vaksina
Krasnoyarsk o‘lkasida 60 yoshdan kattalar va huquqni himoya qilish organlari xodimlari uchun majburiy vaksina joriy etildi, deya ma'lum qildi Rospotrebnadzor mintaqaviy boshqarma rahbari Dmitriy Goryayev.
2022 yilning 15 yanvariga kelib, ana shu kategoriyada emlanganlar kamida 80 foizni tashkil etishi kerak, deyiladi u tomonidan e'lon qilingan hujjatda. Hozirda ta'lim, transport, umumiy ovqatlanish va savdo sohasi xodimlari uchun majburiy emlanish joriy etilgan. Ko‘p funksional markaz, uy-joy kommunal xo‘jaligi, teatr va go‘zallik salonlari ishchilari ham emlanishlari kerak.
Avvalroq bunday chora Kemerovo oblastida joriy qilingandi. U yerda 25 dekabrga qadar 60 yoshdan katta kishilarning kamida 80 foizi vaksina olishi kerak. Vaksinaning birinchi dozasini esa 25 noyabrgacha olish zarur.
Tuva Respublikasida ham 65 yoshdan kattalar uchun majburiy emlanish joriy etilgan.
Moskva, Kostromsk, Tver, Smolensk, Irkutsk, Orenburg oblastlari, Stavropol o‘lkasi va Saxalin hamda ko‘plab boshqa hududlarda davlat xizmatchilari uchun majburiy emlanish joriy etilgan.
Isroil rasmiylari Moskvada rossiyaliklarning kirish shartlarini muhokama qiladi
Isroil sog‘liqni saqlash va turizm vazirliklari vakillari 17 noyabr kuni ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar almashinuvini qayta tiklash bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun Moskvaga keldi. 15 noyabrdan boshlab Isroil “Sputnik” vaksinasini rasman tan oldi, u bilan emlangan sayyohlar 1 dekabrdan boshlab mamlakatga kirishi mumkin.
Isroil va Rossiya vakillari uchrashuvida “Sputnik” vaksinasini olgan rossiyaliklarni qabul qilish mexanizmini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Vaksina olgan sayyohlar agar so‘nggi 14 kun ichida “qizil” mamlakatga bormagan bo‘lsa, Isroilga kirishi mumkin. “Sputnik V” vaksinasini olganlar PsR test natijasini olgunga qadar karantinda bo‘lishlari kerak.
Mavzuga oid
08:40 / 13.05.2025
Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti MH17 halokati uchun Rossiyani javobgar deb topdi
17:02 / 12.05.2025
Rossiyada xorijliklarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi o‘zgaradi
14:54 / 12.05.2025
Rossiya TIV: Avval Istanbuldagi muzokaralar, keyin - sulh mavzusi
13:00 / 12.05.2025