O‘zbekiston | 11:18 / 18.11.2021
18056
2 daqiqa o‘qiladi

Shermatov AKT, Saidov XTV rahbarligiga rasman tayinlandi

Sherzod Shermatov rasman AKT vaziri lavozimida ish boshladi. U vazirlikni 2017-2018 yillarda ham boshqargan. So‘nggi uch yil davomida xalq ta'limi vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgandi.

Prezident Sherzod Shermatovni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sherzod Shermatov / AKT vazirligi

17 noyabr kuni Shermatovning nomzodi vazirlikka Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ma'qullangandi.

Sherzod Shermatov (1977 yilda tug‘ilgan) — Toshkent davlat texnika universiteti (1998) va AQShdagi Yyel universiteti bitiruvchisi (2000). 2018 yil iyunidan xalq ta'limi vaziri lavozimida ishlagan. Ungacha bir necha oy davomida Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari bo‘lgan.

2017—2018 yillarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi bo‘lgan, avvalroq, 2016 yil noyabridan 2017 yil fevraliga qadar shu vazirlikda vazirning birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan.

Undan avvalroq — 2014 yildan Toshkentdagi Inha universiteti rektori bo‘lgan. 2012—2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari edi (hozirgi — AKT).

Prezident farmoniga asosan Xalq ta'limi vaziri lavozimiga Baxtiyor Odilovich Saidov tayinlandi. Bu haqda XTV matbuot xizmati rasman xabar berdi.

Baxtiyor Saidov / Qonunchilik palatasi

Baxtiyor Saidov 1981 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, 2002 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.

U turli yillarda O‘zbekiston Respublikasi  Vazirlar Mahkamasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida turli lavozimlarda ishlagan, 2016—2017 yillarda «O‘zbekengilsanoat» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari — bosh menejyeri bo‘lgan. So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning bir qator davlatlardagi elchisi (2017 yildan Xitoy, Mo‘g‘uliston va Filippin davlatlarida) lavozimlarida faoliyat yuritgan. 

Mavzuga oid