O‘zbekiston | 14:41 / 19.11.2021
5482
6 daqiqa o‘qiladi

2021 yilda Andijon va Navoiy viloyatlarida bolalar o‘limi ko‘rsatkichlari o‘sgani ma'lum qilindi

Senatning 18 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida 2021 yilda respublika miqyosida go‘daklar o‘limi koeffitsiyentlari o‘tgan yilga nisbatan pasaygani, biroq Andijon viloyatida 64 nafarga va Navoiy viloyatida 20 nafarga o‘sgani ma'lum qilindi.

Foto: Senat.uz  

Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Jizzax, Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar hamda go‘daklarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam holati o‘rganilganda qator muammolar aniqlangan.

Senator Manzura Salimovaning aytishicha, 2019–2023 yillarda homilador, reproduktiv yoshdagi ayollar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar dasturida belgilangan ko‘plab vazifalar o‘z vaqtida bajarilmagan. Masalan, perinatal markazlarga shoshilinch perinatal mobil navbatchi reanimatsion brigadalarni tashkil etish uchun zarur maxsus uskunalar bilan jihozlangan reanimobillar xarid qilinmagan va shtat birliklari ajratilmagan.

Yalpi majlisda, shuningdek, mahallalarda yashayotgan ayollar uchun oilaviy poliklinikalar va tibbiyot markazlarida “Ayollar maslahatxonalari” va “O‘smir qizlar markazlari” kabi xizmatlarni tashkil etish hamda reproduktiv yoshdagi har bir ayolni qamrab olish darajasi past ekani, respublikaning barcha hududlarida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish holati qoniqarsizligi tanqid qilindi.

“Buxoro viloyatida 2 144 nafar, Jizzax viloyatida 2 833 nafar, Navoiy viloyatida 3 957 nafar, Samarqand viloyatida 10 048 nafar hamda Xorazm viloyatida 6 062 nafar ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lsa-da, ularni to‘liq sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilmagan.

Jizzax, Navoiy Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari perinatal markazlarida neonatolog shifokorlar yetishmaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Namangan, Qashqadaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari perinatal markazlari binolari belgilangan talablarga javob bermaydi, ta'mirtalab.

Tug‘uruq muassasalaridagi o‘rin fondi 2020 yilda 2015 yilga nisbatan 3 foizga kamaygan. Biroq 2015–2020 yillar davomida tug‘uruqlar 14 foizga oshgan. Shu sababli tug‘uruq muassasalaridagi o‘rinlarning o‘rtacha bandlik me'yorlari buzilishi qayd etilmoqda. Masalan, Farg‘ona viloyati perinatal markazi tug‘uruq bo‘limi o‘rinlarining 9 oy uchun belgilangan me'yorida 3 750 nafar homilador ayolga tibbiy xizmat ko‘rsatish belgilangan bo‘lib, 2021 yil 9 oyi davomida 5 782 nafar yoki me'yordan 54 foizga ko‘p homiladorlar davolangan.

Perinatal markazlarning tasdiqlangan tuzilmalariga rioya qilmaslik holatlari mavjud. Jumladan, Andijon, Buxoro, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari perinatal markazlarida maslahat va tashxis poliklinikasi tashkil etilmagan. Perinatal markazlarida qon quyish bo‘limi mavjud emas, deya Manzura Salimovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Majlisda go‘daklar o‘limi koeffitsiyentlari pasayish tendensiyasida bo‘lsa-da, 2021 yilning o‘tgan 10 oyida bolalar o‘limi ko‘rsatkichlari 2020 yilning o‘sha davriga nisbatan Andijon viloyatida 64 nafarga va Navoiy viloyatida 20 nafarga  o‘sishi kuzatilgani ta'kidlangan. Shu bilan birga, respublikadagi ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi qo‘yilgan talablarga javob bermasligi tanqid qilingan.

Foto: Senat.uz  

“Respublikadagi barcha viloyat perinatal markazlarida chaqaloqlarda mikroproba qon namunalari orqali gematologik, biokimyo, immunologik tahlillar o‘tkazish imkoniyati yo‘q. Qondagi gazlarni, kislota-ishqoriy balansni aniqlash uchun analizatorlar mavjud emas hamda bakteriologik tekshiruvlar o‘tkazish imkoniyati (joy, shtat, mablag‘) yo‘q.

Xorazm viloyati perinatal markazidan tashqari barcha markazlar laparoskoplar, ya'ni ichki organlardagi operatsiyalar kichik hajmdagi teshikchalar orqali amalga oshiriladigan uskuna bilan ta'minlangan bo‘lsa-da, uskunalarni sterillash uchun plazmali sterilizatorlar mavjud emas.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Farg‘ona, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy, Xorazm, Toshkent viloyatlari “Ona va bola skrining” markazlarida zamonaviy ultratovush apparatlari hamda laborator-diagnostika jihozlari ma'nan eskirgan va talabga javob bermaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari “Ona va bola skrining” markazlari mutaxassislariga hamda laboratoriya bo‘limlariga ajratilgan joylar o‘lchami belgilangan me'yorlarga javob bermaydi. “Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”gi qonunning talablari va unda belgilangan normalarni amalga oshirish choralari ko‘rilmagan, deydi senator Manzura Salimova.

Senat yalpi majlisida homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda go‘daklarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam holati bo‘yicha aniqlangan muammolar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborishga qaror qilingan.

Avvalroq Senatning 23 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida 2020 yilda go‘daklar o‘limi avvalgi yilga nisbatan 428taga, onalar o‘limi esa 10taga oshgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid