Kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari: Nega yoshlar o‘zlarini zaharlashmoqda?
O‘zbekistonda sog‘lom bo‘la turib “Tropikamid”, “Lirika”, “Regapen”, “Zardeks” singari dorilarni iste'mol qilayotgan yoshlar sezilarli darajada ko‘paygan. Kun.uz mazkur muammo sabablarini o‘rgandi.
Bugun yoshlar orasida ayrim dori vositalarini kayf-u safo ilinjida iste'mol qilish holatlari ko‘p uchramoqda. Masalan, “Tropikamid”, “Lirika”, “Regapen”, “Zardeks”. Aslida mazkur dorilardan ko‘z yoki boshqa tana a'zolari kasalliklarini davolashda foydalaniladi va ularning savdosi qonun asosida nazorat qilinadi. Dorixonalarda ushbu dorilar shifokor retsepti asosida sotilishi shart. Lekin afsuski, “qilni qirq yoradigan uddaburon”lar shunday turdagi dorilarni noqonuniy yo‘llar bilan sotib olib, iste'mol qilyapti. Oqibatda nafaqat o‘z sog‘ligiga, balki atrofdagilarga ham zarar yetkazmoqda.
Bunday dorilarga tobelik nimalarga olib keladi?
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati inspektori Jamoliddin Nasimov mazkur dori vositalari ta'siriga tushib qolgan yoshlar va bunga qanday omillar sabab bo‘layotgani haqida fikr bildirdi.
“Kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarini iste'mol qilib mast bo‘lish hozirgi kunda uyqu bermaydigan muammolardan biri. Bu nimadan kelib chiqdi? Yurtimizda giyohvand moddalar iste'moliga qarshi keskin kurash bor. Bunday vositalarga qat'iy taqiq bo‘lib, ular kamaygach, yoshlar orasida uning prototipini qidirish boshlandi. Ya'ni huzur-halovatga erishish yo‘li izlandi. Tropikamid, lirika, regapen, zardeks va boshqa o‘nlab, insonga noto‘g‘ri foydalanish orqali sarxushlik beradigan dori vositalarini iste'mol qilish holatlari paydo bo‘ldi.
Misol uchun, tropikamidni olaylik. Bu dori ko‘z kasalliklarini davolash uchun ishlatiladi. Lekin yoshlar uni burniga sepib inʼeksiya hosil qilyapti. Ya'ni bu qon aylanishini buzib, qo‘pol qilib aytganda “kayf” beradi. Ular ming afsuski, shuning ilinjida yuribdi.
Bu nimaga olib keladi, avvalo sog‘lom odam iste'mol qilishi orqali bir necha kasalliklar kelib chiqadi.
Eng yomon tomoni shundaki, bunday yoshlar umuman jamiyatdan ajralib qoladi. O‘sha dori vositalarini topish uchun, sotib olish uchun yoshlar qo‘lidan kelgan xunrezlikni qilishga tayyor bo‘lib turibdi. O‘sha dorini qabul qilsa bo‘ldi. Umuman, odam sifatida harakat qilmaydi.
O‘tgan kuni Shayxontohur tumani 4-sonli ichki ishlar bo‘limida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. O‘g‘rilik sodir bo‘lgan. O‘g‘rilar jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan ushlangan. Gaplashib ko‘rdim. Ular ko‘p taksi haydovchilarining telefonlarini o‘g‘rilab ketishgan ekan. Ya'ni o‘sha dorilarni sotib olish maqsadida o‘g‘rilik qilishgan. Hattoki, qo‘lga olingan paytda ham ular kuchli dorilar ta'sirida bo‘lgan. Bu juda achinarli holat. Ularga oilasidagi yoki boshqa muammo va tashvishlar qiziq emas. Dard-u xayoli dori iste'mol qilishda.
Toshkent shahrida maxsus reydlar o‘tkazyapmiz. O‘rtahol odamning yonidan bu kabi dorilar chiqmayapti. Bolalariga “Jyentra”, “Malibu” kabi mashinalarni olib beradigan oilalar farzandlarining mashinasini to‘xtatsak, o‘sha dorilarning 2-3 turi chiqib kelyapti. Bu real bo‘layotgan, ayniqsa, Toshkentda kuzatilayotgan va juda ham ayanchli holat”, deydi u.
Ma'lumotlarga ko‘ra, “Regapen” va “Zardeks” ham nazorat ostidagi dorilarga kiradi. Ular kuchli ta'sir qiluvchi dori hisoblanib, og‘riq qoldirish uchun ishlatiladi. Lekin hozir yoshlar mazkur dorilarni ham mast bo‘lish maqsadida iste'mol qilmoqda.
Mutaxassislar aynan shu dorilarga tobe bo‘lib qolgan inson bir kunda 40tagacha dori qabul qilishi mumkinligini va yuqori dozani ko‘tara olmay yurak xuruji yuzaga kelishini aniqlagan.
Ruhiy tobelikni davolash bir umrga cho‘zilishi mumkinmi?
Narkolog Nargizxon Sodiqova kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarini sog‘lom organizm qabul qilganda, zararli xususiyatlarga egaligini aytadi. Qayd etilishicha, birinchi navbatda dorilar zaharga aylanadi. Dori sog‘lom organizmga kirgach, o‘z nojo‘ya ta'sirlarini ko‘rsatmay qolmaydi.
“Kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalariga o‘rganib qolganlar orasida 2 xil tobelik kelib chiqadi. Ruhiy va jismoniy.
Shifokor jismonan tobelikni 1 haftada davolashi mumkin. Masalan, dori ta'siriga tushib qolgach, uni iste'mol qilmay qo‘ysa, yuzaga keladigan ko‘p terlashlar, holsizlik, ishtaha yo‘qligi, oyoq-qo‘llar va bo‘g‘imlarda og‘riqlarni tez davolashning imkoni bor.
Eng achinarli holat, bu ruhiy tobelikdir. Uni kerak bo‘lsa, bir umr davolashga to‘g‘ri keladi.
Dorilar inson organizmidagi qon tomirlarni juda tez kengaytirib yuborishi mumkin. Bunda hushdan ketish holatlari ham kuzatiladi.
Kayf holati deganda miya faoliyatiga kuchli ta'sir tushuniladi. Bu sekund darajasidagi ta'sir hisoblanadi. Shu ta'sirni izlab, bemorlar o‘sha dorilarni dozasini ko‘paytirib qayta-qayta iste'mol qilishadi.
Agarda kuchli ta'sir qiluvchi dorilar birdaniga ko‘p miqdorda iste'mol qilinsa, organizmda zaharlanish holati kuzatiladi. Bu hatto o‘lim bilan tugashi mumkin.
Ko‘p bemorlar kelib “bu oddiy dori-ku, burunga sepaman, xolos. Men buni ichmayman yoki in'yeksion holatda qabul qilmayman. Buning organizmga ta'siri unchalik kuchli emas. Men bemalol bu yo‘ldan chiqib keta olaman”, deyishadi.
Ammo bu dorilar inson organizmiga juda qattiq salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Chunki qon tomir orqali so‘rilgan har bir dori ichki organizmdan o‘tadi. Jigar, buyrak faoliyatiga, yurak sohasiga ta'sir o‘tkazadi. Ko‘pgina holatlarda yurak sohasida katta o‘zgarishlarga olib keladi”, deydi narkolog.
Muammo yechimi kimning qo‘lida?
O‘rganishlarga ko‘ra, yoshlar orasida keng tarqalib borayotgan bu illat ildizi birinchi navbatda oilaviy va atrofdagi muhitga borib taqaladi. Tarbiya o‘z o‘rnida bo‘lsa, ruhiy jihatdan barqarorlik buzilmasa, hech bir yosh bunday besamar harakatlarga chog‘lanmaydi.
Masalaning yana bir tomoni – mazkur dorilarni noqonuniy tarzda, ya'ni shifokor retseptisiz sotayotgan “tadbirkorlar” bilan bog‘liq. Nahotki, mo‘may daromad evaziga yoshlar jonini, hayotini zaharlash ularga manzur kelayotgan bo‘lsa?!
Toshkent shahar IIBB axborot xizmati inspektori Jamoliddin Nasimovning aytishicha, bu kabi dori vositalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish maqsadida hukumat tomonidan ishchi guruh tuzilgan. Bojxona qo‘mitasi, DXX, Ichki ishlar vazirligi, SSV, Bosh prokuratura bilan hamkorlikda tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ammo muammo to‘laligicha bartaraf etilmayapti. Boisi, ko‘p hollarda bolalarning o‘z yaqinlari tomonidan qilinadigan nazorati risoladagidek emas.
“Menimcha, bu masalada qattiq jazo choralarini ko‘rish kerak. Masalan, avtomobil nega olib qochilmaydi yoki kam o‘g‘irlanadi. Sababi jazo judayam qattiq. O‘g‘ri 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Shuning uchun ham mashinalar deyarli o‘g‘irlanmaydi.
Dori vositalariga ham qonuniy jazo bor. Lekin jazoni yana ham qattiqroq qilish kerak. Shunda o‘rinli bo‘lardi.
Ota-onalar farzandlariga barcha sharoitni qilib beryapti, lekin bolada intilish, qiziqish yo‘q. Keyin ular shu dorilarga o‘rganib qolyapti.
Ota-onalar farzandlari tarbiyasini qattiqroq nazorat qilishlari kerak. To‘qlikka sho‘xlik deymizmi, ota-ona farzandini o‘zi nazorat qilmasa, bu muammoni yengish qiyin. Buni faqatgina qonun, jazo va ota-onalar nazorati bilan yengishimiz mumkin. Ota-onalar farzandi yurish-turishiga e'tiborli bo‘lsin. Kerak bo‘lsa, kimlar bilan do‘st bo‘layotganini ham nazorat qilsin.
Ana shu turdagi dori vositalarini sotib hamyonini qappaytirayotgan “tadbirkorlar”ga murojaatim, ertaga sizning farzandingiz ham mana shu turdagi dori vositalariga tobe bo‘lib qolmaydi, deb hech kim kafolat bermaydi. Siz ham mana shu dardga yo‘liqishingiz mumkin.
Qanchadan qancha oilalar shunday dorilarni deb dard-u faryod chekmoqda. Bir farzandni dunyoga keltirib, 20 yoshga kirgizguncha ota-ona qancha qiyinchiliklarni ko‘radi? Vaqtida bu narsadan o‘zingizni to‘xtating”, deydi Jamoliddin Nasimov.
Ma'lumot uchun, ayni paytda mazkur dori vositalarini noqonuniy sotayotgan yoki sotib olayotganlarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoiy va ma'muriy javobgarlik choralari ko‘riladi.
Bemor bunday turdagi dorilarni shifokor yozib bergan va kasalxona muhri bosilgan retsept asosida sotib olishi zarur. U dorini o‘zi bilan olib yurganda qo‘lida retsept ham bo‘lishi talab etiladi.
Islombek Umaraliyev, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi Abdusalim Abduvohidov.
Mavzuga oid
21:51 / 29.07.2024
Farg‘onada “Mirzo Ulug‘bek vorislari”ga va’da qilingan mukofot pullari berilmadi, nega?
21:39 / 26.07.2024
Imtihonlar tugadi. Abituriyentlarning yarmi testdan yiqildi
12:30 / 25.07.2024
O‘zbekistonda "Yoshlar – kelajak bunyodkorlari" III xalqaro qurultoyi o‘tkaziladi
07:34 / 23.07.2024