O‘zbekiston | 14:55 / 19.11.2021
17266
3 daqiqa o‘qiladi

Senat avtomobil salonining old qismiga monitor o‘rnatishga ruxsat beruvchi qonunni ma'qulladi

Qonun bilan transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga bluetooth, quloqchin va boshqa qo‘lni band qilmaydigan garnituralar foydalanishga ham ruxsat berilmoqda.

Foto: drive2.ru

Senatorlar Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonunni ma'qulladi.

Senatning yigirma birinchi yalpi majlisida ma'qullangan qonunga ko‘ra, ma'muriy huquqbuzarliklarning xavflilik darajasidan kelib chiqib, bir qator huquqbuzarliklar uchun sanksiyalar maqbullashtirilmoqda.

Xususan:

  • transport vositalari egalari tomonidan sug‘urta polisini olmaganlik yoki muddati o‘tgan sug‘urta polisi yoki sug‘urta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi;
  • yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shug‘ullanganlik;
  • pasport tizimi qoidalarini buzganlik;
  • fuqarolar tomonidan valuta qiymatliklarini noqonuniy olganlik yoki o‘tkazganlik uchun jarimalar miqdori kamaytirilmoqda.

Shuningdek, transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga bluetooth, quloqchin va boshqa qo‘lni band qilmaydigan garnituralardan foydalanishga ruxsat berish nazarda tutilmoqda.

Qonun bilan transport vositasi salonining old qismiga monitor (displey) o‘rnatganlik uchun javobgarlik bekor qilinmoqda, shuningdek, transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganda tezlikni o‘lchaydigan maxsus uskunalar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlab hisoblash joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, qonunda ichki ishlar organlari yoki konsullik muassasasi tomonidan berilgan biometrik pasport (ID-kartasi) mavjud bo‘lgan taqdirda, haydovchidan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjat, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi talab etilmaydigan tartib belgilanmoqda.

Avvalroq Adliya vazirligi transport vositalari haydovchilariga bir qator qulayliklar yaratishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqqani xabar berilgandi.

Mazkur qonun loyihasini Qonunchilik palatasi O‘zXDP fraksiyasi yig‘ilishida muhokama qilish jarayonida avtomobilda tezlikni oshirganlik uchun jarimani kamaytirish ham taklif etilgan, biroq bu keskin noroziliklarga sabab bo‘lgandi. Adliya vazirligi loyihada bunday taklif nazarda tutilmaganini bildirgandi.

Kun.uz’da tezlikni oshirganda ruxsat etilgan +5 km/soat nega faqat birinchi o‘lchovda qo‘llanayotgani haqida maqola e'lon qilingandi.

Mavzuga doir:

Аббос Салайдинов
Tayyorlagan Аббос Салайдинов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid