Jamiyat | 13:40 / 20.11.2021
44811
10 daqiqa o‘qiladi

“Uchastkavoy”larning vazirga murojaatlari: boshqarma boshlig‘i izoh berdi

So‘nggi kunlarda internetda ichki ishlar organlaridagi qonunsizlik va korrupsiya haqida shikoyat qilingan ikkita video tarqaldi. Kun.uz sobiq profilaktika inspektorlarining vazirga yo‘llagan murojaatlarida keltirilgan vajlar bo‘yicha IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyevdan izoh so‘radi.

Berdialiyevga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Quva tumanidan murojaat yo‘llagan Nozimjon Nishonov 2020 yil aprel oyida ichki ishlar tizimiga profilaktika inspektori sifatida ishga qabul qilingan.

“U 2015 yilda Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan, lekin ichki ishlar organlarida ko‘nikmalari bo‘lmagani uchun IIV tizimidagi o‘quv muassasalarida tashkil etilgan uch oylik kursda qayta tayyorlangan. Odatda yosh yigitlarga katta ish stajiga ega bo‘lgan, amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan xodimlardan murabbiy biriktiriladi.

Nishonovga biriktirilgan murabbiydan tushgan ma'lumotlarga ko‘ra, u xizmatga tayinlanganidan uncha ko‘p vaqt o‘tmasdan, ya'ni 2021 yilning yanvar oyidan o‘zini salbiy tomonlama ko‘rsata boshlagan. Ichki ishlar tizimi o‘zini o‘zi inventarizatsiyadan o‘tkazib, xodimlarining xizmat intizomini, xizmatga bo‘lgan munosabatini, topshirilgan vazifalar ijrosini tekshirib boradi. Shaxsiy xavfsizlik xizmati kerak bo‘lsa xufiyona, kerak bo‘lsa ochiq tekshiruvlar o‘tkazib keladi.

Ko‘p sonli ichki ishlar idoralari faqat xalq bilan ishlaydi. Tizimda ish hajmi katta. Agar xodimlar faoliyati ustidan bunday nazorat o‘rnatilmaydigan bo‘lsa, davlat va hukumat oldidagi vazifalarimizni bajarolmay qolamiz. Shu maqsadda Nishonovning xodim sifatida mas'uliyatsiz ekani birinchi marta shu yilning yanvar oyidagi nazorat tadbirida aniqlangandi. Ya'ni tungi vaqtda xizmat mashinasida uxlab qolgan. Ushbu holat bo‘yicha intizomiy jazo qo‘llash prinsipiga asosan tanbeh jazosi e'lon qilingan.

Ikkinchi marta oradan ko‘p o‘tmasdan Farg‘ona viloyati IIB tomonidan fuqarolardan kelib tushgan ariza va shikoyatlar ijrosi o‘rganilganda ko‘plab murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini asossiz uzaytirib yuborgani, sifatsiz tekshirgani uchun intizomiy jazo sifatida hayfsan olgan.

Sobiq profilaktika inspektori Nozimjon Nishonov

Bundan tashqari, ushbu xodim alohida nazoratga olinib, mehnat intizomiga amal qilishi bo‘yicha o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi davomida vakolatini suiiste'mol qilish holatlari aniqlandi. Shundan so‘ng bunday xodimning ichki ishlar tizimida bo‘lishi xodimlarning obro‘yiga ta'sir qilishini inobatga olgan holda u ichki ishlar organlaridan komission tartibda xizmatdan bo‘shatilgan”, dedi polkovnik Baxtiyor Berdialiyev.

IIV mulozimi Nishonov lavozimini qay tarzda suiiste'mol qilganiga izoh berarkan, u pora olmagani, biroq tama qilish holatlarigacha borgani haqida axborotlar kelib tushganini aytdi.

Berdialiyevning ishontirishicha, xizmat tekshiruvi davomida Quva tumani IIB rahbariyati tomonidan majburiy yuklama belgilangani, xodimlardan pul tama qilayotgani tasdig‘ini topmagan. U o‘zi shaxsan Quvaga borib videomurojaatda tilga olingan mansabdorlar va xodimlar bilan suhbatlashganini aytmoqda.

IIV HPBB boshlig‘i, polkovnik Baxtiyor Berdialiyev

“Videomurojaat orqali obro‘yimizga to‘g‘ri kelmaydigan gaplarni aytgan, o‘zining ma'muriy nazorat bo‘yicha rahbarini ayblagan. Rahbari yuklama qo‘yayotgani, pul tama qilayotganini aytgan. Shaxsan o‘zim Quvaga borib o‘sha rahbar bilan uchrashdim. Jamoasini o‘rganish bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinladik. Jamoadagi xodimlar ham Nishonov to‘g‘risida salbiy fikrga ega. Besh-oltita xodim xuddi u kabi videomurojaat qilib, Nishonovga ishonmaslikka chorlab chiqishmoqchi edi, ammo biz buni to‘xtatdik. Sababi bunday videomurojaatga umuman zarurat yo‘q.

Molxona qurilishi bo‘yicha qurilish materiallari talab qilinganiniyam surishtirdik. Rahbar videomurojaatda tilga olingan molxona chindan mavjudligini tan oldi. Faqat u tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi ukasiga tegishli ekani, Nishonov videomurojaatida qasddan bu molxonani ham o‘zi qurdirayotganini qo‘shib ketgani haqida ko‘rsatma berdi. Uning so‘zlari qanchalik rost-yolg‘onligiga prokuratura organlari aniqlik kiritadi.

Videomurojaatda sanab o‘tilgan holatlar bo‘yicha bitta fakt tasdiqlansa ham bu bekitilmaydi va qonuniy baho beriladi”, deydi Baxtiyor Berdialiyev.

IIV bosh boshqarma boshlig‘i Namangan shahar IIB profilaktika inspektori katta leytenant Sardorbek Otaboyevning Facebook orqali vazirga yo‘llagan videomurojaatiga ham to‘xtalib, u IIV rahbariyatini aldaganini ta'kidladi.

Sobiq profilaktika inspektori Sardorbek Otaboyev

“Bu xodimimiz 2015 yilda IIV akademiyasini tamomlagan. U 2021 yil iyun oyida huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatiga o‘tkazilgan. Yosh xodim bo‘lgani uchun unga ham murabbiy biriktirganmiz. Vaziyatni bilib turishimiz uchun joylardagi rahbarlar va murabbiylardan ma'lumot olib turamiz. Bundan tashqari, qo‘shimcha ravishda kecha-yu kunduz ishlab turadigan ishonch telefonlarimiz bor.

Qolaversa, yosh xodimlarga rahbarlar tomonidan qandaydir bosim o‘tkazilganda yoki kechqurun murakkab vaziyatlarga tushib qolganda qo‘ng‘iroq qilishlari uchun har bir profilaktika inspektoriga telefon raqamlarimizni tarqatganmiz. Ular qo‘ng‘iroq qilib yoki Telegram orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zimga murojaat qilishi mumkin.

Sardorbek ham Telegram orqali menga murojaat qilib, Namangan viloyati IIB xodimlari va tuman IIB rahbariyati o‘ziga nisbatan noto‘g‘ri xizmat tekshiruvi o‘tkazayotganini aytib, yordam so‘radi. Ichki ishlar vazirligidan Kadrlar bo‘limi boshlig‘i o‘sha kunning o‘zida voqea joyiga yetib borib, Otaboyev bilan uchrashdi. Nima bo‘lganini batafsil surishtirdi. Sardorbek xizmat intizomini buzmagan bo‘lsa ham undan ishdan ketish talab qilinayotganini, ayni paytda xavf ostidaligini, oilada yolg‘iz boquvchi ekanini aytib bergani uchun vaziyat bo‘yicha chuqurroq tekshiruv o‘tkazildi.

Lekin tekshiruv davomida uning ustidan firibgarlik qilgani haqida murojaatlar kelib tushgani aniqlandi. Aniqrog‘i, “Ayollar daftari”da turgan bir ayolga yordam berishini aytib, uning nomiga bankdan katta miqdorda kredit olgani ma'lum bo‘ldi. Ayol o‘zining nomiga kredit olinganini keyinroq bankdagilar uni izlab kelganidan so‘ng bilib qoladi. Shunda Otaboyev 81 mln so‘mdan ortiqroq miqdordagi kreditni keyinroq unga to‘lab berishga va'da beradi. Biroq so‘zining ustidan chiqmaydi. “Ayollar daftari”da turgan, qiynalgan ayol oylik to‘lovlarni qanday to‘lashini bilmay, tuman IIB rahbariyatiga bo‘lgan voqealar haqida ma'lum qiladi.

IIV rahbariyatiga yolg‘on gapirib, aldagan, qolaversa, fuqaroning ishonchiga kirib, uning nomiga kredit olib, pullarni unga olib bermagan xodimni vazirlik himoya qilishi kerakmi? Yoki fuqaroning manfaatlari ustunmi? Kim bo‘lishidan qat'i nazar, u xoh profilaktika inspektori bo‘lsin, xoh rahbar bo‘lsin, qonunni buzsa, buning uchun javob beradi.

Ushbu vaziyatda o‘sha kunning o‘zida to‘plangan hujjatlar prokuratura idoralariga yuborildi. 14 noyabr kuni kechki payt u firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda gumonlanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi”, deya ma'lumot berdi Baxtiyor Berdialiyev.

Uning ta'kidlashicha, birgina profilaktika inspektorining videomurojaatidagi gaplari bilan sohaning obro‘yi tushib qolmaydi. Mulozim ijtimoiy tarmoq yoki OAV orqali aytilgan so‘zlar tasdig‘ini topmaydigan bo‘lsa, buning uchun javobgarlikka tortilishi mumkinligini eslatib o‘tdi.

IIV HPBB boshlig‘i, polkovnik Baxtiyor Berdialiyev

“Ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat qilish – bu ochiqlik siyosatining natijasi, so‘z erkinligining bir ko‘rinishi, biz buni cheklamaymiz. Xoh ichki ishlar idoralari xodimlari bo‘lsin, xoh fuqaro bo‘lsin, qayerga chiqib qanday murojaat qilish uning huquqi deb hisoblayman.

Ichki ishlar idoralari xodimlarining videomurojaati tarqalganda amaldagi tartibga ko‘ra zudlik bilan xizmat tekshiruvi tayinlanadi. Agar xodim va rahbari o‘rtasida qarama-qarshilik vujudga kelsa yoki murojaatda qandaydir jinoyat haqida so‘z borgan bo‘lsa yoxud OAV orqali kimgadir tuhmat qilish haqida gap ketgan taqdirda, xizmat tekshiruvi davomida to‘plangan hujjatlar obektiv ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuboriladi.

Internetda tarqalgan har ikki videomurojaat bo‘yicha to‘plangan hujjatlarni prokuraturaga yuborganmiz. Holat bo‘yicha qarorni prokuratura organlari qabul qiladi, biz bu jarayonga aralashmaymiz.

Ko‘pincha odamlar yolg‘on yoki tuhmat gaplarni gapirib qo‘yishadi-da, ish prokuratura tomonidan ko‘rib chiqilib, haqiqat oydinlashgandan keyin uzr so‘rab chiqishga yoki javobgarlikka tortilishga to‘g‘ri kelishi haqida o‘ylashmaydi. Chunki internet orqali kimnidir ayblab chiqsa-yu, so‘zlari isbotini topmasa, bu shaxsning qadr-qimmati kamsitish, haqorat yoki tuhmat hisoblanadi. Tabiiyki, bu harakat huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi”, deya ta'kidlaydi IIV bosh boshqarma boshlig‘i.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid