Jamiyat | 10:30 / 21.11.2021
37851
5 daqiqa o‘qiladi

Respublika sud ekspertiza markazining yangi binosi foydalanishga topshirilganidan 2 yil o‘tib, «snos»ga tushdi. Nega?

Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi uchun qurib berilgan yangi bino noma'lum sabablarga ko‘ra buzilishga tushgan. Poytaxt hokimligi masalaga izoh berishdan qochmoqda.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrining Mirobod tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashgan bino 2019 yili qurilib, Respublika sud ekspertizasi markazi foydalanishiga berilgan. Ammo oradan 2 yil o‘tib bino buzish uchun o‘rab olingan.

Foto: X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi matbuot xizmati

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, mazkur bino prezidentning 2019 yil 17 yanvardagi 4125-sonli qarori (8-bandi) asosida bunyod etilib, Markazga foydalanish uchun topshirilgan.

Kun.uz binoning qurilishi bilan bog‘liq ayrim ma'lumotlar va nima sababdan buzilayotganini aniqlash maqsadida mas'ul idoralarga so‘rovlar yubordi. Ammo olingan javoblar o‘ta mavhum, biror tashkilot mas'uliyatni zimmasiga olishni istamayapti.

Xususan, Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bino qurilishida Toshkent shahar hokimligi Yagona injiniring kompaniyasi buyurtmachi bo‘lgani, shu tufayli barcha kerakli ma'lumotlar shahar hokimligida ekanini ta'kidladi.

Respublika sud ekspertiza markazi matbuot kotibi Saidillaxo‘ja Saidxo‘jayev bino buzilishga tushganini tasdiqlab, «snos» sabablarini bilmasligini ta'kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, markazning faqat yo‘l yuzasidagi ma'muriy binosi buzilishi kutilmoqda. Yo‘ldan ichkariroqda joylashgan laboratoriya binolari o‘z o‘rnida qoladi.

Shuningdek, u shahar hokimligi Farg‘ona yo‘li ko‘chasidan ichkariroqda yengil konstruksiyalardan  boshqa ma'muriy bino qurib berganini bildirdi.

«Bino buzilishini va bo‘shatib berishimiz kerakligini aytishdi. Lekin sababi aytilmadi. «Bino yo‘l yuziga chiqib ketgani uchun buzilarkan» degan gap-so‘zlar bor, lekin bu rasmiy ma'lumot emas», – deydi Saidillaxo‘ja Saidxo‘jayev.

U bino qurilishiga ketgan xarajatlar miqdori va manbasiga oid ma'lumotlar markazda mavjud emasligi, chunki ma'lum muddat binodan foydalanilganiga qaramay, shahar hokimligi binoni rasman markaz balansiga o‘tkazib bermaganini, shu tufayli binoni qurishga qancha xarajat ketganini ham bilmasligini qayd etdi.

Kun.uz’ning Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga yuborgan so‘roviga javoban hokimlikdagi mas'ullar savollarga javob bermagani bildirildi.

Soliq to‘lovchilarning milliardlab mablag‘lari evaziga bunyod etilgan hashamatli binoning sirli ravishda buzishga tushishi, boz ustiga rasmiylar izoh berishdan qochayotgani yuz berajak «snos»da shaffoflik yo‘qligiga ishora qilmoqda.

Basharti, «bino yo‘lga juda yaqin qilib qurilgani» tufayli buzilishga tushgan bo‘lsa, mas'ul bo‘lgan tashkilotlar qurilish boshlanishidan avval qayerga qaragan? Loyihalovchi va quruvchi tashkilot-chi?

Bino buziladigan bo‘lsa, davlat budjetidan sarflangan xarajatlarni kim qoplab beradi – qurilishni nazorat qilishi kerak bo‘lgan tashkilotlarmi yoki loyihalovchimi? Balki buzish uchun boshqa sabab bordir?

Ma'lum bo‘lishicha, buzilishga tushgan bino markaz tomonidan 2019 yildan foydalanib kelingan va 2021 yil iyulida bo‘shatib berilgan. Hozirda markaz ushbu bino ortida joylashgan qo‘shni binolardan foydalanib kelmoqda.

Ma'lumot uchun, buzilishga tushgan binoning bir yoni «Bizning uylar Development» savdo belgisiga tegishli «Alfraganus» majmuasi qurish uchun ajratilgan hududga tutash hisoblanadi. Binoning boshqa yoni esa restoran binosi bilan qo‘shni hisoblanib, restorandan narida joylashgan hududda «Orient city» biznes parki qurilishi rejalashtirilgan.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Adliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligidan Respublika sud ekspertizasi markazi uchun qurilgan binoni qurilishiga ketgan xarajatlar miqdori va manbasiga, bino o‘rab olinish sabablari va kelgusida kutilayotgan taqdiriga oid ma'lumotlarni ochiqlashlarini so‘rab qolamiz.

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid