Jahon | 08:26 / 23.11.2021
16341
5 daqiqa o‘qiladi

Viskonsindagi fojia: Rojdestvo paradi ustiga mashina haydab borganning shaxsi aniqlandi

Amerika matbuoti yakshanba kuni Rojdestvo paradida ishtirok etayotgan odamlar ustiga yo‘ltanlamas mashinasini haydab borib, kamida besh kishini o‘ldirganning shaxsini aniqladi. U boshqa bir jinoyat joyidan qochayotganida odamlarni bosib ketgani taxmin qilinmoqda.

AQShning Viskonsin shtati, Uokesho shahrida rojdestvo paradi vaqtida mashina odamlar ustiga yurishi oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar jarohatlandi.

Reuters’ning yozishicha, gumonlanuvchi qo‘lga olingan, uning mashinasi ham topilgan. Voqea sodir bo‘lgan ko‘cha atrofidagi muassasalar yopib qo‘yilgan. Holat bo‘yicha surishtiruv olib borilmoqda.

Amerika nashrlari politsiyadagi manbalariga asoslangan holda yo‘ltanlamas rulida Miluokida yashovchi 39 yoshli kichik Darrel Edvard Bruks bo‘lganini xabar qilgan. Politsiya BBC’ning bu ma'lumot yuzasidan aniqlik kiritishni so‘rab yo‘llagan so‘roviga javob bermagan.

Milwaukee Journal Sentinel gazetasining yozishicha, Bruks atigi ikki kun oldin garov evaziga hibsdan ozod qilingandi - u zo‘ravonlik va kaltaklash holati uchun qamoqqa olingan bo‘lgan.

Fojia yakshanba kuni, mahalliy vaqt bilan soat 16:30da Uokeshoda ro‘y bergandi. Avtomobil to‘siqni buzib o‘tgan va orasida ko‘plab bolalar ham bo‘lgan odamlar ustiga yurgan.

Politsiya zobitlari haydovchini to‘xtatishga uringan va avtomobilga qarata o‘q uzishgan. Ammo u rulni parad ishtirokchilari tomon burgan, ular maktab orkestrini kuzatishayotgandi.

Politsiya bu hodisani terakt deb hisoblamayapti. Tekshiruvlar jarayonidan xabardor bo‘lgan Amerika huquq-tartibot organlari vakillari CBS telekanaliga gumonlanuvchi katta ehtimol bilan boshqa bir hodisa joyidan - pichoqbozlik ro‘y bergan joydan qochayotgan bo‘lgan.

Jabrlanuvchilar orasida maktab orkestri a'zolari va raqqoslar guruhi vakillari bor.

Guvohlardan biri to‘siqlardan o‘tib kelayotgan yo‘ltanlamasni ko‘rgani, keyin haydovchi parad ishtirokchilari o‘tayotgan yo‘lga burilganini aytgan. «Biz uylar orasida turgandik va haydovchi pedalni oxirigacha bosib, katta tezlikda parad marshruti bo‘ylab harakatlanganini ko‘rdik. Keyin baland ovoz va mashina urib ketgan odamlarning qichqiriqlari eshitildi», deydi Milwaukee Journal Sentinel nashriga shahar kengashi a'zosi Anjyelito Tenorio.

Qizil rangli yo‘ltanlamas gaz pedalini bosib, parad o‘tayotgan tomonga ketayotgan vaqt olingan surat. Foto: Reuters

«Men odamlar o‘z farzandi ismini aytib baqirayotganini eshitdim», deydi CNN muxbiriga bergan intervyusida parad o‘tkazilgan joy yaqinida yashovchi guvohlardan biri.

AQSh prezidenti Jo Bayden hodisa haqida xabardor qilingan. Rasmiy bayonotda Oq uy Uokeshodagi voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib borayotgani va ushbu fojiada jabrlanganlarning barchasiga chin dildan hamdardlik bildirilishi aytilgan.

Mahalliy rasmiylar yaralanganlar va qurbonlar soni oshishi mumkinligi, qo‘shimcha ma'lumotlar kelishi davom etayotganini ma'lum qilgan. Ayrim jabrlanuvchilar shifoxonaga o‘zi mustaqil yurib borgan, shu tufayli ularning ayrimlari hisobga qo‘shilmagan bo‘lishi mumkin.

Mahalliy o‘t o‘chirish xizmati rahbari Stiven Hovard jurnalistlarga ushbu hodisadan keyin mahalliy shifoxonaga katta yoshdagi 11 nafar va voyaga yetmagan 12 bola olib kelinganini ma'lum qilgan. Viskonsindagi bolalar shifoxonasi mahalliy vaqt bilan soat 20:00da bu yerga 15 bemor keltirilgani, yana bir klinika 13 kishini qabul qilgani, ulardan uch nafarining ahvoli og‘ir ekanini bildirgan.

Uokesho politsiyasi boshlig‘i Den Tompson dushanba kuni mahalliy maktablar ishlamasligi, tekshiruvlar yakunlanguncha yo‘l yopiq turishini ma'lum qilgan. Foto: Reuters

Miluokidan g‘arbda joylashgan, 72 ming aholi yashaydigan Uokesho shahrida Rojdestvo paradi odatda har yili Shukronalik kunidan oldingi yakshanbada o‘tkaziladi. Raqqosalar guruhi va orkestrlar ishtirokidagi bayram marosimlarini ko‘plab oilalar kuzatishga chiqishadi. O‘tgan yili koronavirus pandemiyasi tufayli parad o‘tkazilmagandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid