Jahon | 16:59 / 25.11.2021
2598
1 daqiqa o‘qiladi

Polsha Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining bir qismini tan olmadi

Mamlakat Konstitutsion sudi qarorida aytilishicha, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Polsha sudi sudyalarini tayinlashni ko‘rib chiqish va baholash huquqiga ega emas.

Foto: AFP/Getty Images

Polsha Konstitutsion sudi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining alohida moddalarini mamlakat konstitutsiyasiga nomuvofiq deb topdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar bermoqda.

Sud qarorida aytilishicha, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Polsha sudi sudyalarini tayinlashni ko‘rib chiqish va baholash huquqiga ega emas.

“Konvensiyaning 6-moddasi Polsha konstitutsiyasiga mos kelmaydi”, - dedi Konstitutsion tribunali raisi Yuliya Pshilebska.

“Konstitutsion sud Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining bizning tizimni izdan chiqaruvchi qarorini rad etadi”, - deb yozdi mamlakat adliya vaziri o‘rinbosari Sebastyan Kaleta Twitter sahifasida.

Qayd etilishicha, bu qaror Polsha va uning Yevropadagi ittifoqchilari o‘rtasida sud islohotlari masalasida navbatdagi nizoni keltirib chiqardi.

“Polsha Konstitutsion tribunalining bugungi qarori jiddiy xavotir uyg‘otadi”, - dedi Yevropa kengashi bosh kotibi Mariya Peychinovich-Burich.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid