Jamiyat | 11:34 / 26.11.2021
96239
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda 9 yoshli qiz qotilligida ayblanib, so‘ng oqlangan ayol Oliy sudda aybli deb topildi

Asrora Hamdamovaga nisbatan 12 yil 4 oy 24 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Advokat esa mijozi qotillikni sodir etmaganiga amin. U Kun.uz’ga bergan izohida kassatsiya shikoyati berilishini aytdi.

Foto: Kun.uz

2020 yil 21 iyun kuni Andijon viloyati Asaka tumanida 9 yoshli go‘dak o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirib ketilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Bosh prokuratura olib borgan tergov harakatlari natijasida ushbu jinoyatni marhumaning qo‘shnisi Asroraxon Hamdamova sodir etgan deb topildi.

Unga nisbatan ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirish, bosqinchilik, o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlari bo‘yicha ayblovlar e'lon qilinib, ishi sudga oshirildi.

Ammo, 10 oy qamoqda saqlangan Asroraxon Hamdamovaga qasddan odam o‘ldirish, bosqinchilik va o‘g‘rilik bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlar sudda o‘z isbotini topmadi. Andijon viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining shu yil 5 maydagi hukmi bilan u oqlandi va sud zalidan ozod etildi.

Ayol va uning advokati tergovdagi qiynoq, nohaqliklar va dalillarning soxtalashtirilgani haqida Kun.uz'ga so‘zlab berishgan va saytimizda bu haqda videomaqola e'lon qilingan edi.

Asroraxon Hamdamovaning oqlanishi yuzasidan prokuratura va manfaatdor tomonlar apellyatsiya shikoyati kiritdi. Oliy sudda apellyatsiya tartibida ko‘rilgan ishda Asroraxon Hamdamova JKning 97-moddasi ikkinchi qismi va boshqa moddalar bilan aybli deb topilib, unga nisbatan uzil-kesil 12 yil 4 oy 24 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Kun.uz muxbiri Asroraxon Hamdamovaning advokati Oybek Abdurahmonov bilan bog‘lanib izoh so‘radi.

“Holat bo‘yicha may oyidan shu kungacha Oliy sud tomonidan yettita sud jarayoni o‘tkazildi. Uch marta sud qoldirildi. Asroraxon Hamdamovaning qotillik qilgani haqida hech qanday dalil bo‘lmasa ham uni aybdor deb topishdi.

Men himoyamdagi fuqaroning mazkur qotillikni amalga oshirmaganiga aminman. Biz Oliy sud ajrimini shunday qoldirmaymiz. Kassatsiya shikoyati tayyorlab yana sudga beramiz. Agar adolat qaror topmasa Xalqaro sudga murojaat qilishni mo‘ljalladik. Hozir sud ajrimi qo‘limizga tegishini kutyapmiz. Ular qotillik dalili sifatida nimani ko‘rsatishlariga hayronman.

Takror aytaman, himoyamdagi ayol mazkur jinoyatni amalga oshirmagan va qotillik qilgan haqiqiy jinoyatchi topiladi”, deydi advokat Oybek Abdurahmonov.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda va ishning keyingi tafsilotlarini yoritib borishda davom etadi. 

Mavzuga oid