O‘zbekiston | 08:43 / 26.11.2021
3174
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

2021 yilning 25 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatga tashrif bilan kelgan Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Margaritis Sxinas bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: TIV axborot xizmati

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning o‘zaro manfaatli sohalardagi asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Tomonlar «O‘zbekiston – Yevropa ittifoqi» hamkorlik kengashining 16-yig‘ilishi va «Yevropa ittifoqi – Markaziy Osiyo» shaklidagi 17-vazirlar uchrashuvi, shuningdek, mazkur tadbirlar doirasidagi ikki tomonlama muzokaralarning samarali natijalarini olqishlagan. Bo‘lajak tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashilgan.

O‘zbekiston bilan Yevropa ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar jarayoni bilan bog‘liq masalalarga alohida e'tibor qaratilgani aytiladi.

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yil iyun oyida qabul qilingan Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasida ko‘zda tutilgan qo‘shma mintaqaviy dastur va tashabbuslarni amalga oshirish jarayoni tahlil qilindi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari ham muhokama qilindi, deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Mavzuga oid