Jahon | 23:09 / 30.11.2021
4555
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiyada qariyb bir hafta avval olingan namunalarda «omikron» shtammi aniqlandi

Testlar 19 va 23 noyabrda olingan bo‘lib, kasallik yuqtirganlar Afrikada bo‘lgan-bo‘lmagani hozircha noma'lum. Koronavirusning “omikron” deb nomlangan shtammi ilk marta 24 noyabr kuni JARda aniqlangani xabar qilingandi.

Foto: Thomas Faull/Alamy Live News/Alamy Live News

Niderlandiyada qariyb bir hafta avval, Janubiy Afrikadan kasallangan yo‘lovchilar bo‘lgan reyslar kelmasdan turib olingan ikkita namunada «omikron» shtammi aniqlandi. Bu haqda mamlakat jamoat sog‘lig‘ini saqlash milliy instituti xabar qildi.

Testlar 19 va 23 noyabrda olingan bo‘lib, kasallik yuqtirganlar Afrikada bo‘lgan-bo‘lmagani hozircha noma'lum.

Qayd etilishicha, 26 noyabrda Janubiy Afrikadan kelgan 624 nafar yo‘lovchining 61 nafarida koronavirus aniqlangan bo‘lib, ularning 14 nafarida virusning yangi mutatsiyasi qayd etilgan.

«Laboratoriya tadqiqotlari davomida «omikron» variantining turli shtammlari aniqlandi. Bu esa mazkur odamlar bir-biridan alohida, boshqa manbadan va boshqa joyda infeksiya yuqtirganini bildiradi», — deyiladi institut xabarida.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, YeI va Yevropa iqtisodiy hududi davlatlarida «omikron» shtammi bilan bog‘liq 44ta holat qayd etilgan.

Shu bilan birga, hozircha kasallikning og‘ir kechishi yoki o‘lim holatlari kuzatilmagan.

Eslatib o‘tamiz, koronavirusning «omikron» deb nomlangan B.1.1.529 shtammi ilk marta 24 noyabr kuni JARda aniqlangani xabar qilingandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid