Signal chalmaydigan haydovchilar, bir kunlik ish haqiga haftalik bozorlik – Rahmatillo Isroilov hikoyasi
Uzbek.life portalining Kanada oyligi doirasidagi navbatdagi suhbatdoshi Kanadaning British Kolumbiya provinsiyasida istiqomat qilayotgan vatandoshimiz Rahmatillo Isroilov. Suhbat qahramonimizning Kanadaga immigratsiya qilish yo‘lidagi tajribalari va taassurotlari haqida bo‘ldi.
Kanada sari ilk qadamlar
O‘zim Samarqand viloyatida tug‘ilganman. Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tahsil olganman. Dastavval televideniyeda, so‘ngra Kun.uz saytida ish faoliyatini olib borganman.
Kanadaga borish uchun shu yil – 2021 yildan harakatlarni boshladik va barcha viza turlari bilan tanishib chiqa boshladik. Ular orasidan o‘qish uchun viza olib Kanadaga kelish birmuncha oson tuyuldi. Turmush o‘rtog‘imga talaba vizasi, menga “open work permit”, ya'ni ishlash ruxsatnomasi berilishi bilan o‘z maqsadimizga erishdik deb ayta olaman.
Viza olish muddati haqida aytadigan bo‘lsam, bunda menga 4 oycha vaqt kerak bo‘ldi. Ammo, bu barcha 4 oy ichida viza rasmiylashtira olishi mumkin degani emas. Bu ofitserlarning vizani ko‘rib chiqish muddatiga bog‘liq. Bizda Kanada elchixonasi bo‘lmaganligi hamda juda kuchaygan karantin sabab viza olish jarayonlari anchagina qiyin kechgandi. Eng yaqin viza markazlari Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya hamda Dubayda joylashgandi.
Kanada Susambil emas...
Kanadadagi 2 oylik tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, Kanada Amerika emas, Kanada Susambil ham emas. Kanadada til bilmasdan kelish va yoki yashash judayam qiyin. Ochiqroq bo‘lsa-da aytaman, bu yerga kelish uchun birmuncha mablag‘ ham talab etiladi. Bundan tashqari, Kanadaga kelgach moslashish jarayonini ham boshdan o‘tkazishingiz kerak.
Tibbiy tekshiruvdan O‘zbekistonda turib ham o‘tsa bo‘ladi
Yuqorida sanab o‘tgan viza markazlarida faqatgina barmoq izlarini topshirish, suratga tushish va shu kabilarni amalga oshirish mumkin. Vizalarni rasmiylashtirish esa faqatgina Moskva yoki Polshadagi Kanada elchixonalari orqali bo‘ladi. Barmoq izlarini topshirish ham pullik bo‘lib, narxi 85 dollar edi. Bundan tashqari yana bir qancha xarajatlar bilan 200 dollarcha pul sarflashingizga to‘g‘ri keladi. Shundan so‘ng sizning viza arizangiz ko‘rib chiqiladi va siz Kanada uchun mos deb hisoblansangiz, sizga “medical” (tibbiy tekshiruvdan o‘tish) xati keladi. Bu xatning yuborilishi sizga viza berilishi ehtimolining yuqoriligini bildiradi.
Tibbiy tekshiruvdan O‘zbekistonda turib ham o‘tsa bo‘ladi. Toshkent xalqaro klinikasi Kanada ishonchidan o‘tgan yagona tibbiy muassasa hisoblanadi. Bu yerga qabulni oldindan rejalashtirib, tegishli analizlarni topshirasiz. Buning uchun 240 dollar miqdorida to‘lov qilasiz. Bu kabi kuchli tibbiy tekshiruvdan maqsad Kanada sog‘liqni saqlashga alohida e'tibor qaratadi. Bu yerda tibbiyot bepul hisoblanadi.
Tibbiy tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o‘tgach, sizga “passport request” yuboriladi. Ya'ni, sizdan pasportingizni yuborish so‘raladi. Siz pasportingizning asl nusxasini Moskvadagi elchixonaga yuborasiz. U yerda pasportingizga viza urilib, sizga qaytarib yuboriladi.
Tegishli vaksina bilan emlaning
Hozirda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab Kanada hukumati turistik, ishchi, talaba vizalarini berishni vaqtincha to‘xtatgan. Shuningdek, mamlakatga kirishda ham, chiqishda ham to‘liq emlangan bo‘lishingizni talab qilishmoqda. Hukumat tomonidan qabul qilingan vaksinalar quyidagi beshtadir:
- Pfizer
- BioNTech
- Moderna
- AstraZeneca/COVISHIELD
- Janssen/Johnson & Johnson
Agar siz ushbu vaksinalardan biri bilan emlanmagan bo‘lsangiz, 14 kunlik karantinga joylashtirilasiz. Bunda mehmonxonada o‘z hisobingizdan 14 kun yashashingiz kerak.
Tizim sizdan o‘zingizni yaxshi tutishni talab qiladi
Kanadaga kirganingizdan so‘ng sizning o‘zingizni tutishingiz judayam muhim hisoblanadi. Keyinchalik yashash, doimiy yashash uchun ruxsatnoma olishda aynan sizning tarixingizga e'tibor beriladi. Va meni ajablantirgan jihat shundaki, bunday talablar, ya'ni kelajakda muvaffaqiyatga erishishni istagan kishilarning o‘zini munosib tutishi kerakligi faqatgina immigrantlar uchun emas, balki kanadaliklar uchun ham birday taalluqli. Bu esa har bir kishini o‘z kelajagini qurish uchun o‘zini munosib tutishga undaydi.
Qolaversa, kanadaliklarning o‘zini tutishi ham menda ajoyib taassurot qoldirdi. Xoh ertalab, xoh kechqurun bo‘lsin, kanadaliklar bir-biri bilan muloyim so‘rashadilar. Bunda hatto bir-biri bilan tanish bo‘lmasalar-da, tabassum bilan “Good morning” deyishdan charchamaydi.
Qurut olib kirish mumkin emas ekan
Kanada bilan bog‘liq taassurotlarim O‘zbekistonda turiboq boshlangan. Uchish narxlariga to‘xtalsam, chiptalar men kelgan payti 2000-2500 dollarga chiqib ketdi. Karantindan oldin 800-900 dollar atrofida edi. Turkiya orqali uchish o‘zbekistonliklar uchun ma'qul variant hisoblanadi. Biz ham Turkiya orqali uchib keldik. Aeroportga kelgach, qiziq bir voqea yuz berdi. Chemodanimni olish uchun borganimda bir politsiya ofitseri iti bilan kutib turibdi. Men buni ko‘rib o‘zimdan biroz shubhalanib qoldim. Menga aytyaptiki, senda yugurtdan tayyorlangan narsa bor, uni olib kirish mumkin emas. Keyin chemodanni ko‘rsam, unda o‘zimizni qurut bor ekan. Ularga buni yaxshilab tushuntirdim, ammo baribir qurutni berishmadi.
Kanadaning o‘ziga xos tabiati
Kanadaning meni judayam o‘ziga tortgan jihati tabiatidir. Bu tabiatni asrashga alohida e'tibor qaratiladi. Hatto, shuning uchun bu yerda neft ishlab chiqarish ta'qiqlangan. Neft bu yerga Albertadan import qilinadi. Shu sababdan ham benzin narxi biroz qimmatroq. Bundan tashqari, aholisi, ularning bir-biriga munosabati, narx-navolar ham anchagina muqobil. Yana bir diqqatimni tortgan jihat – Kanadada fermerlarga e'tibor judayam yuqoriligidir. Aholining eng boy, o‘ziga to‘q qatlamlaridan biri aynan fermerlardir. Bu yerda ularni judayam ardoqlashadi, hatto “No farmers, no food” (“Fermerlar bo‘lmasa, oziq-ovqat ham yo‘q”) deb yozilgan shiorlarni ham ko‘rishingiz mumkin.
Bir kunlik ish haqiga bir haftalik bozorlik qilish mumkin
Narx-navolar haqida gapiradigan bo‘lsam, birinchi navbatda, oziq-ovqat mahsulotlarining narxi anchagina yaxshi. Ya'ni, bir kunlik ish haqingizga bemalol bir yoki ikki haftalik oziq-ovqat sotib olishingiz mumkin. Ijara xarajatlari birmuncha qimmatroq. Talaba yoki bir kishi ijara turishni istasa, 500 dollardan 1500 dollargacha turarjoy topishi mumkin. Biz oilaviy turgan xozirgi uyning narxi 1300 Kanada dollarini (1000 AQSh dollari atrofida) tashkil etadi. Shuningdek, internet, kommunal to‘lovlar va transport uchun xarajatlar mavjud. Internet uchun oyiga 50 dollar, elektr-energiya uchun istemolga qarab 30-40 dollar sarflaymiz.
Nisbatan kam, ammo ahil, bir-biriga mehribon o‘zbeklar
British Kolumbiyada o‘zbeklar judayam kam. Tahminan 20-30 tacha vatandoshlarimiz yashashadi bu yerda. O‘zbeklar, asosan, Torontoda ko‘proq uchraydi. Shuningdek, tojik birodarlarimiz ham anchaginani tashkil etadi. Kamchilik bo‘lishiga qaramay bir-biri bilan judayam inoq, hurmat bilan munosabatda bo‘lishadi.
Kanadalik haydovchilarning signal chalganini eshitmaysiz
Kanadada migrantlar judayam ko‘p. Bu yerda turfa xil millat vakillarini uchratishingiz mumkin. Ammo, Kanada xalqining ularga judayam ochiqko‘ngil ekanligi diqqatga sazovor. Bundan tashqari, Kanadada avtomobil boshqarish haqiqatan zavqli hisoblanadi. Haydovchilarning bir-biriga munosabatidan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan narsalar ko‘p deb o‘ylayman. Masalan, signal chalinganligini yoki haydovchilarning bir-biriga baqirib-chaqirganini umuman eshitmaysiz. Tabiatni asrash, tabiatga nisbatan hurmat borasida ham kanadaliklar barchaga o‘rnak bo‘la oladi. Bugungi kunda ekologik muammolar judayam dolzarb ahamiyat kasb etib turgan bir paytda bu kabi xislatning har bir millatda, har bir shaxsda bo‘lishi muhimdir.
Kanadada ham daraxtdan pul terib olmaysiz
Kanadaga kelish istagida yurganlarga ba'zi tavsiyalar bermoqchi edim. Avvalambor, Kanadada ham, dunyoning boshqa davlatlarida ham daraxtni tepib pul yog‘dirib bo‘lmaydi. Bu yerda ham o‘zingiz istagan maqsadlaringizga erishish uchun ko‘p ter to‘kishingizga, o‘z ustingizda ishlashingizga to‘g‘ri keladi. Qo‘lingizda biror hunar bo‘lishi ham umuman foydadan holi bo‘lmaydi. Kanadaga kelishdan oldin esa o‘zingizga mos bo‘lgan vizalar bilan batafsil tanishib chiqing. Faqatgina rasmiy manbalardan foydalaning. Vizadan rad javobi chiqsa ham ko‘nglingizni cho‘ktirmang, keyingi safargi viza uchun harakatni kuchaytiring. O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasini olishni tavsiya qilib qolaman. Barcha Kanadaga kelmoqchi bo‘lgan kishilarga omad tilab qolaman.
Davlatbek Asadov suhbatlashdi
Mavzuga oid
14:59 / 09.11.2024
Shaharchani butunlay vayron qilgan halokat: Kanadada Fransiya harbiy kemasi qanday portlagandi?
23:30 / 07.11.2024
Kanada TikTokʼdan mamlakatdagi bo‘linmasini yopishni talab qildi
16:11 / 22.10.2024
Kanadalik erkak itlarni sayr qildirish bo‘yicha jahon rekordini yangiladi. U bir vaqtda 38 ta itning jilovini ushlab yurgan
19:18 / 19.10.2024