O‘zbekiston | 13:21 / 30.11.2021
11336
3 daqiqa o‘qiladi

SSV tibbiyot muassasalaridagi ortiqcha qog‘ozbozlikni qisqartirish choralarini ko‘rmoqda

Shifokor va hamshiralar 26 turdagi jurnal va 33 turdagi hisobot shakllari, qolaversa, bemorlar uchun o‘nlab turdagi blanklarni to‘ldirishga majbur bo‘layotgani ma'lum bo‘ldi. Tizimdagi qog‘ozbozlikni bartaraf etish uchun ishchi guruh tuzildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligida Toshkent shahridagi bir guruh tibbiyot xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda amaliyot uchun foydali bo‘lmagan, ortiqcha ovoragarliklar keltirib chiqarayotgan hujjat va hisobot shakllarini qayta ko‘rib chiqish masalasiga e'tibor qaratilgan.

«Tibbiyot muassasalarida hali-hanuz ortiqcha ovoragarchiliklar barham topgani yo‘q. Shifokorlar qabuliga kirish uchun bemorlar ba'zan soatlab navbat kutishiga to‘g‘ri kelmoqda. Chunki soha xodimlari zimmasidagi yuklamalar ko‘p. Ularning aksariyati qog‘ozbozlik bilan bog‘liq. 

Sog‘liqni saqlash vazirligida Toshkent shahridagi bir guruh tibbiyot xodimlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ana shunday holatlar muhokama qilinib, amaliyot uchun foydali bo‘lmagan, ortiqcha ovoragarchiliklarni keltirib chiqarayotgan hujjat va hisobot shakllarini qayta ko‘rib chiqish hamda qisqartirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Ma'lum bo‘lishicha, tibbiyot muassasalari shifokor va hamshiralari hozir 26 turdagi jurnallar, 33 turdagi hisobot shakllari hamda bemorlarga beriladigan o‘nlab turdagi blankalarni to‘ldirishga majbur bo‘lmoqda. 

Masalan, «Tibbiyot xodimlarining jarohat holatlarini qayd qilish jurnali»ga noxush vaziyatlar yuz bermasa, oylab, hatto yillab ehtiyoj bo‘lmasligi mumkin. Lekin hamshira ana shu hujjat turiga har kuni «Bugun ko‘ngilsiz holatlar sodir bo‘lmadi» degan mazmundagi qaydlarni kiritib borishi shart. 

Vaholanki, shifokorning eng asosiy vazifasi odamlarga shifo ulashishdan iborat. U buning uchun har bir bemorga o‘rtacha 15 daqiqa vaqt ajratishi kerak. Biroq amalda shundan ma'lum qismi hujjat to‘ldirishga sarflanmoqda.

Birlamchi bo‘g‘in xodimlari «Ambulator-poliklinika muassasasiga kelganlarni qayd etish jurnali» ham ortiqcha, degan fikrda. Negaki, aholi juda ko‘p murojaat qilgan pallalarda qabul bo‘limi hamshirasining mazkur jurnalni to‘ldirib o‘tirishi uzundan uzoq navbatlarni yuzaga keltiradi. Bu esa odamlarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. 

Qolaversa, bemorlar qabul bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tgach, shifokor huzuriga kirish uchun yana ro‘yxatga yozilishi zarur. 

Ushbu holatlarni bartaraf etish uchun ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganishlar olib borilmoqda. Jarayon yakunlangach, chiqariladigan xulosalar nafaqat tibbiyot xodimlari, balki aholi uchun ham foydali bo‘lishiga inonchimiz komil. Shunda shifokor va hamshiralar asosiy vaqtini hisobot-u hujjatlar to‘ldirishga emas, balki bemorlarni davolashga yo‘naltirish imkoniga ega bo‘ladi», deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid