O‘zbekiston | 14:07 / 01.12.2021
43488
17 daqiqa o‘qiladi

«Dunyo suvsiz qolsa, tuyaga ne g‘am» yoxud Suv xo‘jaligi vazirligi nega uyquda?

O‘zbekistonda suv resurslaridan foydalanish darajasi tahlikali nuqtaga yetgan bir paytda harakatlari tuyaga o‘xshab kelayotgan Suv xo‘jaligi vazirligi «panada va uyquda».

Fotokollaj: Kun.uz

Tuya — suvsizlikka eng chidamli, asosan cho‘llarda uchraydigan, og‘ir-bosiq va eng muhimi uncha-munchaga ovozi chiqavermaydigan jonivor.

Bugun biz harakat (harakatsizlik)lari bilan shu jonivorni eslatib yuboruvchi vazirlik haqida so‘z yuritamiz.

Quruq iqlimi tufayli hozirgi O‘zbekiston hududi har qanday sivilizatsiyaning yashab qolishi va taraqqiy etishi uchun asosiy omil bu suv resurslaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘lib kelgan.  Mintaqadagi dastlabki yirik shaharlar: Samarqand va Buxoro Zarafshon daryosi bo‘yida, Termiz, Urganch va Xiva Amudaryo bo‘yida barpo etilgani ham bejiz emas. Ushbu hududlardagi davlatlar suv tufayli mintaqada ustun mavqega ega edi, tarixan ham suv mintaqada barqarorlikni ta'minlashda eng muhim vosita bo‘lib kelgan.

Oxirgi yillarda suv manbalaridan noto‘g‘ri foydalanish natijasida turli jiddiy muammolar paydo bo‘lmoqda va Orol dengizining bugungi holati bunga ayanchli bir misoldir.

Qishloq xo‘jaligida suvning isrofi tufayli butun bir dengizdan mahrum bo‘lgan mamlakatmiz. Orol dengizining qurishi oqibatida O‘zbekistonning katta qismi cho‘llashishga mahkum bo‘ldi va bu jarayon hanuz davom etayotgani haqida takror-takror bong urilyapti.

Biroq amalda obihayotni tejash, undan oqilona foydalanish bobida holatimiz o‘ta yomon.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ekspertlarining hisobotlarida qayd qilinishicha, O‘zbekistonda suv resurslaridan foydalanish darajasi tahlikali nuqtaga yetgan. Mamlakat o‘z suv zaxiralarining 169 foizidan foydalanmoqda. Bu dahshatli ko‘rsatkich.

Xo‘sh, O‘zbekistonda suv manbalaridan to‘g‘ri foydalanish va ularning sarfi bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti hisoblangan Suv xo‘jaligi vazirligi nima bilan band?

Suv taqchilligi va suv zaxiralari shiddat bilan kamayib borayotgan bir paytda Suv xo‘jaligi vazirligi - tahdidlar haqida biror marta og‘iz ochmadi.

Vazirlikning rasmiy saytida berib borilayotgan yangiliklarning so‘nggi bir oyligiga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, asosan kadrlar malakasi oshirilayotgani, ko‘chat ekish ishlari bajarilayotgani, “ekskavatorchilikning mehnati og‘ir noni esa juda totli” ekani, qayerdadir o‘rdak boqish yo‘lga qo‘yilgani, qayerdadir suvchilarga qulay sharoit yaratilayotgani haqidagi xabarlarni uchratish mumkin.

Vazirlik ermak uchun tuzilmagan…

Davlat rahbarining tashabbusi bilan bejiz 2018 yil 12 fevralda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibidan ajratilib, alohida Suv xo‘jaligi vazirligi tuzilgani yo‘q. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad sohaga ilm-fan yutuqlari, suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, jamiyki suv resurslarining xavfsizligini ta'minlash edi.

«Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida belgilanishicha, vazirlikning asosiy vazifasi suv resurslarini boshqarish, suvlarning hisobi va balansini shakllantirish sohasida yagona siyosatni amalga oshirish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, suvlarning zararli ta'sirining oldini olish va bartaraf etish sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirishdan iborat.

Shuningdek, aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va atrof-muhitning suvga bo‘lgan muttasil oshib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun shart-sharoitlar yaratish, suv resurslaridan samarali foydalanishni ta'minlash ham vazirlik zimmasiga yuklatilgan.

To‘g‘ri, vazirlik o‘zining funksional vazifalari esga tushib, “tashvishli” bayonot ham bergan.

«O‘zbekistonda foydalanilayotgan jami suv resurslarining 20 foizi mamlakat ichkarisida, 80 foizi esa qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston hududida shakllanadi. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, so‘nggi 40 yilda Tojikistonda mavjud bo‘lgan 8 mingdan ortiq muzliklar maydonining 30 foizi, Qirg‘izistondagi 10 mingga yaqin muzliklar maydonining 16 foizi erib ketgan. Asriy muzliklarning qisqarish tendensiyasi davom etyapti. Shu bilan birga, oxirgi 20-30 yilda mintaqada yog‘ingarchilik miqdori ham sezilarli darajada kamaydi. Bu esa suv resurslari hajmiga o‘z ta'sirini ko‘rsatyapti. Yog‘ingarchilik nisbatan kam bo‘lgan 2021 yilda mamlakatimizda suv tanqisligining oldini olish, iqtisodiyot tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi va aholi tomorqalariga suvni yetkazib berish uchun Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan barcha zaruriy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda»,deyilgan bayonotda.

Bu bayonotni ham Energetika vazirligi tomonidan suv zaxiralari kamayishi gidroelektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarishning 23 foizga qisqarishiga sabab bo‘lgani haqidagi xabaridan keyin berishga majbur bo‘lishgan chamasi – ikki bayonotning orasi 14 daqiqa... Majburan taqdim qilinganga o‘xshaydi.

Xabar vazirlik saytida bor-yo‘g‘i 36 marta o‘qilgan, xolos.  Vazirlik bu bayonotini o‘zining telegramdagi rasmiy kanalida e'lon qilishni-da lozim topmagan.

Vazirliklardan qaysi birini tugatish bo‘yicha Xushnudbek.uz telegram kanalida o‘tkazilgan so‘rovnomada respondentlarning 34,9 foizi Suv xo‘jaligi vazirligini keraksiz deb hisoblashini bildirgan. Nega odamlar vazirlikka nisbatan bunday munosabatda?

Sohaga budjetdan trillionlab pul ajratiladi

Agar raqamlarga e'tibor qaratiladigan bo‘lsa, vazirlikka 2021 yilda 2,82 trln so‘m mablag‘ ajratilgan. 2022 yilda bu miqdor 3,44 trln so‘mgacha oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Taqqoslash uchun, kelayotgan yilda Sog‘liqni saqlash vazirligiga 3,06 trln so‘m pul ajratilishi kutilyapti.

Ko‘rib turganingizdek, vazirlik davlat budjetidan eng ko‘p miqdorda pul ajratilayotgan sohalardan biri hisoblanadi. Ammo ko‘zga ko‘rinadigan ishlarini deyarli kuzatmayapmiz.

Suv sarfi, ayniqsa behuda oqib ketayotgan suv ko‘lami shunchalar kattaki, uni kichik raqamlarda ifodalash imkonsiz. Million, milliardlab kub suv shunchaki oqizib yuboriladi. Negadir bunga vazirlik juda ham kam e'tibor qaratyapti.

Suv tanqisligi sharoitida ekinlarni ko‘llatib sug‘orish va suvni zovurga tashlab qo‘yishning har bir holati favqulodda vaziyat sifatida baholanishi kerak emasmi aslida. Ammo fermer xo‘jaliklarining asosiy qismida bunga deyarli amal qilinmaydi. Ba'zi oqova suv tanqis joylarda esa odamlar artizan qazib, ichimlik suv uchun yaroqli resurslardan ham ekinlarni sug‘orishda foydalanmoqda.

Noqonuniy karerlar muammosi

Karerlarning tinimsiz faoliyati natijasida daryolar yonidagi yashil tabiat maskanlari qurib boryapti, suv sathi pasaymoqda va aholi turli xil og‘ir muammolarga duchor bo‘lyapti. Xususan, aynan karerlar tufayli Zarafshon daryosida suv sathi pasayishi oqibatida Samarqanddagi qator hududlarda suv tanqisligi kuzatila boshlangan. Joylarda nafaqat ekin maydonlari, balki aholini ham suv bilan ta'minlashda jiddiy muammolar allaqachon boshlanib bo‘lgan. Ayrim aholi yashash punktlarida quduqlar quriy boshlagan. Markazlashgan ichimlik suv ta'minotida ham uzilishlar ortib bormoqda.

Zarafshon daryosi yoqalab, bir necha kilometr masofada daryoning istalgan joyi to‘silib, u yerdagi istalgan joydan tosh-shag‘al olinmoqda. Daryo suvi ayrim joylarda nihoyatda kengayib, ayrim joylarda qisqarib oqmoqda. Ba'zi joylarda suv qirg‘oqdan 200 metrgacha olislab ketgan, daryo o‘z o‘zanini o‘zgartirgan, qirg‘oqdagi dov-daraxt va butalar qurib, yo‘q bo‘lib ketmoqda. Zarafshon daryosi uzra solingan Samarqand shahri yaqinidagi ikkita ko‘prik ham cho‘kib, yangidan barpo qilindi. Bunga birdan bir sabab — daryo o‘zanidan xo‘jasizlarcha tosh-shag‘al qazib olinishidir.

Toshkentning asosiy suv manbayi bo‘lgan Chirchiq va Jizzaxning Sangzor daryolarida ham shu ahvol.

Ushbu holat yuzasidan Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan biror marta reyd tadbirlari o‘tkazilganligi, suv manbalariga zarar yetkazilishi  bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari o‘rganilganligi haqida ma'lumotlarga duch kelmadik. Vazirlik shu zaylda ishlashni davom etsa, hali-beri duch kelmasak ham kerak.

26 noyabr kuni AOKA majlislar zalida Ekologiya qo‘mitasi mutasaddilari jamoatchilikning doimiy e'tirozlariga sabab bo‘layotgan bo‘lsa-da, faoliyatini to‘xtatish borasida biror ish qilinmayotgan Zarafshon daryosidagi karerlar masalasiga to‘xtalib o‘tgandi.

«Karerlarning tinimsiz faoliyati natijasida daryo yonidagi milliy tabiat bog‘idagi daraxtlar qurib qolyapti. Lekin bundan ham xavfli bir holat borki, bu — ahvol shu zaylda davom etsa, daryoning chap tarafidagi suv to‘sqichlardan ham suv qochadi. Agar ulardan suv qochsa, Samarqand shahri suvsiz qoladi», — deya ta'kidlab o‘tgan Ekologiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Islombek Boqijonov. Suv xo‘jaligi vazirligi esa sukut saqlashda davom etmoqda.

Suv taqchilligi ortidan yuzaga keladigan tahdidlar

Birinchidan, qurg‘oqchilik va suv tanqisligi qishloq xo‘jaligi ekinlarining qisqarishiga va chorva mollarining nobud bo‘lishiga olib keladi.

Agar 2020 yildagi statistik ma'lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 26,1 foizi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaliklariga to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, respublika eksportining 30 foizdan ortig‘ini qishloq xo‘jaligi va suv resurslari bilan bog‘liq mahsulotlar tashkil etadi.

Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, qishloq joylardagi aholining 20 foizdan ko‘p qismi qishloq xo‘jaligidagi sohalar orqali ish bilan ta'minlangan va tirikchilik qiladi. Yildan yilga suv taqchilligi ortishi esa oziq-ovqat mahsulotlari narxi qimmatlashishiga, inflatsiya va ishsizlik ko‘rsatkichlari ortishiga olib keladi.

Ikkinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari suv resurslari nuqtai nazaridan ikkiga ajratiladi. Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi davlatlar «quyi oqim», Tojikiston va Qirg‘iziston esa «yuqori oqim» mamlakatlar sifatida ko‘riladi. Suv tanqisligining ortib borishi sabab yuqori oqimdagi davlatlar va quyi oqimdagi davlatlar o‘rtasida quyidagi masalalarda muammoli vaziyatlar yuzaga kelishi mumkin:

  • transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan bir tomonlama va kelishilmagan holda boshqarishga intilishning kuchayishi;
  • suvni tijoratlashtirish va unga tovar sifatida munosabat bo‘lish kayfiyatining ortishi;
  •  ichki energetik ehtiyojlarni ta'minlash uchun yuqori oqimdagi mamlakatlar tomonidan Amudaryo va Sirdaryoning asosiy transchegaraviy irmoqlarida yangi yirik gidroelektrik suv omborlarini qurish istagining oshishi.

Uchinchidan, o‘tgan asrning 60 yillarida suvga juda talabchan paxtaning ehtiyojlarini qoplash uchun intensiv sug‘orish tizimiga o‘tish natijasida Orol dengiziga quyiladigan ikki daryo suvi sezilarli darajada qisqardi va shu bilan dengizga suv tushmay qoldi. Dengizning qurigan qatlamidan kelib chiqqan chang va tuzli bo‘ronlar sug‘oriladigan yerlarga ham, aholi sog‘lig‘iga ham ta'sir qilmoqda va bu ichimlik suvi tanqisligi, xavfli kasalliklar tarqalishi, yashash sharoitlari og‘irlashishi natijasida aholi migratsiyasini yildan yilga kuchaytirmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, faqatgina Markaziy Osiyo davlatlarining birgalikdagi sa'y-harakatlari Orol dengizining yanada qurib ketishining oldini olishi mumkin. Afsuski, mintaqa davlatlari umumiy deklaratsiya va memorandumlarni imzolashdan nariga o‘tmayapti. Orol dengizi muammosini hal qilishdagi muvaffaqiyatsizliklarning asosiy sababi sifatida, uning asosan Qozog‘iston va O‘zbekiston hududida joylashgani va bu respublikalarning «ichki dengizi» hisoblanishi bilan izohlash mumkin. Qolgan respublikalar esa o‘zlarining ichki gidroenergetik siyosati va intensiv qishloq xo‘jaligini rivojlantirishdagi maqsadlari sabab yuzaga kelayotgan katastrofik vaziyatga yetarli darajada e'tibor qaratayotgani yo‘q.

Iqtisodiy taraqqiyot markazi direktori Yuliy Yusupovning fikricha, iqlim o‘zgarishi mintaqadagi asosiy daryolarga suv yetkazib beruvchi tog‘dagi muzliklarning erishiga olib kelmoqda. So‘nggi 50-60 yilda muzliklarning maydonlari taxminan 30 foizga qisqargan. Taxminlarga ko‘ra, o‘rtacha yillik harorat 2 darajaga ko‘tarilgan taqdirda muzliklar o‘z hajmining 50 foizini yo‘qotishi mumkin, harorat 4 darajaga ko‘tarilgan taqdirda esa — bu hajm 78 foizgacha yetadi. Natijada, mavjud suv resurslari hajmi ham qisqaradi.

Masalan, O‘zbekiston foydalanadigan suvning yillik hajmi so‘nggi yillarda o‘rtacha 51-53 mlrd kub metrni tashkil qiladi, bu esa o‘tgan asrning 80-yillariga qiyoslaganda 20 foizga kamdir. Shu bilan birga, mamlakat aholisi ushbu muddat ichida 1,5-2 baravar o‘sgan.

Yildan yilga o‘sib borayotgan suv tanqisligi muammosini ikki holat og‘irlashtiradi. Birinchidan, O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlardan keladigan suv ta'minotiga bog‘liqligi yuqori darajada (iste'mol qilinadigan suvning 80 foizi tashqaridan keladi). Shuning uchun ham suv tanqisligi muammosini ushbu davlatlar bilan kelishmasdan hal etib bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, O‘zbekistonda ichimlik suv juda samarasiz sarf qilinadi, ayniqsa, mamlakatdagi suv resurslarining 90 foizini iste'mol qiluvchi qishloq xo‘jaligida. Suv iste'molchilarga yetkazish vaqtida va iste'mol jarayonida ham yo‘qotiladi. Chunki o‘ta eskirgan va chirigan infratuzilma sababli sug‘orish tizimlaridagi yo‘qotishlar 35-40 foizni tashkil qiladi, sug‘oriladigan yerlarning juda kam qismida suv tejovchi texnologiyalar tatbiq etilgan.

Bu holatlarning birinchisi hukumatlararo masala bo‘lsa, ikkinchisi, aynan Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan bevosita qilinish kerak bo‘lgan ishlar qatoridagi eng ustuvorlari hisoblanadi.

Yana bir bor tuyaga qiyoslaganimiz – vazirlik haqida

Vazir Hamroyev Shavkat Rahimovich, 2018 yil 12 fevral beri suv xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlab kelmoqda. Uning 3 ta o‘rinbosari bor: Azimjon Nazarov (vazirning birinchi o‘rinbosari), Akmal Mirzayev, Rustam Qarshiyev. Bitta vazir o‘rinbosarining o‘rni ayni paytda vakant.

Shavkat Hamroyev

Shavkat Rahimovichning Yangi Zelandiyadan kelgan maslahatchisi ham bor – Jon Rayt. U davlat-xususiy sheriklik va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish ishlariga mas'ul.

(Chapdan) Azimjon Nazarov, Akmal Mirzayev, Rustam Qarshiyev va Jon Rayt.

Vazirlikning markaziy apparatida 82 ta xodim ishlashi ko‘zda tutilgan.

Hududlarning har birida Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, Meliorativ ekspeditsiyalar, Nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari kabi tashkilotlari bor va sohada minglab odamlar ishlashadi.

Birgina 2021 yil oktabr oyi ikkinchi yarmi uchun Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida ishlovchi xodimlarga 37 mlrd 626 mln so‘m mablag‘ ajratilgan (ma'lumot Moliya vazirligidan olindi).

Shu o‘rinda Suv xo‘jaligi vazirligiga bir nechta savol bilan murojaat qilmoqchimiz.  

Hurmatli Shavkat Rahimovich, 3 nafar o‘rinbosaringiz va xorijiy maslahatchingiz bilan kelajagi buyuk deb aytilayotgan O‘zbekiston xalqini suvsizlikdan qutqarish uchun nimalar qildingiz, nimalar qilyapsiz, nimalar qilmoqchisiz? Kelgusidagi ekologik xatarlarning oldini olish bo‘yicha hukumatga yoki davlat rahbariga qanday aniq rejalar kiritdingiz? O‘zbekiston aholisi uchun yana necha yillik suv zaxirasi qoldi?

Iltimos, shular haqida aniq va asoslantirilgan javoblar bersangiz. Zero, millionlab o‘zbekistonliklarning kelajakdagi osuda va farovon hayotiga ayni damda sizlar boshqalardan ko‘ra ko‘proq mas'ulsizlar.

PS: Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Kun.uz'ning intervyu berish haqidagi taklifiga rozilik bildirgan, biroq intervyu shu yilning bahoridan buyon ortga surib kelinmoqda.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid