Jahon | 17:22 / 01.12.2021
62892
13 daqiqa o‘qiladi

«Omikron»: Vahimaga hojat bormi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 24 noyabr kuni JARda qayd etilgan koronavirusning yangi varianti «Omikron» bilan bog‘liq umumiy global xavfni juda yuqori deb baholagan. 

Foto: EPA

JSST tashkilotning barcha 194 a'zosini xavf guruhida bo‘lganlarni emlashni jadallashtirishga hamda tibbiyot muassasalariga bo‘ladigan navbatdagi oqimga tayyor turishga chaqirdi.

Bugungi kunda kovidning yangi varianti tufayli birorta o‘lim holati qayd etilmagan bo‘lsa-da, JSST «omikron»da ro‘y bergan ko‘plab mutatsiyalar unga emlangan yoki kovidning boshqa shtammlariga chalinib tuzalgan odamlarning immun tizimini chetlab o‘tishga yordam berishi mumkinligini ta'kidlagan.

«Kasallikning qay darajada og‘ir kechishidan qat'i nazar, kasallanish holatlari soni ortishi sog‘liqni saqlash tizimlariga qo‘shimcha yuklama olib kelishi, bu esa o‘z navbatida o‘lim holatlari sonini ko‘paytirishi mumkin. Shuning uchun, ayniqsa vaksinatsiya darajasi past bo‘lgan mamlakatlarda xavf guruhiga mansub bo‘lganlar zarba ostida qolishi mumkin», deya ogohlantiradi JSST.

Bugungi kunda «omikron» qayd etilgan mamlakatlar soni 20dan oshdi: Avstraliya, Avstriya, Botsvana, Belgiya, Buyuk Britaniya, Braziliya, Daniya, Germaniya, Hongkong, Isroil, Italiya, Ispaniya, Kanada, Niderlandiya, Nigeriya, Portugaliya, Saudiya Arabistoni, Shvetsiya, Shveytsariya, JAR, Chexiya va Yaponiya.

Bayden vahima qilmaslikka chaqirmoqda

Foto: Getty Images

Yakshanba kuni Shimoliy Amerika hududida, Kanadada «omikron»ning ilk tashuvchisi qayd etildi, dushanba kuni esa AQSh prezidenti Jo Bayden bu shtamm «xavotirga sabab bo‘lishi, ammo vahima qilish kerak emasligi» haqida gapirdi.

Oq uyda chiqish qilgan Bayden «Omikron» AQShga ham kirib kelishidan qochib bo‘lmasligini aytgan.

AQSh dushanba kunidan quyidagi mamlakatlardan aviareyslarni bekor qildi: JAR, Botsvana, Zimbabve, Namibiya, Lesoto, Esvatini, Mozambik va Malavi. Jo Bayden bu taqiqlar orqali AQSh yangi shtammni o‘rganish uchun vaqtdan yutishi mumkinligini ta'kidladi.

«Bizda - dunyodagi eng yaxshi vaksina, eng yaxshi dori-darmonlar, eng yaxshi olimlar va biz har kuni o‘rganishda davom etamiz», degan AQSh prezidenti.

JSST ogohlantirishlariga qaramay, Qo‘shma Shtatlar qat'iy lokdaunga qaytmaydi.

«Hozircha vahimaga hojat yo‘q»
Nikolay Voronin, BBC’ning ilmiy masalalar bo‘yicha korrespondenti

PA MEDIA

Chegaralar zudlik bilan yopilganiga qaramay yangi shtamm bir hafta muddat ichida o‘nlab mamlakatlarga tarqalgani hayron qolarli holat emas. 

Ilmiy yondashuv oldingi kuzatuvlar natijalarini tahlil qilishga asoslanadi va shuning uchun doimiy o‘zgarishda bo‘lgan reallikdan ortda qoladi. Ayniqsa gap bir necha kundan keyin o‘zini namoyon qiladigan, ba'zi hollarda esa umuman simptomlarsiz qoladigan infeksiya haqida ketganda bu o‘rinlidir.

O‘tgan yil fevralida, JSST ekspertlari hamon Xitoy yangi kasallik tarqalishini o‘z hududida bo‘lmasa-da, Sharqiy Osiyo mintaqasidan tashqariga chiqarmaslikning uddasidan chiqishiga umid qilayotganida, virus, keyinroq ma'lum bo‘lganidek, allaqachon Amerikaga ham, Yevropaga ham yetib borgandi.

Hozirda ham aynan shu kabi holat bo‘lishi mumkin. Janubiy Afrikadan Niderlandiyaga kelgan ikki reys yo‘lovchilari bo‘lgan o‘nlab kishilarda yangi shtamm aniqlandi. Oy boshidan buyon JARdan Yevropaning o‘ziga taxminan 300 reys amalga oshirilgan - bu 100 mingga yaqin yo‘lovchi deganidir.

Shuning uchun, butun dunyoda chegaralar yopilishi va boshqa cheklov choralari kuchaytirilishidan maqsad - virus tarqalishini to‘xtatish emas (bu umuman imkonsiz ish), balki uning tarqalishini sekinlashtirish ekanini tushunish kerak. Vaqtdan yutish orqali yangi variantning xususiyatlarini yaxshiroq o‘rganish va uning avvalgi shtammlarga qaraganda qanchalik xavfli ekani, umuman xavfli yoki xavfli emasligi borasida xulosalar qilish mumkin bo‘ladi.

Hozirda mutaxassislar bir ovozdan hozircha vahima qilishga erta ekani haqida aytishmoqda. Bugungi kunda biz ushbu shtammga chalinganda kasallik og‘ir kechishi, o‘lim darajasi yuqori bo‘lishi va tabloidlar o‘quvchilarini qo‘rqitayotgan boshqa oqibatlar uyoqda tursin, hatto yangi variant nisbatan tez yuquvchan ekani haqida aniq ma'lumotga ega emasmiz.

Shu bilan birga, mavjud dalillar hozircha «ayblanuvchi» foydasiga emas. «Omikron»ni olimlar Janubiy Afrikada yangi to‘lqin boshlaganiga e'tibor qaratishganida aniqlashdi. Bu mamlakatda so‘nggi uch haftada yangi tashxis qo‘yilganlar soni 13 barobarga ko‘paydi - uch hafta oldin kunlik holatlar soni 275ta bo‘lgan, endilikda kuniga o‘rtacha 3700 holat.

Mantiqan taxmin qilish mumkinki, kasallik bunday avj olishi sababi - virus qobig‘idagi tojga o‘xshash tikanlar - spayk-oqsilda biryo‘la o‘ttiz mutatsiya borligi bo‘lgan, aynan shular virus inson hujayralariga kirib olishida yordam beradi. Shu bilan birga, bu versiya hozircha laboratoriya tekshiruvlarida rasman tasdiqlangani yo‘q, yangi to‘lqinni esa boshqa sabablar bilan ham izohlash mumkin.

Masalan, JARda katta yoshli aholining to‘rtdan bir qismi ham vaksina olmagan, shunday ekan, JSST bu mamlakatda kasallik avj olishi biror yirik ommaviy tadbir vaqtida ro‘y berganini ham istisno etmaydi.

Shuningdek, boshqa xavotirlar borasida ham taxminan shunday fikrlar bildirish mumkin: hozirda «omikron» o‘lim darajasini oshirishi ham, yangi shtamm vaksina hosil qilgan immun himoyasini chetlab o‘tishi ham hozircha ilmiy tasdiqlarga ega emas va yaqin haftalarda ham bunday tasdiq bo‘lishi dargumon.

Hozircha, ekspertlarning fikriga ko‘ra, aniq aytish mumkin bo‘lgan narsa shuki, «omikron» Covid-19ga chalinib bo‘lganlarga osonroq yuqishi kuzatilmoqda.

Ehtiyotkorona optimizm
Shu bilan birga, optimizm uchun bir necha sabablar mavjud. Birinchidan, JAR yangi patogenlarni aniqlash uchun yuqori darajadagi tizim va yaxshi jihozlangan laboratoriyalar evaziga «omikron»ni juda tez aniqlashga erishdi - bu esa o‘z vaqtida cheklov choralarini kiritish imkonini berdi, bu safargi choralar «alfa» va «delta» aniqlangan vaqtdagiga qaraganda samaraliroq bo‘lishi tayin.

Ikkinchidan, agar mavjud vaksinalar yangi variant bilan zararlanishga qarshi yetarli darajada samarali bo‘lmasa ham (bu hozircha taxmin, bu taxmin hozirda Pfizer/BioNTech laboratoriyalarida tekshirilmoqda), immun tizimining kasallikning og‘ir kechishi va o‘limdan himoyalash qobiliyati yuqoriligicha qoladi. Pfizer vakillari hatto 100 kun ichida yangi variantga moslashtirilgan yangi versiyadagi vaksinalarning ilk partiyasini yetkazib berishni va'da qilishgan.

Uchinchidan, dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, «Omikron»dan zararlanganda kasallik kechishi «Delta» bilan bog‘liq holatlardan yengilroq kechmoqda.

Reuters agentligi janubiy afrikalik shifokorlarga asoslangan holda xabar berishicha, bemorlarning shikoyatlari asosan bosh og‘rig‘i, toliqish va mushaklardagi og‘riqlar bilan bog‘liq. Yangi variant bilan zararlanish holatlarida hozircha ta'm sezish yoki hid bilish qobiliyati yo‘qolishi bilan bog‘liq alomatlar qayd etilmagan.

Ammo asosiysi - yangi kovid bemorlarining hech birida qondagi kislorod darajasi keskin pasayib ketish holati kuzatilmagan. Bu shuni anglatadiki, bemorni shifoxonaga joylashtirishga zarurat bo‘lmaydi: bunday holatda uyda davolanish ham mumkin.

Shu bilan birgalikda, JARda qayd etilgan holatlarning aksari 40 yoshgacha bo‘lgan kishilar bilan bog‘liq, bu yosh toifasidagilar esa Covid-19ni keksa yoshdagilarga nisbatan yengilroq o‘tkazadi.

Dunyoda yana nima gaplar?

Foto: Getty Images

Shtammning tezlik bilan keng tarqalishi ko‘plab mamlakatlar hukumatlarini zudlik bilan qo‘shimcha himoya choralarini ko‘rishga, birinchi navbatda chegarada nazoratni kuchaytirishga undamoqda.

Shotlandiyada olti kishida ushbu shtamm aniqlangach, birinchi vazir Nikola Sterjyen aholini uyalmaslikka va tez-tez test topshirishga chaqirdi. Ma'lum bo‘lishicha, kasallanganlarning ayrimlari safarlarga chiqmagan va uyidan uzoqlashmagan holda virus yuqtirib olgan. Shu bilan birga, ularning hech biriga statsionar davolanish (shifoxonada yotish) zarurati bo‘lmagan va barcha zararlanganlar o‘zini ihotalagan.

Sterjyen va uning uelslik hamkasbi Mark Dreyford rasmiy London xorijdan Buyuk Britaniyaga kirib keluvchilarga yangi, yanada qat'iyroq bo‘lgan talablar qo‘yilishini istashmoqda, ammo Dauning-strit hozircha keskin choralardan tiyilmoqda.

Ayni vaqtda shotlandiyalik shifokorlar kasallanish manbasini aniqlash uchun, shuningdek, yana kimlar kasallanishi mumkinligini hisoblash uchun bemorlarning barcha kontaktlarini kuzatmoqda. Yangi shtamm aniqlanganlar bilan so‘nggi kunlarda aloqada bo‘lganlarga vaksina olgan-olmaganidan qat'i nazar o‘zini 10 kunga ihotalash tavsiya etilmoqda.

Sterjyen yangi variant aniqlangan hududlarda qo‘shimcha testlar o‘tkazishni tashkillashtirishni va'da qilgan va infeksiya jilovlanishi yoki u keng tarqalib ketishi haqida gapirishga hali erta ekanini qo‘shimcha qilgan.

Niderlandiyada karantindan qochgan juftlik hibsga olindi

REUTERS

Niderlandiya politsiyasi Sxiphol aeroportida karantindan qochib, Ispaniyaga uchib ketmoqchi bo‘lgan juftlikni qo‘lga oldi.

Avvalroq Janubiy Afrikadan Amsterdamga uchib kelganlardan 13 nafarida olingan test namunalari ularda koronavirusning yangi varianti borligini ko‘rsatgandi.

Hukumat karantindan qochmoqchi bo‘lgan juftlik (Ispaniya va Portugaliya fuqarolari) ham Afrikadan kelganiga aniqlik kiritmagan, ammo karantinni ular ham JARdan kelgan yo‘lovchilar bilan bir joyda o‘tayotgan bo‘lgan. Qoidabuzarlar karantin to‘g‘risidagi qonunni buzgani uchun sud qilinadi.

Niderlandiyada pandemiya boshidan buyon kovid bilan bog‘liq o‘lim holatlari soni 20 mingdan oshgan, bu o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha G‘arbiy Yevropadagi eng past ko‘rsatkichdir.

Avstraliya chegaralarini ochishga shoshilmayapti

Avstraliya besh nafar yo‘lovchida yangi variant aniqlangach, mamlakatga keluvchi xorijliklar uchun bo‘lgan cheklovlarni yumshatishga shoshilmaslikka qaror qildi.

Sidneydagi xalqaro aeroportda yo‘lovchilar reysga chiqishdan oldin tekshirilmoqda

1 dekabrdan mamlakatga emlangan mehnat muhojirlari va xorijlik talabalarni kiritish mo‘ljallanayotgandi, ammo «omikron» paydo bo‘lishi bosh vaziri Skott Morrisonni choralar yumshatilishini ikki hafta keyinga surishga majbur qildi.

Yaqin vaqtlargacha Avstraliyada dunyodagi eng qat'iy nazorat tekshiruvlari saqlanib qolayotgandi, unga ko‘ra mamlakat fuqarolariga ham jiddiy sabab ko‘rsatilmaganda xorijga chiqish taqiqlangandi.

Rasmiylar Avstraliya qal'asi taktikasini infeksiyani jilovlashdagi ahamiyatini yuqori baholashgan, ammo bu choralar jamoatchilikda noroziliklar keltirib chiqargan - bu choralar ko‘plab oilalarni ko‘p vaqtga bir biridan ayro qildi.

Shu bilan birgalikda, choralar yumshatilishini kechiktirishga qaror qilingani hukumat qat'iy choralarni qaytarmoqchiligini anglatmaydi. Bugungi kunda Avstraliya o‘z fuqarolarini mamlakatga kiritadi, shuningdek, Yangi Zelandiya va Singapurdan ham vaksina qabul qilgan sayohatchilar kelishiga ruxsat bor.

Dushanba kuni Yaponiya ham JSSTning «omikron»ning global tahdidi haqidagi ogohlantirishiga reaksiya berib, barcha xorijliklarga mamlakat hududiga kirishni taqiqladi, ko‘p o‘tmay mamlakatga yangi variant kirib bo‘lgani ma'lum bo‘ldi.

Bosh vazir Fumio Kisida bu choralar qachongacha amal qilishiga aniqlik kiritmagan, ammo u jurnalistlarning savollariga javoban uni «haddan tashqari ehtiyotkor» deb ataguvchilar bilan bahslashishga tayyorligini bildirgan

«Bu vaqtincha, istisno tarzidagi xavfsizlik choralari, biz bu choralarni «omikron» to‘g‘risida batafsil ma'lumotlar paydo bo‘lguniga qadar kiritdik», degan u.

Mavzuga oid