Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiya prezidentligiga nomzod hujumga uchradi
Fransiya prezidenti lavozimiga nomzod, jurnalist Erik Zemmur 5 dekabrda saylovoldi namoyishi vaqtida hujumga uchradi. Voqea Parij yaqinidagi Vilpent kommunasida yuz berdi, deb xabar berdi BFMTV telekanali.
Zemmur tansoqchilari va jurnalistlar hamrohligida minbarga yo‘l olayotganda unga olomon orasidan bir erkak hujum qilgan. U Zemmurning boshidan ushlab, uni yerga yiqitmoqchi bo‘lgan. Xavfsizlik xizmati xodimlari aralashuvi bilan erkakning rejasi amalga oshmagan. Erkak qasddan hujum qilish ayblovi bilan hibsga olingan.
Politsiyada ma'lum qilinishicha, Zemmurga hujum qilgan erkakning shaxsi aniqlangan. Ta'kidlanishicha, u bungacha ham turli qoidabuzarliklar sodir etgan. Erkakning xatti-harakatlari sababi hozircha noma'lum.
Bundan tashqari, namoyish vaqtida jurnalistning tansoqchilari SOS Racisme uyushmasi faollari bilan mushtlashib ketgan. Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, tadbir davomida 12 nafar faol “Irqchilikka yo‘q!” deb hayqira boshlagan va tartibsizlik keltirib chiqargan. Natijada uyushma vakillari tadbirni tark etgan.
30 noyabrda 63 yoshli Erik Zemmur Fransiya prezidenti lavozimiga nomzodini ilgari surishini e'lon qildi. Jurnalist o‘ta radikal siyosiy qarashlarga ega bo‘lib, migrantlarni o‘z yurtlariga qaytarish tarafdori hisoblanadi. Jumladan, u Fransiyadan 2 mlnga yaqin xorijlikni chiqarib yuborishga chaqirgan. Bungacha Zemmur irqiy va diniy adovatni qo‘zg‘ashda 2 marta aybdor deb topilgan. Jurnalistning ba'zi raqiblari uni “irqchilik va fashizm”da ayblaydi.
Zemmur Quotidien de Paris va Le Figaro nashrlarida, France 2 va Cnews telekanallaridagi faoliyati sababli Fransiyada ma'lum mashhurlikka ega. U Vilpentdagi uchrashuvda Fransiyani NATOdan olib chiqmoqchi ekanini aytgan.
Ayni vaqtda Fransiya prezidenti lavozimiga nomzodlar ro‘yxatiga 40 nafardan ko‘proq kishi kirgan. Mamlakatda navbatdagi prezident saylovlari 2022 yil apreliga belgilangan.
Mavzuga oid
20:15 / 27.05.2025
Fransiyada kriptomillionerlarni o‘g‘irlash ishi bo‘yicha 20 dan ortiq shaxs hibsga olindi
14:00 / 27.05.2025
Parij Makronning xotinidan tarsaki yegani aks etgan kadrlarga izoh berdi
21:53 / 26.05.2025
Tramp Putinning yolg‘on gapirayotganini biladi – Makron
16:40 / 26.05.2025