Jahon | 22:29 / 06.12.2021
9609
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston Rossiyaning “Kalashnikov” kompaniyasi bilan 590 million dollarlik shartnoma imzoladi 

Hindiston va Rossiyaning “Kalashnikov” kompaniyasi 590 million dollarlik shartnoma imzoladi. Unga ko‘ra, kompaniya Hindiston hududida AK-203 avtomatlarini ishlab chiqaradi.

Foto: RIA Novosti

Ushbu avtomatlar bilan Hindiston kuch tuzilmalari qurollantiriladi. 

Shartnoma Rossiya va Hindiston mudofaa vazirlari uchrashuvi doirasida imzolangan. “Kalashnikov” kompaniyasi bosh direktori Vladimir Lepinning ta'kidlashicha, avtomatlar ishlab chiqarilishi Korva shahridagi qo‘shma korxonada yo‘lga qo‘yiladi. Shartnomaga ko‘ra, 600 mingdan ko‘proq avtomat ishlab chiqariladi. 

Ushbu korxonani qurish haqidagi kelishuv 2019 yilda tuzilgan. Uttar-Pradesh shtatida joylashgan korxonaning ochilishida shaxsan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ishtirok etgan.

Hindiston Rossiya qurolining asosiy xaridorlaridan biri hisoblanadi. Ayni vaqtda Hindistonning Rossiyadan buyurtirgan quroli umumiy qiymati 15 mlrd dollarga yaqinni tashkil qiladi. Umuman olganda, Hindiston 1991 yildan beri Rossiyadan 70 mlrd dollarlik qurol buyurtirgan.

2018 yilda Hindiston Rossiya bilan S-400 zenit-raketa majmualarini yetkazish bo‘yicha 5,43 mlrd dollarlik shartnoma imzolagani ma'lum qilingandi. 2021 yil 15 noyabrda “Rosoboroneksport” rahbari Aleksandr Mixeyev Hindistonga ushbu majmualarni yetkazish boshlanganini ma'lum qilgan. Shartnomaga ko‘ra, Dehli Moskvadan 5 ta S-400 polk komplektini oladi. Yil oxirigacha Hindistonga birinchi shunday komplektni yetkazish rejalashtirilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, AK-203 avtomati kalibri 7,62 mmni, og‘irli 3,8 kgni tashkil qiluvchi zamonaviy o‘qotar qurol bo‘lib, uning o‘qdoni 30 ta patronga mo‘ljallangan.   

6 dekabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Hindistonga amaliy tashrif bilan keldi. Bu Rossiya yetakchisining pandemiyadan keyingi ikkinchi xorijiy safari hisoblanadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid