Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Mahalliy olimpiadalarda nohaqliklar bo‘lgani sir emas” - Fan olimpiadalarida shaffoflik haqida departament fikri
Mahalliy olimpiadalarda shaffoflikni oshirish maqsadida inson omili kamaytiriladi. Bu haqida Xalq ta'limi vazirligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti direktori Umid Rahmonov ma'lum qildi.
Umid Rahmonov 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab maktab olimpiadalari maktablarda sentabr, tumanlarda oktabr, viloyatlarda noyabr oylarida o‘tkazilayotganini aytdi.
“Respublikamizda o‘tkaziladigan fan olimpiadalarida shaffoflikni oshirish, inson omilini kamaytirish uchun harakat qilyapmiz. Tuman va viloyat bosqichidagi olimpiadalarda respublikadagi barcha o‘quvchilar uchun bir xil test topshiriqlari beriladi. Departamentimiz tomonidan bu savollarning maxfiyligi inobatga olingan.
O‘quvchilar savollarga javob yozishgach, tekshirishdan avval ularning ishlari tasvirga olinib har bir hududning telegram kanaliga joylanadi. Shundan so‘ng savollarning javoblari ham kanalga yuboriladi. Bu orqali istagan shaxs to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirokchilarning javoblarini bilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu tizim yo‘lga qo‘yilgan olimpiadalarda yuz berayotgan nohaqliklar yoki tushunmovchiliklar yuzasidan keladigan murojaatlar soni keskin kamaydi”, — deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Umid Rahmonovning ta'kidlashicha, bu tizim butun respublika bo‘ylab olimpiadada ishtirok etayotgan o‘quvchilarning bilim darajasini baholash uchun ham imkoniyat yaratadi.
“Muammo qayerda edi? Olimpiadalarda hakamlar tomonidan sun'iy ravishda baholarni oshirish, o‘z o‘quvchisiga yon bosish holatlari kuzatildi. Shunday vaziyat aniqlanib hakamlikda ishtirok etgan o‘qituvchi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish holatlari ham uchradi. Yangi tizim bo‘yicha esa barcha ishtirokchi o‘quvchilar o‘z ballarini tahlil qilish bilan birga, boshqa raqiblarining natijalarini ham ko‘ra oladi va hech qanday e'tirozga o‘rin qolmaydi”, — dedi departament direktori.
Ma'lumot uchun, bu yilgi mahalliy fan olimpiadalarida 1,1 mln nafar 9-, 10-, 11-sinf o‘quvchilari ishtirok etgan va respublika bosqichida ularning 46 nafari g‘olib bo‘ldi.
Mahalliy fan olimpiadalarining viloyat va respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan 9–11 sinf o‘quvchilarini rag‘batlantirish uchun moliyaviy mablag‘lar ajratish yo‘lga qo‘yildi. Ular 1-o‘ringa bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravari miqdorida, 2-o‘ringa 4 baravari, 3-o‘ringa 3 baravari miqdorida rag‘batlantiriladi.
Mavzuga oid
09:10 / 24.05.2025
Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari uchun mukofot puli miqdori oshirildi
17:28 / 28.03.2025
«El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali xorijda o‘qiganlar ishga tanlovsiz olinadi
21:42 / 04.09.2024
Maktablarning bo‘sh yerlarida DXSh asosida bog‘cha qurishga ruxsat beriladi
18:19 / 25.05.2024