Jamiyat | 12:31 / 06.12.2021
34424
6 daqiqa o‘qiladi

O‘qishdan “yiqilgan” SamDU talabalari imtihon natijasidan norozi. “Vedomost”dagi baholar o‘zgartirilgan bo‘lishi mumkin

SamDU matematika fakultetining kechki bo‘limida tahsil olayotgan bir guruh talabalar 2020-2021 o‘quv yilida yakuniy imtihonlardan o‘tolmagani sababli kursda qoldirilgan. Masala shundaki, talabalar imtihon baholari qo‘yiladigan maxsus muhrlangan qog‘oz bo‘yalgani va baholar o‘zgartirib qo‘yilgani haqida ma'lum qilishdi.

Foto: Kun.uz

Talabalar imtihon natijalari shaffof emasligi, fakultet dekani o‘rinbosari Shahzod Qurbonov imtihon jarayonida yolg‘iz o‘zi qatnashgani, imtihon natijalari o‘z vaqtida ma'lum qilinmagani kabi iddaolar bilan rektoratdan tortib, oliy ta'lim vazirigacha yozishgan.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Kun.uz’ga taqdim qilingan suratlarda baholar aks etgan vedomostning holati haqiqatan ham shubhali – baholar yonida dastlab yozuv bo‘lib, keyin o‘chirilgandek tasavvur uyg‘onadi. Holat bo‘yicha Samarqand davlat universiteti matematika fakulteti dekani Haydar Ro‘zimurodovdan izoh oldik.

Fakultet dekani vaziyatdan xabardorligi va talabalarning e'tirozidan so‘ng shaxsan o‘zi holatni o‘rganib chiqqanini bildirdi.

Foto: Kun.uz

“2020-2021 o‘quv yilida kechki bo‘limda tahsil olayotgan 3-kurs talabalarining 25 nafari kursdan kursga qoldirildi. Shundan sakkiz nafari to‘rt va undan ko‘p fanlardan qarzdorlikka ega. Talabalarni kursda qoldirishga asos bo‘lgan hujjat oliy ta'lim vazirining 2018 yil 9 avgustdagi “Oliy ta'lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risidagi nizom” hisoblanadi. Qolgan 17 nafar talaba to‘rttadan kam qarzdorlikka ega bo‘lgan va ularga nizomda ko‘rsatilgan muddat berildi. Ular ikki martadan imtihon topshirishdi. Ammo qoniqarsiz baho olishgani uchun 2021 yilning 30 oktyabrida rektorga bildirishnoma berdim va rektor buyrug‘i bilan kursdan qoldirildi.

Talabalarning yozma ishlaridagi baholar asosiy baho hisoblanib, o‘sha natija talabalarning baholarini qayd etish qaydnomasiga ko‘chiriladi. Demoqchimanki, imtihon natijasi o‘zgartirilgan degan gaplar asossiz. Chunki shaxsan o‘zim yozma ish va vedomostga qo‘yilgan baholarni solishtirib chiqib, ularning to‘g‘ri qo‘yilganiga ishonch hosil qildim”, dedi Ro‘zimurodov.

Dekanning qo‘shimcha qilishicha, talabalarga baholar ma'lum qilingach, ayrimlar olgan natijasiga e'tiroz bildirmagan. Ammo “yiqilgan” talabalarning ba'zilari imtihon natijalaridan qoniqmayotganini bildirib, bir necha joyga murojaat qilishgan.

Talabalarning yana bir e'tirozi – dekan o‘rinbosari Shahzod Qurbonovning yakuniy imtihondagi ishtiroki bo‘yicha e'tiroz ham qoidaga zid emasligi ma'lum qilindi.

“Chunki u yakuniy nazoratlarning shaffof va adolatli o‘tishini ta'minlash maqsadida tuzilgan ishchi guruh a'zosi”, dedi dekan.

Ammo negadir talabalar imtihonda Qurbonovning o‘zigina ishtirok etganidan norozi bo‘lyapti.

Foto: Kun.uz

Umuman olganda, dekan talabalarning kursda qoldirilishi adolatsiz qaror emasligiga urg‘u berar ekan, imtihonda yozilgan ishlar va vedomostda qayd etilgan baholar bo‘yicha fakultetning matematik fizika va funksional analiz kafedrasida tashkil etilgan komissiya xulosasini ko‘rsatdi. Demak, bu yerda fakultetning o‘z jamoasidan iborat komissiya xulosasigagina tayanilyapti.

Foto: Kun.uz

Dekan taqdim qilgan vedomost qog‘ozlarni ko‘zdan kechirish asnosida haqiqatan ham dastlab qalam bilan baho qo‘yilgani va keyin o‘chirilgani ko‘rinib turibdi. Bizni shubhalantirgan holat – ikki talabaga dastlab qalam bilan “2” bahosi qo‘yilgani, ammo ruchkada “3” qayd etilgani bo‘ldi. Ya'ni bu vedomostda baholar pasaytirilmagan, aksincha, ko‘tarib qo‘yilgan, degan taxmin yuzaga keladi. Shundan so‘ng dekan vedomostga qo‘yilishiga asos bo‘lgan baholar talabaning yozma ishi natijasi, degan gapiga tayanib, o‘sha ishlarni ko‘zdan kechirdik. Buni qarangki, aynan vedomostda baholari ko‘tarib qo‘yilganiga shubha uyg‘otgan o‘sha ikki talabaning yozma ishi natijasi ham bo‘yalgan. Dekan buni tabiiy qabul qilgan bo‘lsa-da, boshqa biror talabaning yozma ishida bunday tasodifga guvoh bo‘lmadik.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Universitetning korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi rahbari Ro‘ziqul Abriyev ham bu holatdan xabardor ekanini ma'lum qildi. U bizni shubhalantirgan holatlarga o‘zi ham guvoh bo‘lgani va e'tirozlarini bildirganini aytdi. U “qizil” muhrli vedomostlarga qalam bilan yozish yoki bo‘yash mumkin emasligini ta'kidladi.

Gapning lo‘ndasini aytganda, bugun e'tiroz qilayotgan talabalar “besh”ga munosib, degan fikrdan yiroqmiz. Ular bir necha fanlarni o‘z vaqtida o‘zlashtira olmagani ham haqiqat. Talabalar yana ortiqcha kontrakt puli to‘lash muammosi sabab og‘rinyapti.

Ammo ularning vedomost bilan bog‘liq shubhalari va e'tirozlarini ham e'tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Chunki unga bo‘yab o‘zgartirish kiritilgani ekspertiza xulosasisiz ham ko‘rinib turibdi. Vedomostga bir necha marta tuzatish kiritilgan. Yozma ishlar ham shunga monand bo‘yalgan. Bu e'tirozlarni o‘rgangan komissiya ham aynan shu fakultetning o‘z jamoasidan tuzilgan.

Xo‘sh, bugun hikoya qilingan vaziyatda talabalar haqmi yoki universitet vakillari? Bu savolga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligidan javob kutib qolamiz.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri,
Suratlar muallifi Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid